BBC navigation

Luiz Felipe Skolari yana Braziliya jamoasi bosh murabbiysi

Сўнгги янгиланиш 30 ноябр 2012 - 13:33 GMT

Braziliya o‘zi mezbonlik qilayotgan 2014 yilgi jahon chempionatiga ham janob Skolari bosh murabbiyligi ostida maydonga tushadi

Braziliya Futbol Konfederatsiyasiga tayanib tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, "Bunyodkor" sobiq bosh murabbiysi yana o‘z milliy terma jamoasiga qaytadi.

Luiz Felipe Skolari o‘tgan hafta vazifasidan chetlatilgan Mano Menezesning o‘rnini egallaydi.

Braziliya o‘zi mezbonlik qilayotgan 2014 yilgi jahon chempionatiga ham janob Skolari bosh murabbiyligi ostida maydonga tushadi.

Luiz Felipe Skolari bundan avval ham Braziliya milliy terma jamoasiga boshchilik qilgan.

Milliy terma jamoaga 2001 yilda bosh murabbiy etib tayinlangan bo‘lsa, oradan yil o‘tib, 2002 yilda Braziliyani jahon chempioni qilgan.

Ammo milliy terma jamoaning olamshumul g‘alabasi ortidan, Luis Felipe Skolari bosh murabbiylikdan ketgan.

Janob Skolari 2004-2008 yillarda Portugaliya milliy terma jamoasi bilan ishlagan va jamoani Ovro‘po chempionatining final, jahon chempionatining esa, yarim final bosqichigacha olib chiqqan.

Shundan so‘ng rossiyalik milliarder Roman Abramovichning "Chelsi"sini boshqargan, ammo klubning ketma-ket muvaffaqiyatsizligi ortidan, bir yil o‘tmay, ishdan bo‘shatilgan.

Luis Felippe Skolari murabbiylik faoliyati davomida Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Quvayt va O‘zbekistonda ham ishlagan.

"Bunyodkor"

Luiz Felipe Skolari 2009-2010 yillarda o‘sha paytda Osiyoning eng serxarj va osmono‘par jamoalaridan biri hisoblangan Toshkentning "Bunyodkor" jamoasiga ham bosh murabbiylik qilgan.

Klub o‘zining qit‘a va jahon chempioni bo‘lish orzusini amalga oshirish uchun braziliyalik murabbiy bilan bir yarim yilga shartnoma imzolagandi.

Ammo Osiyo chempionlar ligasidagi ketma-ket mag‘lubiyati ortidan "dunyoning eng qimmat" va dongdor murabbiylaridan biri Luiz Felippe Skolari "Bunyodkor"ni bir yil o‘tmay, muddatidan ilgari tark etgandi.

O‘sha paytda Ovro‘podagi ayrim nashrlar "Bunyodkor" bilan shartnomasi Luiz Felipe Skolarini "dunyodagi eng qimmat murabbiy"ga aylantirgani haqida yozishgandi.

Lekin klubning o‘zi janob Skolari bilan shartnoma qiymatini rasman ochiqlamagan.

Ayrim veb sahifalarda chop etilgan xabarlarda braziliyalik murabbiyning "Bunyodkor"dan ketishiga asosiy homiylaridan biri deb ko‘rilgan "Zeromaks" shirkati hisoblarining muzlatilishi sabab bo‘lgani ham aytilgandi.

Ammo BBC bilan suhbatida klub voizi ushbu xabarlarni tasdiqlamagandi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.