BBC navigation

TeliaSonera "Ovro‘nigoh-2013"ga homiylik qiladi

Сўнгги янгиланиш 4 декабр 2012 - 12:09 GMT

Agar, "Ovro‘nigoh" qo‘shiqlar tanlovi rasmiy web sahifasida keltirilgan iqtibosiga qaralsa, TeliaSonera shirkati vakillari ham bor g‘ayratlari bilan o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashmoqchi

Shvetsiya prokuraturasi O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan shirkat kelasi yil mamlakatning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tajak yillik qo‘shiqlar tanlovining rasmiy homiysi etib tanlangan.

Shved xonandasi Lorinning Ozarbayjon poytaxti Bakuda bo‘lib o‘tgan tanlovdagi g‘alabasi ortidan, Shvetsiya beshinchi bor "Ovro‘nigoh" xalqaro qo‘shiqlar tanloviga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi.

TeliaSoneraone Ovro‘podagi eng yirik telekommunikatsiya shirkatlaridan biri sanaladi.

Shirkat Skandinaviya davlatlaridan tashqari, Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Rossiya, O‘zbekiston va Turkiya doxil Ovro‘osiyoning shakllanib kelayotgan bozorlariga kirib borishga ham muvaffaq bo‘lgan.

So‘nggi yangilik Ovro‘po Tele-radio Uyushmasi rahbari tomonidan ham tasdiqlangan.

"TeliaSonera shirkatining 2013 yilgi qo‘shiqlar tanloviga ham rasmiy homiylik qilishidan nihoyatda mamnunmiz", deb aytgan Annika Nayberg Frankenxauzer xonim.

"Biz 2007 yilda shirkat bilan a‘lo darajada hamkorlik qilganmiz va ularning kelasi yil may oyidagi ishtiroklaridan ham boshimiz ko‘klarga yetadi".

Agar, "Ovro‘nigoh" qo‘shiqlar tanlovi rasmiy web sahifasida keltirilgan iqtibosiga qaralsa, TeliaSonera shirkati vakillari ham bor g‘ayratlari bilan o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashmoqchi.

Kelasi yilgi tanlovning rasmiy homiysi sifatida TeliaSonera shirkati Ovro‘po ommaviy-axborot vositalari, uyushmasi va tanlovning o‘zi bilan bog‘liq juda ko‘plab huquqlarga ega bo‘ladi.

2013 yilgi "Ovro‘nigoh" qo‘shiqlar tanlovining final bosqichi 18 may kuni bo‘lib o‘tadi.

Tanlovni har yili dunyoning 40 dan ortiq davlatida 100 milliondan ortiq odam tomosha qiladi.

TeliaSonera bu yil televideniye, internet va ijtimoiy muloqot tarmoqlari orqali tadbirga yanada ko‘proq tomoshabinni jalb etishga erishmoqchi.

Shved shirkati

Oktyabr oyida shved matbuotida O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun pora bergani haqidagi iddaolar ortidan Teliasonera ijrochi direktori Lars Nayberg ertaroq iste‘foga ketishi mumkinligiga oid xabarlar paydo bo‘lgandi.

Ingliz tilidagi The Local yangiliklar websahifasi O‘zbekistondagi Ucell mobil aloqa shirkatining egasi bo‘lgan Teliasonera allaqachon o‘ziga yangi ijrochi direktor qidira boshlagani haqida yozgandi.

Sentyabr oyida Shvetsiyaning Jamoatchilik televideniyesi - SVT Teliasonera O‘zbekistondagi litsenziyasi uchun pul to‘lagan Takilant Ltd shirkati rahbari O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxs ekani aytilgan filmni namoyish etgan edi.

Teliasonera bu to‘lovning qonuniy bo‘lganini aytgan va O‘zbekistondagi biznesini himoya qilgan.

Shirkatning aytishicha, O‘zbekiston hukumati telekom litsenziyasini Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant Ltd ga sotgan, Teliasonera esa litsenziya va telefon raqamlarini Takilant dan sotib olgan.

Shved jurnalistlari Takilant ga berilgan bir necha yuz million dollar mablag‘larning hech qayerda qayd etilmaganini aytishgan va bu pullar pirovardida Prezident Karimov oilasining cho‘ntagiga borib tushgan bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surganlar.

Shvetsiya prokuraturasi Teliasonera ning O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tekshiruv boshlagan.

Janob Nayberg Teliasonera poraxo‘rlik iddaolari yuzasidan tekshiruvda to‘la hamkorlik qilishini aytib, da‘volar isbotlangani taqdirda iste‘foga ketishini bildirgan.

TeliaSonera 2007 yili O‘zbekistonga sarmoya kiritish jarayoni yuzasidan tekshiruv o‘tkazish uchun Shvetsiyadagi nufuzli Mannheimer Swartling yuridik shirkatini yollagan.

Mannheimer Swartling shirkati 5 yil muqaddam TeliaSonera Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan shirkatdan 3G mobil aloqa xizmati ko‘rsatish uchun litsenziya sotib olayotgan va O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan payti korruptsiya va yo pul yuvish bilan bog‘liq amallariga qo‘l urganmi yo-da, yo‘qligini o‘rganadi.

Tekshiruv natijalari keng jamoatchilikka oshkor etilishi kutilmoqda.

--------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.