BBC navigation

Taniqli o‘zbek adibi Isajon Sulton bilan suhbat

Сўнгги янгиланиш 30 ноябр 2012 - 17:53 GMT

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zosi, yozuvchi Isajon Sulton

Yozuvchi Isajon Sulton Farg‘ona viloyati Rishton tumanining Avazboy qishlog‘ida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat Universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti) jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Asarlari respublika matbuotida 1986 yildan buyon e‘lon qilinadi. Ilk qissasi - "Munojot" 1990-yilda "Cho‘lpon" nashriyotida nashr etilgan.

Shundan so‘ng adibning "Oydinbuloq" (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san‘at nashriyoti, 1995) va "Boqiy darbadar" ("O‘zbekiston" nashriyoti, 2011) kitoblari chop qilingan.

Isajon Sultonning "Boqiy darbadar" romani 2010-yilning eng yaxshi romani deya e‘tirof etilgan.

2011-yilda nashr qilingan "Ozod" romani esa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tanlovida nasr yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

"Oydinbuloq" va "Suvdagi kosa" nomli hikoyalari O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi nashriyoti tomonidan tuzilgan "XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi"dan o‘rin olgan.

Yozuvchining qator asarlari ingliz, nemis, turk va rus tillariga tarjima qilingan.

2011 yil adibning "Qismat" hikoyasi AQShning AQShning Chikago shahrida o‘tkazilgan xalqaro adabiy konkursda g‘olib deb topilgan.

Hind mutafakkiri Javoharla‘l Neruning "Hindiston" asarining Boburga bag‘ishlangan qismini, yapon adiblari Ryunoske Akutagava va Yasunari Kavabata, turk adibi Umar Sayfiddin hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

1997 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zosi.

Yozuvchi Isajon Sulton bilan suhbat

Таниқли ўзбек адиби Исажон Султон билан суҳбат

Таниқли ўзбек адиби Исажон Султон билан суҳбат

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Bu galgi BBC mehmoni taniqli o‘zbek adibi Isajon Sulton bo‘ladilar. Assalomu alaykum Isajon aka, dasturimizga xush kelibsiz!

Isajon Sulton: Vaalaykum assalom, xushvaqt bo‘ling.

BBC: Ilk savolimiz Londondan, Feruza ismli tinglovchimiz bir qator savollar yo‘llaganlar. Dastlabgisini o‘qib bersam: "Shu kasbni tanlashingizga nima turtki bo‘lgan?" Marhamat, Isajon aka.

Isajon Sulton: Yozuvchilikni bir taqdir, qismat, deb atasam, to‘g‘riroq bo‘lar. Men Farg‘onaning Rishton tumanidagi Avazboy degan qishloqda tug‘ilganman. Dadam Abduraim aka juda oqko‘ngil, beozor kishi edi. Onamiz bilan yetti farzandni voyaga yetkazishgan, men shu farzandlarning to‘ng‘ichiman. Bolalikda... tong sahar qorong‘usida non yopish uchun tandirga lang‘illatib o‘t yoqilganlari, atrofda olov shu‘lasining o‘ynashi, shamolli kunlarda kishilarning ko‘chalarda to‘p-to‘p turishlari xotiramda qolgan. Hamma bolalar kabi yer chopar, o‘toq qilar, dalada ishlar... xullas, ulg‘aygani sayin tirikchilik tashvishlari ichiga kirib borayotgan bir o‘smir edimu kitoblarga, adabiyotga juda qiziqar edim. Shu tariqa Toshkent davlat universitetiga jurnalistika fakulьtetiga o‘qishga kirdimu ijod dunyosiga asta-sekin kirib keldim, shuning barobarida ijod sirayam men o‘ylagan narsa emasligiga, anchayin murakkayu va g‘alati jarayon ekaniga, asosiysi, insonlar tan oladigan asar yaratish uchun eng avvalo bilim va kuchli badiiy tafakkur kerakligiga amin bo‘ldim.

