BBC navigation

Tojikiston: Ozodlik saytiga taqiq qisman bekor etildi

Сўнгги янгиланиш 3 декабр 2012 - 15:08 GMT

Ozodi saytiga fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlar tufayli taqiq qo‘yilgani aytilgan

Tojikistonda Ozodlik radiosining tojik tilidagi web-sahifasiga taqiq qisman bekor qilindi. Tojikistonda Facebook ijtimoiiy tarmog‘i doxil qator web-sahifalar bir muncha vaqtdan beri to‘sib qo‘yilgandi.

Tojikistonda internet xizmatini ta‘minlovchi qator provayderlar "Ozodlik" radiosining "Ozodi" tojik xizmati sayti sahifasiga qo‘yilgan to‘siq olib tashlanganini tasdiqlaganlar, biroq mamlakatdagi hamma internet foydalanuvchilar ham "Ozodi" web-saytiga kira olayotganlari yo‘q.

Provayderlar "Ozodi" internet sahifasiga to‘siq qo‘yishni 29 noyabr kuni boshlaganlar, blok qo‘yilganini Tojikiston Aloqa xizmati rahbari Beg Zuhurov ham tasdiqlagan.

Janob Zuhurov so‘zlariga ko‘ra, bir necha "ko‘ngillilar"ning noroziligidan keyin "Ozodi" radiosi web-saytini yopishga qaror qilingan.

Bu ko‘ngillilar, janob Zuhurov aytishicha, "qator axborot agentliklari Tojikiston manfaatlariga zid ish tutishayapti" deb norozilik izhor etganlar, ana shunday norozilik sababli Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ham to‘siq qo‘yilgan.

Xabar qilinishicha, Tojikiston Aloqa xizmati rahbari Beg Zuhurovning "Ozodlik-Ozod Ovro‘po" rahbariyati bilan telefon so‘zlashuvidan keyin web-saytga to‘siq qisman olib tashlangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Dushanbedagi elchixonasi Facebook hamda Amerika moliyalaydigan radio web-saytiga qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlash chaqirig‘i bilan chiqdi.

"Biz Tojikiston hukumatini insonlarning o‘z fikrini erkin ifoda qilish huquqlarini himoya qilishga va cheklovlarni olib tashlashga chaqiramiz", deyiladi AQSh elchiligi e‘lon qilgan bayonotda.

Tojikiston hukumati vakili Facebook ijtimoiy muloqot sayti rahbari Mark Tsukerberg bilan telefon orqali muloqot qilgan, biroq muzokara tafsiloti oshkor qilinmadi.

Oxirgi oylarda Tojikistonda qator veb-sahifalar, xususan butun Markaziy Osiyo mamlakatlarida mashhur Ferghananews.com va Centrasia.ru saytlariga to‘siq qo‘yildi, shu yil iyul oyida Tog‘li Badaxshondagi qonli hodisalar payti BBC web-sahifasi ham ochilmagan, va hudud mobil aloqa xizmatisiz qolgandi.

Tojikistonda 40 ming atrofida odam Facebook tarmog‘idan foydalanadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Imomali Rahmon keyingi yil prezidentlik saylovini o‘tkazadi, va saylovlar yaqinlashgan sayin mamlakatda internet nazorati yanada kuchaytirilishi mumkin.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

Fikr va mulohazalarni BBCning tahririy mezonlari bilan ko‘rib chiqqandan keyin e‘lon qilishimiz mumkin.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.