BBC navigation

BBC mehmoni - taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov

Сўнгги янгиланиш 7 декабр 2012 - 14:16 GMT

Muhammadjon Obidov O‘zbekiston davlat televideniyesining eng faol jurnalistlaridan biri sifatida tanilgan

BBCUzbek. com o‘quvchilarining savollariga taniqli o‘zbek jurnalisti Muhammadjon Obidov javob beradi.

Muhammadjon Obidov 1951 yilda Marg‘ilon shahrida tavallud topgan.

O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

Uning o‘zi tarjimai holini mana bunday bayon qiladi:

"Otam Obidov Dolimjon Oxunboboyev tumanidagi Frunze nomli kolxozda tabelchi, hisobchi bo‘lib, keyinchalik, 1956 yildan so‘ng savdo tizimida to 1986 yilda olamdan o‘tgunga qadar ishlaganlar.

Onam Obidova Salimaxon uy bekasi edi, 2007 yilda vafot etganlar.

Men oiladagi o‘n farzandning to‘ng‘ichiman. Beshta singlim, to‘rtta ukam bor.

Oilaliman. Turmush o‘rtog‘im Obidova Fotimaxon Marg‘ilonda tug‘ilgan, ma‘lumoti bo‘yicha xuquqshunos, ilgari ixtisosligi bo‘yicha ishlagan, hozir uy bekasi.

To‘rt farzandim bor. Qizim Nozimaxon Marg‘ilon pedagogika kollejida iqtisod fani o‘qituvchisi.

O‘g‘illarim Behzod va Elbek bank sohasida ishlashadi. Kichik o‘g‘lim Dolimjon Farg‘ona Politexnika institutining bitiruvchi talabasi.

1958-1968 yillarda Marg‘ilondagi 14-maktabda, 1968-1973 yillarda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidim.

1972 yildan boshlab, xali talabalik chog‘imdayoq Toshkent televideniyesining "Yoshlik" studiyasida muharrir bo‘lib ishladim. Keyinchalik "Yosh Leninchi", "Sovet O‘zbekistoni" gazetalari, "O‘qituvchi" nashriyotida muxbir, muharrirlik qildim.

1990 yildan yana televideniyega qaytdim va u yerda 2005 yilga qadar "Axborot" direktsiyasining maxsus muxbiri lavozimida ishladim.

2005 yildan hozirgacha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi, 2008 yildan o‘rindoshlikda "O‘zbekiston ovozi" gazetasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri vazifasini bajarib kelyapman.

"O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoniga egaman. 2000-2004 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi, 2005-2009 yillarda Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashi deputatligiga saylanganman.

"Farg‘ona jurnalistikasi", "Farg‘ona: istiqloldan istiqbolga" kitoblari muallifiman.

Muqaddam sudlanganman. 1975 yilda O‘zbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 15-175 moddasi bilan (olib-sotarlikka harakat qilgani uchun) 2 yilga ozodlikdan mahrum etilganman.

Nasib qo‘shib, kasbim tufayli o‘ttizdan ziyod davlatda xizmat safarida bo‘ldim, mamlakatimiz mustaqilligi tarixi bilan bog‘liq eng muhim voqealarni (Mingbuloq neft favvorasi, Namangan viloyat kengashi binosini Tohir Yo‘ldosh, Juma Namangoniylar tomonidan egallab olinishi, Afg‘onistonga NATO kuchlari kiritilishi, Botken, Sariosiyo voqealari, Haj safarlari, buyuk bunyodkorlik qurilishlari va h.k.) televideniye orqali yoritishda ishtirok etdim.

Taqdirimdan mamnunman.

Bori shu..."

Assalomu Alaykum hurmatli Muhammadjon aka. Hozirgi kunda o‘zbek matbuoti, ta‘bir joiz bo‘lsa "o‘lim bilan olishib yotishiga" nima deysiz? Javob uchun oldindan raxmat. Toshkentdan Hojiahmad.

