BBC navigation

Eng yirik musulmon yurtida Islomiy moliya kuchaymoqda

Сўнгги янгиланиш 5 декабр 2012 - 13:19 GMT

Halol tijorat yuritish nafaqat Islom olamida, balki G‘arbdagi musulmonlar orasida ham ommalashmoqda

Pushti hijobli, istarasi issiq Nurhidoyatiy hali 28 yoshda. Ammo u harbiy kiyim-kechak ishlab chiqaradigan o‘z xususiy korxonasiga ega.

Bu - serdaromad tijorat. Lekin uni kengaytirish uchun bankdan qarz olish kerak. Banklar esa ustama foizsiz qarz berishmaydi.

"Men tijoratimni rivojlantirish va yangi uy sotib olish uchun qarz olishni istardim" - deydi Jabbor Bantin Siyoriyo bankida men uchratgan bu taqvodor ayol.

"Ammo ustama foiz olish ham, to‘lash ham Islomda harom qilingani uchun hech qayerdan kredit ololmasdim" - davom etadi Nurhidoyatiy - "Islomiy banklarning yana bir avlo jihati shundaki, qo‘yadigan depoziting kam bo‘lsa ham, baribir, bu uchun banklarga qo‘shimcha pul to‘lamaysan".

Nurhidoyatiy kabi ishbilarmonlar dunyoning eng yirik musulmon mamlakati - Indoneziyaning o‘sayotgan iqtisodi uchun muhim.

Ammo Indoneziyada bugun nafaqat iqtisod, balki Islomiy taqvo ham kuchaymoqda.

Ishbilarmonlar esa shariatga mos ish yuritishni istaydilar. Shu asno Indoneziyadagi Islomiy moliya tizimi bir yilning ichida 40% o‘sdi.

Taqvo va tijorat

250 millionli Indoneziya aholisining 90% musulmon. Bu o‘lka dunyoviy bo‘lsa-da, ammo Islom insonlar hayotida muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi yillari esa Islomiy amallarni bajarayotgan odamlar soni ham oshayotir. Shunday sharoitda halol moliya tizimi o‘rtaga chiqdi.

Bunda siz olgan qarzingiz uchun ustama foiz to‘lamaysiz. Shuningdek, sudxo‘rlik ham qilinmaydi. Biroq sarmoyani bemalol Islomda harom qilinmagan biron tijoratga kiritish mumkin.

Indoneziyada iqtisod ham, shaxs erkinligi va taqvo ham kuchaymoqda

"Indoneziyadagi Islomiy moliya umumiy bank tizimining bor-yo‘g‘i 4%ni tashkil etadi" - deydi Indoneziya Islomiy Banklar Uyushmasi rahbari Riavan Amin - "Lekin bu tizim shiddat bilan o‘smoqda. Bir yilda 40% oshdi".

Islomiy bank tizimi axloqiy sarmoyaga tayanadi. Masalan, quyosh nuridan energiya olish kabi sohalar shular jumlasidan.

Indoneziya orollari bo‘ylab ishlayotgan beshta yirik quyosh energiyasi majmuasi aynan Islomiy banklar orqali moliyalanadi.

Hozir bu kabi loyihalar uchun kerakli pullar badavlat musulmon o‘lkalari - Yaqin Sharq va Malayziyadan kelmoqda.

Islomiy moliya tizimi Malayziyada rivojlangan. Lekin musulmon aholisi katta Indoneziya bu borada o‘ta ulkan imkoniyatlar mamlakatidir.

Uzoq yillar yakkahokim va zulmkor tuzum hukmronlik qilgan hamda diniy guruhlar jazolab kelingan Indoneziyaning so‘nggi bir necha yilda erishgan yutuqlari ko‘pchilik uchun aql bovar qilmasdir.

Ushbu mamlakat diniy partiyalar bilan muloqotga bordi, demokratiya ustunlariga tayana boshladi va jadal iqtisodiy rivojlanish yo‘liga o‘tdi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.