BBC navigation

TeliaSoneraning raisi Anders Narvinger iste‘foga rozi bo‘ldi

Сўнгги янгиланиш 5 декабр 2012 - 15:58 GMT

Shvetsiyaning TeliaSonera mobil aloqa shirkatining Direktorlar Kengashi raisi Anders Narvinger moliyaviy yil yakunida lavozimidan ketishini e‘lon qilgan.

Biznes shirkatlarining moliyaviy yili mart oyi oxirida yakunlanadi.

Janob Narvinger iste‘fosiga TeliaSonera shirkatining Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan biznes hamkorligi borasida yuzaga chiqqan mojaro sabab bo‘lgan.

Shvetsiya hukumati TeliaSonera hissadori hisoblanadi va hukumatning shirkat rahbariyatiga bosimi ortgan.

TeliaSonera raisi Anders Narvingerning aytishicha, shirkat rahbariyati TeliaSonera uchun "yangi start"ni istaydi va shuning uchun iste‘foga chiqishga qaror qilgan.

2012 yil sentyabrida Shvetsiya prokurorlari TeliaSoneraning O‘zbekistondagi mobil aloqa xizmati ko‘rsatish huquqini beradigan litsenziyasini sotib olgani yuzasidan tergov boshlagan.

Prokurorlar TeliaSoneraga nisbatan ilgari surilayotgan pora berish va pul yuvish da‘volarini tekshirmoqdalar.

TeliaSonera bu da‘volarni rad etmoqda, ammo Shved hukumatining keskin tanqidlari ostida qolmoqda.

Muxbirlarga ko‘ra, Shvetsiya hukumati butun TeliaSonera rahbariyatini "silkitib tashlashni" istamoqda.

Sentyabr oyida Shvetsiyaning Jamoatchilik televideniyesi muxbirlari jurnalistik tekshiruv o‘tkazganlar, ushbu tekshiruv asosidagi "Missiya tekshirish" hujjatli filmini namoyish etdilar.

Shved telejurnalistlari aniqlashlaricha, TeliaSonera O‘zbekistondagi 3G litsenziyasini Gibraltarda joylashgan Takilant Ltd shirkatidan sotib olgan, Takilant esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga tegishlidir.

Hujjatli film ortidan Takilantning Shvetsiyadagi 30 million dollarlik mablag‘lari muzlatib qo‘yildi.

Hisoblarni muzlatish bo‘yicha o‘tkazilgan mahkamada aytilishicha, Takilantning ikki vakilini pul yuvishda aybdorlikda gumonlashda asos bor.

Undan keyin 2010 yilda TeliaSonera o‘ziga zarur deb bilmasa-da, O‘zbekistonda 4G litsenziyasini ham sotib olgani shubhali oldi-berdi bo‘lgan, degan iddaolar ilgari surildi.

Ushbu mojarolarda TeliaSoneraning joriy ijrochi direktori Lars Nayberg qattiq tanqidlar ostida qoldi.

Lars Nayberg biror bir noto‘g‘ri ishga qo‘l urganini rad etadi.

TeliaSonera shirkatining o‘zi ham O‘zbekiston bilan oldi-berdilari ustidan tekshiruvni boshlagan.

2012 yil boshida TeliaSoneraning sobiq Sho‘ro respublikalarining maxsus xizmatlariga o‘z texnik jihozlaridan foydalanishga ruxsat bergani ham katta mojaroga sabab bo‘lgan edi.

Bu mojaroda gap O‘zbekiston, Ozarbayjon va Belarusdagi mobil telefon so‘zlashuvlarini TeliaSonera bu mamlakatlarning josuslik xizmatlariga yashirincha tinglashga izn bergani haqida boradi.

TeliaSonera ijrochi direktori Lars Nayberg bu amallarini terrorizmga qarshi kurashdagi ishtiroklari deb izohlagan.

Lars Naybergning o‘z lavozimidan ketishi haqida xabar qilingan, biroq shirkat janob Naybergning TeliaSonerani tark etishi O‘zbekiston bilan mojarosiga bog‘liq emasligini aytgan.

Shartnoma bo‘yicha janob Naybergning muddati 2013 yil oxirida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.