Muhammadjon Obidov: Hojiahmad, o‘zbek matbuoti "o‘lim bilan olishib yotibdi" degan fikringizga qo‘shilmayman. Matbuot ham hayotiy jarayon. Ba‘zida u tezroq rivojlanadi, ba‘zida aksincha. Aslida menga shu kabi savollar berilishini kutgandim. Sababi menimcha ham bugungi o‘zbek matbuotida jurnalist shaxsi yaqqol namoyon bo‘lmayapti. Aniqrog‘i, markaziy matbuotda shunday desam to‘g‘ri bo‘ladi. U yoki bu hayotiy masalani ko‘ndalang qo‘yadigan, unga jamoatchilik e‘tiborini qaratadigan, mamlakat miqyosida tilga tushadigan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy taxliliy maqola, ko‘rsatuv mualliflarini uchratish juda qiyin. Nega shunday? Men ham o‘zimga shu savolni juda ko‘p beraman. Birinchidan, balki asosan shundaydir: jurnalistlarda ichki tsenzura, o‘zini tiyish kuchayib ketgan. Tura tursin degan rahbarlarning izohiga ham duch kelasiz. Ikkinchidan, bunday masalani ko‘tarish jurnalistdan katta bilim, mahorat, mehnat va jasorat talab qiladi. Nazarimda bu borada ham oqsayapmiz.

Siz Toshkentlik ekansiz. Tabiiyki, markaziy nashrlar bilan tanishsiz, mahalliy matbuotni ham kuzatishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Masalan, "Farg‘ona haqiqati" gazetasining deyarli har bir sonida juda muhim va dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, ayni chog‘da jiddiy tanqidiy maqolalar beriladi. Botir Omon imzosi bilan yozadigan jurnalist ukamizdan umidimiz katta.

Hurmatli Muhammadjon aka, O‘zbekiston televideniyesida xalq hayotidagi muammolar aniq va tiniq aks etadi deb ishonasizmi?. O‘zTV xalqqa xizmat qiladimi yoki hukumatga?. Nima deb o‘ylaysiz?

Qurbonoy Kamol, Lozanna, Shveytsariya.

Muhammadjon Obidov: Men 2005 yilga qadar O‘zbekiston televideniyesida muxbir bo‘lib ishlaganman. Va o‘shangacha televideniye orqali siz aytmoqchi xalq hayotidagi muammolar haqidagi ko‘rsatuv, lavha, reportajlarim efirga uzatilgan. Agar siz o‘sha davrda O‘zbekistonda yashagan bo‘lsangiz, eslashingiz kerak. Aytaylik, dehqon rizqini qiyayotgan respublika yog‘-moy zavodlaridagi muttahamlar, mamlakat chorvadorlari manfaatiga zid ravishda ish tutgan korchalonlar, o‘n minglab tonna o‘zbek paxta tolasiga to‘lov amalga oshirilmay turib, chet elning soxta firmalariga yuborganlar va h.k. haqidagi jurnalistik surishtiruv natijasida, hayotning o‘zidan olingan ko‘rsatuvlar, ba‘zida ayrim rahbarlarimizning qarshiligi, qisqartishlariga qaramay, efirga berilgan. Bu mavzularni biron-bir odam yoki idora ko‘tarib chiqish haqida topshiriq bergan emas. Jurnalist sifatida mavzuni, takror aytaman, hayotning o‘zidan olganmiz. Siz nima deb o‘ylaysiz, keyin nima bo‘lgan?. Mamlakat rahbariyati har bir reportajimizdagi jurnalistik munosabatni qo‘llab-quvvatladi. Va yuqori darajada muhokamalar o‘tib, uning yechimini ta‘minlovchi aniq choralar ko‘rildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston televideniyesida yangi avlod jurnalistlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Televideniyeda ijtimoiy-iqtisodiy tahlildan ko‘ra, ma‘naviy-ma‘rifiy yo‘nalish kuchayib ketdi. Bu ham televideniye rivojidagi bir davrdir. Lekin ayting-chi, nima, ma‘naviy-ma‘rifiy ko‘rsatuvlar xalqqa xizmat qilmaydimi?

