O‘zbekiston:Amnistiya chiqdi, siyosiy mahbuslar ham chiqadimi?

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan Senat qabul qilgan umumiy avf to‘la matni hali jamoatchilikka ma‘lum emas.

Ammo xabar agentliklariga ko‘ra, ayol mahkumalar, balog‘atga yetmaganlar, nogiron, 60 yoshdan oshgan va xorijiy mahbuslar hamda ilk bora "terror harakatiga qo‘l urgan, biroq og‘ir jinoyat sodir etmasdan, endilikda to‘g‘ri yo‘lga yirgan mahkumlar" ham ozodlikka chiqariladi.

Mamlakat rasmiylari ushbu umumiy avf jamiyatga boshqa tahdid solmaydigan shaxslarga nisbatan qo‘llanishini aytganlar.

Bir umrga hukm etilgan, qasddan odam o‘ldirgan va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar avf etilmaydi.

Senat qarori esa matbuotda e‘lon qilingan kunidan boshlab kuchga kiradi.

O‘zbekiston har yili Konstitutsiya kuni manosabati bilan umumiy avf e‘lon qiladi. Ammo amnistiyalar siyosiy mahbuslarga nisbatan deyarli qo‘llanilmaydi.

"Bu umumiy avflar, asosan, jinoiy harakatlar bilan qamalganlarga taalluqli" - deydi Toshkentdan faol Diloram Ishoqova - "Ammo siyosiy mahbuslar va 159-modda bilan qamalganlarning muddati tugashiga oz qolganida "tartibni buzdi" kabi iddaolar bilan qo‘shimcha muhlat berib, qamoqda qoldirishadi".

O‘zbekiston tarixida bir marta - 2003 yilgi umumiy avf siyosiy va diniy mahkumlarni ham qamrab olgan edi.

O‘shanda 400 nafarga yaqin siyosiy va diniy ayblar bilan hukm etilganlar ozod qilingan.

Biroq bu yil siyosiy va diniy mahbuslarning umumiy avfga tushishi ma‘lum emas.

"Hukumatning "qora ro‘yxati"da bo‘lgan mahbuslarga nisbatan amnistiya qo‘llanmasligi hozirdan ma‘lum" - degan edi oldinroq BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda Toshkentdan faol Surat Ikromov.

"Chunki ularning jazo muddatlari uzaytirib qo‘yilayapti. Masalan, ishbilarmon Rustam Usmonov 65 yoshga kirgan bo‘lishiga qaramay, unga 5 yil qo‘shib berishdi".

O‘zbekiston rasmiylari "siyosiy mahbus" tushunchasini rad etib, mamlakat qamoqxonalarida siyosiy mahkumlar yo‘qligini aytishadi.

O‘zbek hibsxona va turmalari esa qiynoqlar keng qo‘llanishi bilan dunyoga tanilgan.

Sobiq mahkumlar va inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, o‘zbek qamoqxonalarda jinsiy a‘zolarga elektr toki tegizish, tirnoqlarga igna qadash, qaynoq suvda kuydirish, suv solingan yelim butilka bilan kaltaklash, garmdorili suv bilan huqna qilish va guruh bo‘lib zo‘rlash kabi qiynoq usullari qo‘llanadi.

Ko‘p hollarda mustaqil kuzatuvchilar O‘zbekiston qamoqxonalariga kiritilmaydi. Qamoqlarni kuzatgan kam sonli xalqaro tashkliotlar uchun esa maxsus tashkillashtirilgan tashriflar amalga oshirilishi aytiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bunday holatlarda mahbuslar haqiqatni aytishdan cho‘chiydilar.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring. BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.