BBC: Navbatdagi savol: "Insonning hayoti davomida sevgan yozuvchisi, doim ilhom bag‘ishlab turadigan ma‘lum bir asari bo‘ladi. Sizda-chi? Kimlar va qaysi asarlar?"

Isajon Sulton: Bunday ijodkorlar va asarlar ko‘p, kayfiyatga, inson qanday ma‘no istashiga qarab o‘zgarib turadi. Navoiy, Mashrab, Fuzuliydan Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom va Oybekkacha. Jek Londondan Kamyugacha, Oripovdan Vohidovgacha, Shavkat Rahmondan Muhammad Yusufgacha, Iqbol Mirzodan Ulug‘bek Hamdamgacha.

BBC: Ulug‘bek Hamdam "Ozod" romaningizni "o‘zbek adabiyotidagi yangi hodisa", deb baholadi. Boshqalar romandagi hikoyalarning muvaffaqiyatini umuminsoniy savollarga javob izlanishi bilan izohlashdi. Ayni mana shu asarning yaratilishi tarixi haqida gapirsangiz...

Isajon Sulton: "Ozod" romanining boshlang‘ich nuqtasi oddiy bir voqeadan boshlangan edi. Adabiyotshunos Rahimjon Rahmat bilan adabiyot haqida suhbatlashganimizda adabiy-tanqidiy maqolalar qanqa yozilishi kerak, qanaqa shaklda adabiy tanqid o‘zini bugungi kunda o‘nglab olishi kerak, deganga o‘xshagan bahslarimiz ko‘p bo‘lardi. O‘sha paytda aytdikki: "Adabiyot - bir bog‘, ya‘ni qosh bilan qovog‘imizning o‘rtasida mavjud bo‘lgan ma‘naviy bir dunyo", dedik. Shu dunyoga bittagina qadam qo‘yib kirgan odam qattiq shamolda ag‘anab tushgan bitta chinorni ko‘rishi mumkin. Chinorni tasavvur qilaylik, yaproqlari endi-endi so‘lib borayotgan bo‘lsa, ulkan chinor gavdasi uzunasiga yorilib-yorilib ketgan, bag‘ri oppoq...Lekin ma‘naviy dunyosiga kirganimizda, shu chinordan bitta sado chiqishi mumkin. Aytaylik: "Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir, bir yaproq qolmaptir shivirlayturg‘on". Darrov tushunamiz, bu chinor kim edi? Bu kuchga to‘lgan, badiiy tafakkur quvvati juda kuchaygan mahalda dunyodan o‘tgan Shavkat Rahmonga tegishli. Bundan xabardor o‘quvchi ham darhol anglab oladi. Demak, shu shaklda ham adabiyotni ramziy bir shaklda yetkazib berish mumkin ekan. Shundan kelib chiqqan g‘oya edi - bu... Voyaga yetayotgan o‘smirning qanday tarzda katta bo‘lishini nimalarni o‘rganib, nimalarni bilib, nimalarga aqli yetib ulg‘ayishini istar edik? Shu savoldan kelib chiqqan edi "Ozod". Boshqa tomondan Alisher Navoiyga ehtirom, Navoiyga bo‘lgan havas ham yo‘q emas. Chunki, "Ozod" romanining qurilishi, uning fabulasi, nihoyasi ulardagi boblar ko‘pchiligi "Lisonut-tayr"ga, Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr"iga o‘xshash. Iste‘dodlik yozuvchimiz Xayriddin Sultonning "Ko‘ngil ozodadir" qissasiga ozgina o‘xshash joylari bor. Har qanqasiga ham o‘zimizning milliy qadriyatlarimizni bugungi zamonaviyroq tushunchalar fonida, zamonaviyroq tushunchalar yorug‘ida ьoshqacharoq jilvalantirishga urinishdan iborat.

BBC: Feruzaning navbatdagi savollari: "Yozuvchi sifatida o‘zingizga ma‘qul bo‘lmagan asarlarni tanqid qilasizmi?"