Assalomu alaykum Muhammadjon aka. Ayting-chi,mana ko‘p davlatlarda bo‘lgan ekansiz, iqtisodiy tomondan, tabiiy boyliklaridan va arzon ishchi kuchidan tashqari, O‘rta Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistonning ustunligi va kamchiligi nimada? Kelajakda paxta siyosati qanday bo‘ladi? O‘zbekistonda jurnalist bo‘lish osonmi, agar oson bo‘lsa, inson qanday sifatlarga ega bo‘lishi lozim? Rahmat. Sa‘diy.

Muhammadjon Obidov: Bugun O‘zbekiston deb atalayotgan mamlakat juda qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim mintaqa sifatida e‘tiborda bo‘lgan. Menimcha, mamlakatimizning eng katta boyligi, hamisha ham odamlarining yuksak ma‘naviy salohiyatidadir. Bu isbot talab qilmaydigan dalil desam, siz ham qo‘shilarsiz. Tabiiy zamin, iqtisodiy imkoniyat va xalq salohiyati uyg‘unligi tufayli O‘zbekiston O‘rta Osiyoda har jihatdan bugun yetakchi davlatga aylandi va qo‘shni davlatlarga nisbatan kamchiligimizni sezmadim.

"Paxta siyosati"ga kelsak, menimcha, O‘zbekistonda paxta maydonlari bora-bora yanada qisqaradi, lekin hosildorlik oshadi, paxta tolasi eksporti qisqarib, uni O‘zbekistonda qayta ishlash miqdori ko‘payadi, chuqur qayta ishlash tarmoqlari kengayadi. Kelajakda 2-2,5 million tonna paxta yetishtirib, 700-800 ming tonna tola olib, uning 70-80 foizi shu yerda qolsa kerak.

Jurnalist bo‘lish u qaysi mamlakatda bo‘lmasin, oson emas. Jurnalistikaning birinchi talabi-to‘g‘riso‘zlik, voqe‘likka xolis yondoshuv va bu haqda axborot tarqata bilishlik, deb hisoblayman. Biron-bir shaxs, siyosiy tuzum manfaatiga asoslangan jurnalistik faoliyatning umri qisqa. O‘sha davr tarixi vaqtlar o‘tib, boshqatdan yoziladi. Iroqda kimyoviy qurol bor ekan, deb ayyuhannos solgandilar olis qit‘a va Yevropa axborot agentliklari. Iroq fojeasi nima bilan tugaganini bilasiz. Ammo o‘sha axborot agentliklari yoki jurnalistlar tazarru qilgani yo‘q. Aksincha, ular bugun Suriyadagi muxolifat xalq manfaatini himoya qilayapti, deb xabar tarqatayaptilar.

Yoki Falastin masalasida g‘arb jurnalistikasidagi biryoqlamalik, Isroil va uni qo‘llab turgan kuchli davlatlar siyosatiga yonbosishlik, menimcha, kasbga xiyonat qilishlikdir.

Men bir yil avval Misrda, xususiy safarda bo‘ldim. Mamlakat kezib, ko‘plab odamlar bilan suhbatlashdim. Xalqning aksariyati Husni Muborakni mamlakatda tinchlik va farovonlik ta‘minlagan rahbar sifatida hamon hurmat qilar ekan. "Tahrir" maydonida bo‘lgan voqealarga o‘zlarining daxli yo‘qligini, umuman, davlat to‘ntarishini kim, qanday kuchlar amalga oshirganini ham bilmay qolganlarini aytdilar. 2011 yilning 8-10 oktyabrida "Tahrir" maydonidagi fojeali to‘qnashuvni o‘z ko‘zim bilan kuzatdim. O‘nlab odamlar halok bo‘ldilar. Lekin xalq har ikki tomonni ham qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q. Xalqqa tinchlik kerak. To‘qnashuvni yuzaga keltirayotgan kuchlar chetda voqeani kuzatib turganlariga aminman. Men shularni yozgandim. Afsus, "Misr Muborakdan so‘ng" maqolam chop etilmay qoldi.

