BBC navigation

Gulnora Karimova gaz va elektr muammosini yechib bera oladimi?

Сўнгги янгиланиш 28 ноябр 2012 - 16:38 GMT

Mahalliy hokimiyatdan umidi qolmagan aholi Gulnora Karimovaga yuzlanmoqda

Prezident Karimovning to‘ng‘ich qiziga Twitter mikroblog sahifasi orqali murojaat qilgan farg‘onaliklardan biri Gulnora Karimovadan gaz va elektr muammosini yechishda yordam so‘ragan.

Shohruhmirzo ismli "Twitter" foydalanuvchisining murojaatiga javoban Gulnora Karimova 239 29 65 raqamli telefonga bog‘lanishni maslaxat bergan.

BBC Karimova xonim Twitterda qoldirgan telefon raqamiga bog‘landi.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu Karimova xonim raisi bo‘lgan "Fond Forum"ning hamkor tashkilotlaridan biri ekan.

"Ijtimoiy mas‘uliyatli fuqarolar forumi" deb nomlangan tashkilot mutaxassisi Abror Ismoilovga ko‘ra, Gulnora Karimova ushbu nohukumat tashkiloti jamoatchilik kengashining ham raisi hisoblanadi.

Janob Ismoilov Karimova xonimning tvitidan so‘ng yaypanlik Shohruhmirzo ismli "Twitter" foydalanuvchisiga Forum raqamlari berilgani va unga Farg‘onadagi matbuot markaziga bog‘lanish tavsiya etilganini tasdiqladi.

Ammo uning aytishicha, hozircha Shohruhmirzo Gulnora Karimovaga arz etgan gaz va elektr taqchilligi muammosi yuzasidan shaxsan murojaat qilmagan.

"Bizda ularning kontakti bo‘lmagani uchun biz "Twitter" orqali Qo‘qon yoki Farg‘onadagi axborot markazimizga murojaat etishlarini so‘radik", - deydi Abror Ismoilov.

Ammo ayni paytda Forum vakili fuqarolarning gaz yoki elektr ta‘minoti muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechib berolmasliklarini aytdi.

"Buning uchun "O‘zbekneftegaz" yoki boshqa shunga o‘xshash tashkilotlar bor", - dedi Abror Ismoilov.

Uning BBCga aytishicha, bu kabi ijtimoiy muammolarni hal etish uchun odamlar "Ijtimoiy mas‘uliyatli fuqarolar forumi"ga aniq loyiha bilan murojaat qilishlari kerak.

Forum vakili shunday loyihalardan ikkitasi Qoraqolpog‘istonda amalga oshirilganini urg‘uladi.

"Masalan, biz mahalladagi uylarning tomiga quyosh batareyasi o‘rnatmoqchimiz, deganga o‘xshash takliflar bo‘lgan va biz yordam berganmiz", - dedi Abror Ismoilov.

Uning aytishicha, "Ijtimoiy mas‘uliyatli fuqarolar forumi" so‘nggi ikki yilda shaxsan Gulnora Karimovaning topshirig‘iga binoan respublika bo‘ylab gaz va elektr ta‘minoti yuzasidan monitoring olib bormoqda.

BBC bilan suhbatda Forum vakili ushbu monitoring natijalari haqida keyinroq matbuotga ma‘lumot berishga tayyorliklarini bildirdi.

So‘nggi umid?

So‘nggi bir necha yil mobaynida qish mavsumida davomli gaz va elektr taqchilligidan azob chekib kelayotgan o‘zbekistonliklarning Prezidentning qudratli deb ishoniladigan to‘ng‘ich qiziga yuz burishlari, kuzatuvchilar nazarida aholining qanchalar chorasiz ahvolda ekanini ko‘rsatadi.

Mahalliy xokimiyat, "Raygaz", "Oblgaz", "Elektroset" singari tashkilotlarga murojaat kilaverib, charchagan odamlar, aftidan, Gulnora Karimovani so‘nggi umid sifatida ko‘rishadi.

Ammo hozirgacha turli-tuman xayriya tadbirlariga bosh-qoshlik qilib kelayotgan Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi jiddiy ijtimoiy muammolarga mudoxala qilgani kuzatilmagan.

Uning "Fond Forum"i o‘tkazayotgan tadbirlarning aksariyati, ko‘pchilik nazarida O‘zbekistondagi haqiqiy voqe‘lik va oddiy odamlarning muammolaridan uzoq.

Tahlilchilar "Twitter"dagi so‘nggi muloqot Prezident Islom Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘riladigan Gulnora Karimovaning oddiy xalq orasidagi obro‘sini ko‘tarish urinishi bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmaydilar.

Agar Karimova xonim, haqiqatan ham alohida olingan bir qishloq yoki tuman misolida gaz va elektr muammosini hal qilib berolsa, bu bir pretsedent bo‘lur edi.

Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yillar davomsida yechilmay kelayotgan O‘zbekistonda odamlar Gulnora Karimovani bu kabi ijtimoiy nakazlar bilan ko‘mib tashlashlarini taxmin qilish mumkin.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


Гастербайтер, Тезак ёкар юртдан: Эркин Вохидов шери Шерали Жураев кушиги. Уз газини четка сотиб тезак ёккан Узбегим. Насиб киса Мустакилликни 30йиллигини Сахрои кабирда байрам киламизда а? Бор дарахтни кесиб ёкяпмиз бориб бориб хечтима комедию бу кетишда. Соглом авлодга касал ватан колади шу. У дунёга хечтима обкетомесанлар нимага хеч тоймесан а?


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.