Isajon Sulton: Tanqidga sira vaqt yo‘q-ku. Qaysidir asar yoqqandir, qaysi biri yoqmagandir. Men aslida asarlarni yozuvchi sifatida emas, o‘quvchi sifatida o‘qiyman. Turli ma‘no oqimlariga, ost ma‘nolariga, yozuvchini shu asarni yozishga undagan fikr, tuyg‘u, his nima ekaniga ham diqqat qilaman, albatta. Nasr kengashining a‘zosi sifatida ba‘zi asarlarga munosabat bildirishga to‘g‘ri keladi. Qo‘ldan kelgancha, xolis, nekbin yondoshamiz, yaxshi asar kelsa quvonamiz.

BBC: Isajon aka, muxlislaringizdan yana biri: "O‘zbek nasri va ommabop Adabiyot, deymiz. Sizning nazaringizda, bugun ana shu ommaboplik yutib ketmayaptimi?" deb so‘ragan.

Isajon Sulton: Katta bir olomon tomosha talab qilmoqda, zamonaviy marketing nazari bilan qaraganimizda vaziyat shunday. Olomon sevgi qissasini, detektivni, qo‘rqinchli asarlarni va shunga o‘xshash ko‘p narsalarni talab istaydi. Ommabop adabiyot shu ma‘noda olomon adabiyotidir. Bu adabiyotni sirayam tafakkur adabiyoti deb bo‘lmaydi, u kishilarning dam olishi, hordiq chiqarishi va ko‘ngil yozishi uchun, vaqt o‘tkazishi uchun xizmat qiladigan tok shouga o‘xshaydi. Kechagi kunning ommabop asarlari qay tarz yozilganini unutganimiz yo‘q. Ha, o‘tgan asrlar iste‘dodlarining taqdiri shundoqqina ko‘z o‘ngimizda turibdi. Ularning bari ongimizga, aqlimizga xitob qilayotir. Jamiyat yangilandi va tushunarsiz dunyoga yuz burdi. Ijtimoiy barcha himoyalar davlat tomonidan amalga oshiriladi, iste‘dodni himoyalash ham. Iste‘dod sirayam bozor uchun xizmat qilmaydi. Shu g‘alati dunyoda men kimman? Sen kimsan? Bilsangiz, "Ey, otamning o‘g‘li..." deb murojaat qiladi Homon, Muso alayhissalomga. Ne tongki, "ey otamning o‘g‘li" deb murojaat qilsa bo‘ladigan biron kishining topilmagani g‘alat. Ota o‘g‘illari turli hiyla-nayranglarga to‘lib-toshib ketgan mana shu olamda tentirab-dovdirab yurishar ekan, ota kimligini, qavmu qarindosh kimligini, dunyodagi jamiki yaratiqlar aro inson bolalari deb ataladigan, fikrini bayon etish va orzu qilish qobiliyatiga ega ulug‘ va mukarram sulola ekanini ko‘zining oldiga yaqqol olib kelib, ko‘rsatib qo‘yadigan bir san‘atga ehtiyoj tuyilmayaptimi? Butun olam mana shunday yangi G‘oyaga, ilhomlantiruvchi va jo‘shtiruvchi G‘oyaga muhtoj. Mana shu bois ham marketing mexanizmlari dunyoda ko‘pirib to‘lqinlanib turgan olomon istagini uddaburonlarcha ilg‘ab olib, tanga-chaqa to‘plash bilan ovora. Lekin, iste‘dod hech qachon ommaviy tarzda yetishib chiqmaydi. Iste‘dodning tug‘ilishi ijtimoiy tuzumlarga ham bog‘liq emas. Bugun jamiyatimizda yangicha tafakkur tarzi paydo bo‘ldi. "Mening ilinjim ham, quvonchim ham shunda-da", deb takrorlaydi Aytmatov, "Oq kema" asarining nihoyasida. Ha, hammamizning ilinjimiz ham, quvonchimiz ham shunda-da. Nazar Eshonqul "Qultoy" hikoyasida juda uzoq tarix qatida qolib ketgan bir timsolni shundoq olib chiqib shuurimizga ro‘para qilganida sevindikmi, hayratlandikmi? Ulug‘bek Hamdam "Bir piyola suv" hikoyasida yana bir ko‘hna hikmatning turli inja qirralarini ko‘rsatdi, Darhaqiqat, bular juda eski va azim ma‘nolar edi. O‘z xalqining qadim va mangu hikmatlariga murojaat qilish va uni zamonaviy adabiy tushunchalar yorug‘ida qayta jilvalantirib ko‘rsatish san‘ati Aytmatov, Markes, Akutagava ijodida yaqqol namoyon bo‘lganini bilgan holda, yana ikkilanishlar girdobiga sho‘ng‘iymiz: bu buyuklarning bari o‘tgan asr falsafasining va estetikasining ilg‘orlari edilar. Bugun yangi estetika, mezonlarining o‘zgarishi haqida gap yuritmoqdamiz, nahotki ular ham mos kelmay qo‘ygan bo‘lsa? Asarlar, g‘oyalar, ishonchlar, umidlar... Haqiqatan ham, "Kunda" yoki "Asrga tatigulik kun", "Yolg‘izlikning yuz yili" yoki "Rasyomon darvozasi" bugunimiz uchun imdod bera oladimi? To‘satdan lop etib ongimizda yana "Jamila", "Oq kema", (Aytmatov),"Dashtu dalalarda" (M.M.Do‘st), "Oydinda yurgan odamlar" (T. Murod), "Ko‘ngil ozodadur" (X.Sultonov), kabi ajoyib asarlar xotiramizda qalqib chiqadi: yuz yillardir o‘zgarmagan, mashaqqatli hayot girdoblari aro muhabbat orzumandligi, Tangri taolo qalblarga joylagan yuksak tuyg‘u tarannumi... Shoxdor Ona bug‘u timsolidagi xalqning qayg‘ulari, iztiroblari va u iztiroblarning yosh bolakay ko‘nglidagi ajabtovur akslari... Yo‘q, deyman, klassiklar sira eskirmaydi, unda bugunning yozuvchisi nima qilsin? Mana shu sabab ham Yo‘l izlanayotgani aniq va ochiq-ravshan.

