BBC navigation

Ruslan Chagayev janggi qoldirilmaydi, faqat raqibi o‘zgaradi

Сўнгги янгиланиш 28 ноябр 2012 - 15:10 GMT

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, kelasi yil kuz oylarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushmoqchi

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev 1 dekabr kuni olmoniyalik yangi raqibi Yoqub Sog‘lomga qarshi qit‘alararo chempionlik kamari uchun ringga tushadi.

Bu haqda BBC O‘zbek Xizmatiga Dyusseldorfdagi boks kechasiga bosh-qoshlik qilayotgan Sturm Box-Promotion olmon klubi vakili ma‘lum qildi.

Dastlab Ruslan Chagayevning kubalik bokschi Mayk Peres bilan jang o‘tkazishi rejalangan, ammo shu dam olish kunlarida uning yelkasidan jarohat olgani ma‘lum bo‘lgandi.

Sturm Box-Promotion klubining bildirishicha, jangga bor-yo‘g‘i bir hafta qolgan paytda Ruslanga yangi raqib topish oson bo‘lmagan.

Ayon bo‘lishicha, asli turkiyalik bokschi Yoqub Sog‘lom bilan bu xususdagi kelishuvga kecha - seshanba kuni erishilgan.

Ruslan Chagayev esa, kubalik raqibiga qarshi jang olib borish uchun bir necha oydan buyon Amerikaning Detroyt shahrida tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Yoqub Sog‘lom

O‘zbekistonlik dongdor bokschining bo‘lajak raqibi so‘nggi jangini bundan olti oy burun o‘tkazgan

O‘zbekistonlik dongdor bokschining bo‘lajak raqibi so‘nggi jangini bundan olti oy burun o‘tkazgan.

Orada tirsagidan olgan jarohati bois, ikki marotaba jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan.

Boxen-Heute.de internet nashri keltirgan iqtibosga tayanilsa, Yoqub Sog‘lom, "tezroq reytingini yaxshilash istagida va yaxshi formada emasligi, ochkolar hisobiga ham g‘olib chiqishiga ko‘zi yetmayotgani bois, Ruslan Chagayevga qarshi jangini nokaut bilan yakunlashga asosiy e‘tiborini qaratmoqda".

35 yoshli bokschi professional ringda 29 ta jang o‘tkazgan, shundan 28 tasida g‘olib chiqqan va faqat bir bor mag‘lubiyatga uchragan, xolos.

Ruslan Chagayev

Bu - 34 yoshli Ruslan Chagayevning o‘tgan yil avgust oyida jahon chempionligi kamarini rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga yutqazib qo‘yishi ortidan o‘tkazayotgan to‘rtinchi janggi bo‘ladi.

Ruslan shu yil hisobidan o‘tkazgan har uch reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

O‘zbekistonlik bokschi qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, kelasi yil kuz oylarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushmoqchi.

Ruslan shu yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va oxirgi jangini ham erkin agent maqomida o‘tkazgandi.

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 33 ta jang o‘tkazgan, shundan 30 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

Agar shu yilning iyul oyi ma‘lumotlariga qaralsa, so‘nggi jangiga qadar Ruslan Chagayev WBA reytingida 7-o‘rinni egallab turgandi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.