BBC navigation

Imomali Rahmon: tojikistonliklar uyida davlat bayrog‘i bo‘lishi kerak

Сўнгги янгиланиш 26 ноябр 2012 - 15:45 GMT

Prezident Imomali Rahmon vatanga muhabbat ramzi sifatida davlat bayrog‘ini uylarga osishga chaqirgan.

Tojikiston Prezidenti xalqini uylarida davlat bayroqlarini osib qo‘yishga va davlat bayrog‘i ramzi tushirilgan nishonlarni taqib yurishga chaqirgan.

Imomali Rahmonga ko‘ra, bu vatanga muhabbat va hurmat ma‘nosini anglatib turadi.

"Vatanga muhabbat va e‘zozni namoyon etishning eng yaxshi belgisi har bir odamning ko‘ksida bayroq aksi bor nishonlar bo‘lishi, uy va ish joylarida davlat bayroqlari osib qo‘yilishidir", - deb aytgan Tojikiston Prezidenti shanba kuni Milliy bayroq kuni munosabati bilan televideniye orqali qilgan murojaatida.

Janob Rahmonning so‘zlariga binoan, rivojlangan davlatlarning fuqarolari uyida kamida bitta milliy bayroq bo‘lishiga intiladi.

"Shu sababli, biz ham bunday tashabbuslarni keng qo‘llashimiz lozim. Bu milliy o‘zligini anglash va milliy davlatchilikni rivojlantirishga bevosita hissa qo‘shadi", - deb ta‘kidlagan Tojikiston rahbari.

Prezident Rahmon qayd etishicha, davlat bayrog‘iga hurmatni ko‘rsatish "jamiyatning har bir a‘zosining tarixiy va fuqarolik burchi hisoblanadi". "Biz doimo milliy bayrog‘imiz har bir fuqaroda davlat uchun faxr tuyg‘ularini uyg‘otishiga va milliy mustaqillikni mustahkamlashiga erishishimiz lozim", - deb qo‘shimcha qiladi Tojikiston prezidenti.

Tojikistonda Milliy bayroq kuni munosabati bilan 8500 kishilik bayram marshi o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Asosiy bayram tadbirlari dunyodagi eng baland bayroq o‘rnatilgan maydonda bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, tadbir doirasida 35 km masofaga mo‘ljallangan velomarafon o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bayram tantanalari tufayli Dushanbe shahridagi bir qancha markaziy yo‘llar yopilishi aytilgan.

Tojikistonda Davlat bayrog‘i kuni 2009 yildan buyon Imomali Rahmon tashabbusi bilan o‘tkazib kelinadi.

Tojikiston milliy bayrog‘i tikilgan ustunning balandligi 165 metr bo‘lib, bayroq uzunligi 60 eni esa 30 metrga yetadi.

Qizil, yashil va oq ranglari bo‘lgan Tojikiston bayrog‘i 1992 yil 24 noyabrda mamlakat Oliy kengashi sessiyasida qabul qilingan.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.