BBC: Denovdan Abdullo Azimov ismli o‘quvchimiz: "Nega hozirgi o‘zbek adabiyotida Chingiz Aytmatov kabi yozuvchilar ko‘rinmaydi? deb so‘raganlar. Shu bilan birga: "Men ham qalam tebrataman, lekin o‘z ishlarimni chop etishga qiynalyapman, shunga yordam bera olasizmi?" deya maslahat so‘raganlar. Marhamat.

Isajon Sulton: Nega ko‘rinmas ekan? Aytmatov shubhasiz ulug‘ yozuvchi edi. Ulug‘ligi shundaki, taqdiri va an‘analari, ildizlari bizga g‘oyat o‘xshash bo‘lgan xalqlar orzumandligini ifoda etib ketdi. Mahdudlik va johillik ichida gulday chechak ochgan muhabbat va mehrning juda tiniq odam havas qiladigan va eng asosiysi, insonning insonligiga ishonch uyg‘otadigan asarlarini yozdi. Lekin bizning o‘zimizning ham katta iste‘dodlarimiz bor. Gap shundaki, bizlar beixtiyor muqoyasa qila boshlaymiz va xatoga yo‘l qo‘yamiz. Chunki iste‘dod takrorlanmas bo‘ladi. Uni falonchiga o‘xshatib bo‘lmaydi. Mashrabga "nima uchun Navoiydek emas?" deb savol berib bo‘ladimi? Barcha xalqlar adabiyotining o‘z ulug‘lari bor. Bizda ham oz emas, o‘zimiz uchun juda mo‘‘tabar. Ijod namunalaringizni chop etish masalasida aytsak, hozir shuni to‘la ishonch bilan aytaman: tahririyatlar, nashriyotlar yaxshi asarga muhtoj. Yaxshi asar uchun hamma eshiklar ochiq. Marhamat, "Sharq yulduzi"mi, "Yoshlik" jurnalimi. "Jahon adabiyoti"mi - istagan tahririyatingizga murojaat qiling. Yaxshi asar albatta bosiladi. Men bilan bog‘lanishga kelsak, "Feysbuk", "Mir" kabi ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarim bor, qidiruv tizimiga kirib mening ismu sharifimni yozsangiz kifoya, shu orqali bemalol muloqot qilishingiz mumkin.