Sa‘diy deb imzo qo‘ygan tinglovchiga savoli uchun minnatdorchilik bildirib, takror ta‘kidlayman, jurnalistika bu eng og‘ir, fidoyilik, o‘rni kelganda, sabr-toqatni ham talab qiladigan kasb.

Butun umringiz Karimov diktaturasiga xizmat qilib o‘tibdi. Yana taqdiringizdan xursand ekansiz. Siz shu tuzmning jinoyatlariga sheriksiz. Bunga afsuslanish kerak edi. Siz xursand bo‘ladigan hayot shu bo‘lsa, demak, sizning kimligingiz tushunarli!. Muhammadsolih.

Muhammadjon Obidov: Men taqdirimdan mamnunman. Chunki har qanday sharoitda ham Vatandan qochib ketganim yo‘q, shu yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida bor imkoniyatdan unumli foydalanib, zarur chog‘da yana imkon izlab harakat qilayapman. Meni jinoyatchiga chiqaribdilar. Aslida mamlakatdagi real hayotni, xalq fikrini o‘zidan bilmasdan turib, mulohaza yuritadigan, chetdan aql o‘rgatadigan, yurtiga doimo tuhmat yog‘diradiganlarni jinoyatchi, desa to‘g‘riroq bo‘lar. O‘zbekistondagi mustaqil siyosat va taraqqiyotning nimasi Sizga maqbul emas? Chunki bunday insonlarning birinchi istagi-amal. Ularga amal kursisi kerak. Amalni orzu qilish yomon xislat emas, albatta. Lekin unga xalq hurmati, xalq ishonchini qozonibgina erishish mumkin. Chetda turib fikrlaydiganlar shundan qo‘rqadilar, ortlaridan xalq ergashmasligi, xalq ishonchiga kira olmaslikdan qo‘rqadilar. Keyin O‘zbekistondagi sanoqli alamzadalar, omadsizlar, ijtimoiy muhofazaga muhtojlar, xali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan ayrim yoshlar fikrini chalg‘itishga urinadilar, ularning gapiga tayanib, mamlakat, xalq hayoti haqida umumlashma xulosa chiqaradilar.

Ha, xali O‘zbekistonda hal qilinishi lozim muammolar bor. Ish o‘rinlari yaratish, munosib ish haqi to‘lash, gaz, elektr ta‘minotini yaxshilash, bolalar mehnatidan tamomila voz kechish, matbuotda fikrlar xilma-xilligi aks etishiga erishish, o‘zbek so‘mining erkin konvertatsiyasi, migratsiya va h.k. Ishoning, bu masalalar davlat miqyosida yashirilayotgani yo‘q. Bir yilda 543 ming yosh yigit-qiz kasb-hunar kollejini tugatayapti. Ularni ish bilan ta‘minlash osonmi, axir? Ish tajribasi yo‘q o‘spirinni bozor qonuniyatlariga asoslangan ishlab chiqaruvchi quchoq ochib kutib olarmidi? Davlat shu ishni qilyapti. Yoshlar ishli bo‘lishi uchun hukumat dasturlari tuzilib, har bir o‘rin e‘tiborda turibdi. Lekin bunga o‘z-o‘zidan erishilmaydi-ku?!.

