BBC navigation

Shohruh Soipovni do‘pposlagan tomon shikoyat arizasini yozgan

Сўнгги янгиланиш 3 декабр 2012 - 17:02 GMT

Bu hujum Shohruh Soipovga qarshi amalga oshirilgan ilk hujum emas

Bishkekda yakshanba oqshomida jurnalist Shohruh Soipov va uning ikki ukasi va bir do‘stiga qarshi uyushtirilgan hujum bo‘yicha shu vaqtgacha jinoiy ish ochilmagan. Hujumda gumon qilinib so‘roq qilinayotgan ikki kishi esa o‘zlari hujumga uchraganlarini da‘vo qilib ariza yozganlar.

Shohruh Soipov 2007 yilda O‘shda otib o‘ldirilgan mubohasali jurnalist Alisher Soipovning ukasidir.

U dushanba tongida Bishkekdagi BBC muxbiriga yo‘llagan SMSida uni va ukalarini 2 dekabr soat 23:00dan beri Bishkek shahri Oktyabrskiy tumani ichki ishlar boshqarmasida ushlab turishganini bildirgan.

SMSda u, shuningdek, yakshanba soat 21:30da Qirg‘iziston parlamenti deputati Omurbek Tekebayevning jiyanlari armaturalar bilan ularga tashlangani va "milliy adovat" tufayli do‘pposlaganlari, va hozirgi paytda "Tekebayev tergovchilarga bosim" o‘tkazayotgani da‘vo qilinadi.

Bishkekdagi muxbirimiz Shohruh Soipov bilan telefon orqali bog‘langanda, Soipov o‘z ahvoli va hujum haqidagi savollarga aniq javob bera olmagan.

Keyinroq Shohruh va Yusuf Soipovlar olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga yotqizilganlar. Shohruh Soipovning telefoni hozirda o‘chirilgan.

BBC bilan suhbatda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining matbuot kotibi Ernis Osmonbayev kecha kechqurun bir do‘konda navbatda turgan ikki guruh yigitlar o‘rtasida oddiy mushtlashish kelib chiqqanini bildirgan va hozirgi paytda ikki gumondor, xususan deputat Tekebayevning jiyani Azamat Tekebayev so‘roq qilinayotganini ma‘lum qilgan.

Matbuot kotibi, shuningdek, Soipovlar arzidan tashqari, hibsga olingan Azamat Tekebayev va uning sherigi ham o‘zlariga hujumga uchraganlarini da‘vo qilib, ariza yozganlar.

Biroq, ikki tomonning ham arizalariga qaramay, hozircha jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan.

Azamat Tekebayevning advokati Anatoliy Duxovnyx bayonot chiqarib, o‘z himoyachisi haqiqatdan ham mushtlashishda ishtirok etgani va unda 10 kishi qatnashganini bildirgan. Bayonotda aytilishicha, tergovchi organlar mojaro tafsilotlarini o‘rganib chiqishmoqda.

Advokat hodisa borasida boshqa ma‘lumot bermagan, biroq inson haqlari faoli Aziza Abdirasulovaning hodisa borasida matbuotga berayotgan intervyularidan norozilik izhor qilgan.

Bu Shohruh Soipovga uyushtirilayotgan birinchi hujum emas.

U o‘tgan yili 10 avgust kuni O‘sh shahri aeroportida noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklangan va shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar unga miya chayqalishi tashxisini qo‘yganlar.

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgani va tergov olib borilayotgani haqida ma‘lum qilganlar. Biroq, O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Soipovning kaltaklanishi uning professional faoliyati bilan bog‘liq emas, deb aytgan.

Uning akasi, o‘zbek tilidagi mubohasali "Siyosat" gazetasi muharriri, hamda O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchisi Alisher Soipov 2007 yilda O‘shda otib o‘ldirilgandi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.