BBC: Isajon aka, Abdullo yana: "Bugungi o‘zbek adabiyoti tushkunlik kayfiyatida, buni sabablari nimalarda, deb o‘ylaysiz?" deya yana savol qo‘yganlar. Toshkentdan Xojiaxmadning maktubi ham shu mazmunda: "Assalomu alaykum. Hurmatli domla, nima deb o‘ylaysiz, hozirgi kunda o‘zbek yozuvchilariga shijoat yetishmayotgandek, muhim voqe‘ligiga e‘tibor sag‘al susaygandek. Yozuvchilarimiz asosan oldi-qochdi asarlardan bosh ko‘tara olmay qoldi. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz. (Buni asosan vaqtli davr nashrlaridagi ko‘pgina taniqli adiblar misolida ko‘rsa bo‘ladi. Sevgi-muhabbat asosiy mavzu desa bo‘ladi, bu qariyb 90% nashrlarda...)"

Isajon Sulton: Hecham tushkunlik kayfiyatida emas. O‘zbek adabiyotiga global tafakkur shakllari kirib kelmoqda. Badiiy tafakkur o‘tmishini sarhisob, kelajagini taxmin qilib ko‘rmoqda va shu to‘s-to‘polon aro o‘zining o‘rnini chamalab, qay sori ilgarilash kerakligini taxmin qilib ko‘rmoqda. O‘tgan yuz yil adabiyoti insoniyat qatori o‘zbek millatiga ham bebaho xazinalarni taqdim etdi. Bu orada bir mahallar uchta ayri xonlikdan tarkib topgan hududda yagona davlat barpo bo‘ldi, bunday saodat Amir Temur zamonidan beri endi nasib etdi. Insonlar bilan suhbatlashsangiz, amin bo‘lasiz, qanaqadir qiyinchiliklardan nolisa nolir, ammo shu davlatni, shu ozodlikni sira qo‘ldan bermasligini sezib turasiz. Katta global hodisalar fonida tug‘iladi katta asarlar. O‘zbekiston degan davlatning barpo bo‘lishi shubhasiz juda ulkan hodisa. Endi xalq tafakkurida global fikrlash hosil bo‘lmoqda. Asarlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Oldingilariga sira o‘xshamagan yangi asarlar yozilyapti, u asarlar dunyoni o‘zbek ko‘zi bilan ko‘rish nima ekanini, milliy badiiy tafakkur qanaqa ekanini namoyish qila oladigan darajada. Katta avloddan Erkin A‘zam, Ahmad A‘zam asarlari, tendosh-tengqur adiblardan Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Rahimjon Rahmat, yoki Abduqayum Yo‘ldoshning "Puankare" hikoyasi... Yaqinda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan yoshlar seminarida qatnashdim. Ular - iste‘dodining uchqunlari bir-ikki yilt etgan, nigohlari tiniq o‘smir yigit-qizlar. Agar har yili o‘tkaziladigan shunday tadbirlardagi yuzlab yoshlar orasidan millat badiiy tafakkurini olg‘a suradigan bitta iste‘dod yetishib chiqsa, bunday tadbirlar o‘zini tamomila oqlaydi. Xullas, adabiyotimizda yangi to‘lqin, yangi ruh sezila boshlaganiga ancha bo‘ldi.