Migratsiya masalasiga kelsak. U butun dunyoda bor jarayon. Men Germaniyada millionlab, Saudiyada yuz minglab turklar ishlayotganini ko‘rib, bildim. Lekin hech kim Turkiya davlatiga, hukumatiga ta‘na qilayotgani yo‘q. Dunyoning qaysi davlatida xitoyliklar ishlamaydi, degan savolga javob toping-chi? Lekin xech kim Xitoy kompartiyasiga buning uchun e‘tiroz bildirmayapti. Afsuski, yurtidan qochgan siyosatdonlaru o‘zbek tilida eshittirish tarqatadigan aksariyat radiovozlar deyarli har bir chiqishlarida shu mavzuni chaynaydilar. Ha, migratsiya masalasida huquqiy me‘yorlarni, qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Ha, Koreya Respublikasi bilan mavjud shartnoma tajribasini Rossiya va boshqa davlatlarga nisbatan ham qo‘llash, ya‘ni migratsiyani qonuniylashtirish kerak. Lekin bunga chetda turib, aql o‘rgatish va tosh otish bilan erishib bo‘lmaydi. Qonuniy yo‘llardan foydalanish kerak. Siyosiy partiyalar qayg‘urishi kerak, avvalo. Bu masalada ulardan saylangan deputatlarda faollik yetishmasligi ham inkor qilib bo‘lmaydigan holat.

Hurmatli Muhammadsolih. Siz qaysi Solih bo‘lsangiz ham, kim kimligini avvalo xalq bilsin.

Assalomu alaykum Muhammadjon aka, o‘zbek jurnalistlarining poraxo‘rligi haqida nima deya olasiz? Buni yashirib bo‘lmay qoldi, xatto maxsus ko‘rsatuv ham namoyish qilishdi. Balki ayb jurnalistlardamasdir, ularni shu ko‘yga solgan tuzumdadir?. So‘z erkinligi bo‘lsa, jurnalistning ham kosasi oqararmidi? Fikringizni bilishni istardim. Hurmat bilan, hamkasbingiz.

Muhammadjon Obidov: Poraxo‘rlik – illatgina emas, ayni choqda juda ham yashovchan virusdir. U boshqa kasb egalari kabi juda oz bo‘lsa-da, ayrim jurnalistlarga ham yuqqanini aytayapsiz. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Poraxo‘rlikni mavjud tuzum bilan bog‘liq, desak to‘g‘ri emasdir. Kommunistik tuzum hukmron bo‘lgan Xitoydagi voqealardan xabardorsiz. O‘zini demokratik davlat, deb hisoblaydigan Frantsiya sobiq prezidenti saylov kompaniyasida olgan millionlar haqida eshitgansiz, albatta. Menda aniq statistik ma‘lumot yo‘q hozir, lekin bu savolingizdan keyin o‘rganib ko‘rishga va‘da beraman, O‘zbekistonda poraxo‘rlikda ayblanganlarning necha foizi jurnalist ekanini. Menimcha, juda-juda oz qismini tashkil etsa kerak. Lekin u qancha bo‘lmasin, bu kasbga mutlaqo yot narsa.

Jurnalistlarning moddiy manfaatdorligini yanada yaxshilash uchun davlat ommaviy axborot vositalariga bir qator imtiyozlar berdi. Jumladan, soliq imtiyozi. Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligi va uni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyixasi ustida ish olib borilayapti. Loyiha muhokamasida farg‘onalik jurnalistlar ham ishtirok etib, takliflarimizni berdik.

Bilasiz, jurnalist daromadi ommaviy axborot vositasining moliyaviy ahvoliga bog‘liq. Buning uchun gazeta tiraji ko‘payishi, televideniyeda reklama miqdori ortishi kerak. Lekin bular poraxo‘rlik jinoyatini sodir qilishga asos bo‘la olmaydi.

Suhbatimiz oxirida vaqt ajratib, e‘tibor berib, menga savol yo‘llaganlarning barchasiga, shuningdek, BBC radiosi tahririyatiga minnatdorchiligimni bildiraman. Rahmat.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.