BBC: Yana bir tinglovchimiz: "Yozuvchi, shoirlar faqat ijod bilan kun qilingan 20 yil avval...Bugun vaziyat qanday?" deb so‘raganlar.

Isajon Sulton: Bugun bilan 20 yil oldingi etalonlarni taqqoslab bo‘lmaydi-ku? U mahalda onglarni qayta ishlash mexanizmi betinim ishlab turar va u mexanizmga juda katta yozuvchi - shoirlar ommasi zarur edi. Ya‘ni, ijodkor turmush tashvishlariga chalg‘imasin, tashviqot ishida davom etsin. U imperiyaning maqsadi ham ulkan edi-da - dunyoni tamomila egallab olish ko‘zlangan edi. Bugun ahvol anchayin boshqacha. Yo ommaga manzur bo‘ladigan, uning yeyish-ichish, kiyinish kabi ehtiyojlariga o‘xshagan, dam olish, hordiq chiqarish ehtiyojiga xizmat qilish kerak, yo yuksak san‘at uchun. Rumiy aytadiki, inson uchun yemoq, uxlamoq va o‘yin-kulgi qilmoqdan boshqa yana bir ozuqa bor. Ko‘pchilik dunyoda shu ozuqani unutadi-da, o‘zgasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. U ot, u ulov - vujuddir, Tangri taolo insonni vujud degan bir ot bilan siylagan. Kimdir u vujudni kecha-kunduz moddiy oziq bilan boqadi, biroq, otning ozuqasi uning egasining ozuqasi bo‘lolmaydi. Egasining, ya‘ni ruhning o‘z ozuqasi, o‘z ne‘matlari bor. Shu sababdan ham san‘at ahli har doim himoyada bo‘lib kelgan. Aynan yuksak san‘atning bozor qonunlari oyoq ostida qolib ketmasligi uchun ham uni davlat o‘z himoyasiga olishi kerak. Bu himoya global shaklda bo‘ladi, san‘at shu himoya ostida o‘z durdonasini yaratadi. Demakki, bozor - san‘atni o‘ldiradi va tovarga aylantirib sotib yuboradi, shu boisdan ham fabrikadan chiqqan mol kabi kuniga o‘n minglab, yuz minglab mahsulot talab qila boshlaydi. Yuksak san‘atning joyi bozor emas, uning ishi - aynan Ruh ozuqasini yaratish.

BBC: Londondan Feruzaning maktubiga qaytsam: "Hozirgi kunda yoshlarning kitobga, umuman, kitob o‘qishga qiziqishlarini qanday baholaysiz? Sizning fikringizcha, kutubxonalar qanday bo‘lishi kerak?"

Isajon Sulton: Bizlar o‘zimiz sevgan asarlarni bolalarimiz ham o‘qishini, biz oshno bo‘lgan hayratlarga bolalarning ham oshno bo‘lishini qattiq istaymiz. Ammo, juda tezlashib ketgan axborot suroni aro bolalarimiz u hislarni biz istaganday qabul qilmasligidan xavotirlanamiz. Davrlarning hislari ham eskiradi. Bugunning yoshlari chet tillarni biladigan, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalardan yetarlicha xabardor va eng asosiysi, juda dinamik bolalar. Ularning shiddat bilan kengayib borayotgan tafakkuri istayotgan asarlarni ro‘para qila olyapmizmi-yo‘qmi, gap mana shunda. Shuningdek, originallik masalasini ham unutib bo‘lmaydi. Original asar albatta o‘qiladi. Chunki, hamma mazmundan iborat va o‘zidan kuchliroq ma‘nolarga intiladi. Lekin, hamma ham ma‘noga muhtoj-ku. Odam bolasi azaldan "men kimman" degan savolga javob izlay-izlay dunyodan o‘tadi. Demakki, hamma o‘ziga qiymat berilishini xohlaydi va olam aro o‘zining qadr qiymatini izlaydi. Ana shu qadr-qiymatni ko‘rsatib, boshini baland va adl ko‘tarib qo‘yadigan narsadir adabiyot.

"Sizning fikringizcha, hozirgi kunda kutubxonalar qanday bo‘lishi kerak?" degan savolga kelsak, kitob holidagi kutubxonalar xazinaday gap, ular ma‘naviy xazinaning oltin xazinasi kabi bo‘lsa-da, bundan keyin elektron kutubxonalar ko‘payadi. Hozirning o‘zida smartfonlarga, planshetlarga yuzlab kitoblar ko‘chirib olingan, ko‘chada shu mitti kompyuterida o‘qib ketayotan ko‘plab kishilarni ko‘rasiz. Kitobmi, elektron shaklmi hammasi ma‘lumot almashish yo‘llari. Istagan kitob sotib olsin, istagan uni planshetida o‘qisin, qanchalik farqi bor? Insonlarning ma‘lum sharoit va vaziyatdagi hislari va tuyg‘ularining, armon va orzularining ulkan arxivi kutubxona. Goho xalqlar va millatlar tarixini ham ifoda etadi.

BBC: Bugungi o‘zbek o‘quvchisi jahon adabiyotidan uzilib qolmayaptimi? Ular xorijda yaratilayotgan adabiyotdan ne qadar xabardorlar bugun? O‘zbek yozuvchi shoirlarining o‘zlari-chi?

Isajon Sulton: Unchalik xabardor emas. O‘zbekistonda hozir "Jahon adabiyoti" degan jurnalimiz bor. Dunyodagi eng ilg‘or, eng shov-shuvli, eng yangi hisoblangan asarlarni o‘zbek tiliga o‘girib, bosish bilan shug‘ullanadi. Qolgan tahiririyatlar o‘zlarining tashabbuslariga ko‘ra, o‘zlariga ma‘qul kelgan har xil asarlarni bosishadi. Lekin, har yili dunyoda Nobel mukofoti laureatlari e‘lon qilinadi. Unda dunyoni qabul qilishning yangi estetik mezonlarini yaratganligi uchun deganga o‘xshagan nominatsiyalar qo‘yiladi. Mana yaqinda Xitoy yozuvchisi Nobel mukofotini oldi. Unga ham shunga o‘xshagan, insonning xayolida bino bo‘ladigan dunyoni yaratgani uchun. Demakki, dunyo adabiyotida har xil jarayonlar sodir bo‘layapti. Har xil yangiliklar bor. Qaysi biridir fikrda, qaysi biridir shaklda, qaysi biridir g‘oyada. Va biz ulardan yetarlicha xabardor emasmiz. Sababi, avvalo yaxshi tarjimon mutaxassislarimiz yo‘q. Borlari sal adabiyotdan yiroq odamlar. Dunyoda bo‘layotgan hamma jarayonlardan adabiyot ahlini, san‘at ahlini xabardor qilish imkoniyati bo‘lganda edi, bugungi kundagi ilgarilash yana ham tezroq ro‘y bergan bo‘lardi. Afsuski, hozir yetarlicha xabardor emasmiz. Yozuvchi-shoirlarimiz haqida ham shu fikrni aytishim mumkin.

BBC: Isajon aka, qiziqarli suhbatingiz uchun katta rahmat! Endi BBC tinglovchilariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

Isajon Sulton: Avvalo, hammamiz sog‘ bo‘laylik, salomat bo‘laylik. Atrofimizdagi yaqinlarimiz, sevgan insonlarimizdan judo qilmasin. Hammaning ichida o‘zining yorug‘-yorug‘ orzulari bor, yorug‘ niyatlari bor. Shu kunlarda hammamiz shu yorug‘ niyatlarimizga yetishib, yaqinlarimiz, do‘stlarimizning ham ichlaridagi yorug‘ niyatlariga erishganlarini birgalikda ko‘raylik.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.