BBC navigation

O‘zbek muxolifati: Konstitutsiya haqiqatdan mukammal bir qomusmi?

Сўнгги янгиланиш 10 декабр 2012 - 14:11 GMT

"Qonun faqat qog‘ozda va bir deklaratsiyaga o‘xshab qolgan. Chunki amalda bu yaxshi niyat ko‘zga tashlanmadi".

Mustaqillikning 20 yili ichida hukumatga qarashli oav konstitutsiyaning mukammalligini, dunyo talablariga javob berishini madh qilib keladi.

Biroq bu yillar ichida O‘zbekistondan siqib chiqarilgan muxolifat, inson huquqlari faollarining fikri buning teskarisini ta‘kidlaydi.

Muhtasham Forumlar saroyida tashkil qilingan tantanali yig‘ilishda prezident Islom Karimov yig‘ilganlarni konstitutsiya kuni bilan tabriklagan va an‘anaga muvofiq keyingi yilning nomini "Obod turmush yili" deb atashni taklif qilgan.

O‘zbekistondan siqib chiqarilgan muxolifat konstitutsiya amalda o‘z o‘rniga ega emasligini ta‘kidlaydi. O‘zbekiston Xalq harakatidan Namoz Normo‘min ana shunday fikrlovchi muxolifat vakillaridan biri.

"Albatta, bu konstitutsiya amalda emas. U faqat qog‘ozda va bir deklaratsiyaga o‘xshab qolgan. Chunki amalda bu yaxshi niyat ko‘zga tashlanmadi. Konstitutsiyada yaxshi narsalar yozilgan ammo, prezident Karimov va O‘zbekiston hukumatining olib borayotgan siyosati tamoman buning teskarisi", deydi Namoz Normo‘min.

Konstitutsiyaning 29-moddasi. Har kim fikrlash, so‘z va e‘tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra O‘zbekiston hukumatni tanqid qilishga qaratilgan har qanday fikr va axborot keskin qarshiliklarga uchraydi.

"Insonning insonligini belgilaydigan jihat, uning e‘tiqodi va fikrini tashqariga ayta olishi va ko‘rsata olishidir. Biz Karimov hukumatini tanqid qilarkan, shu narsani talab qilganmiz. Siz insonlarga siyosiy erkinliklarni bermayapsiz. Siz insonlarga, iqtisodiy, ijtimoiy, e‘tiqodiy erkinliklarni bermayapsiz. Natijada inson, xalq o‘zini ko‘rsata olmayapti", - deydi Namoz Normo‘min.

Ayni damda muhojirlikda yashayotgan "O‘tyuraklar klubi" rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva konstitutsiyaning inson huquqlari borasidagi moddalari umuman amalda joriy qilinmaganini aytadi. Unga ko‘ra, avvalo, konstitutsiyaning 93 moddasi, O‘zbekiston respublikasi prezidenti fuqarolarning huquq va erkinliklariga, O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir, qismi amal qilishi lozim.

O‘zbekistonda bir necha bor sudlangan Mo‘‘tabar Tojiyeva konstitutsiyada yozilgan huquqlarning ijrosini so‘rab, har bir tegishli idora va prezidentga bir necha marotaba murojaat qilgan, ammo biror ijobiy javob ololmagan.

"Bugungi kunda O‘zbekistonda, nohaq, jinoiy javobgarlikka tortilayotgan har qanday insonning ishi sudda qonuniy tartibda oshkora ko‘rib chiqilayotgani yo‘q. Ularning aybi aniqlanmaguncha, aybdor hisoblanmasligi huquqi ta‘minlangani yo‘q. Eng asosiysi, surishtiruv va tergov vaqtida gumonlanuvchi va aylanuvchining qiynoqqa solingani haqidagi sud jarayonida berilgan ko‘rsatmalarga e‘tibor qilinmaydi", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Konstitutsiyaning yana bir moddasida, Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi, deyilgan.

Ammo huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva ko‘ra davlat diniy birlashmalarning ishiga amalda aralashini va O‘zbekistondagi diniy qo‘mitalar hukumat tashviqot mashinasiga aylanib qolgan. Huquq himoyachisi qamoq jazosini o‘tagan koloniyaga diniy qo‘mita vakillari kelib, davlat topshirig‘ini bajarganini guvoh bo‘lgan.

"Diniy qo‘mita vakillari bilan uchrashuvlarda, mahkumalarning nohaq terrorizm va diniy ekstremizmda ayblanganligini, hattoki o‘zim ham 244 modda bilan ayblanganligimni va hanuzgacha qaysi diniy oqimga a‘zoligimni bilmasligimni so‘rardim. Diniy qo‘mita vakili bilan suhbatimizdan keyin meni, albatta, javobgarlikka tortib o‘sha kunning o‘zida izolyatorga qamardilar", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda ijtimoiy tanglikning oldini olish uchun konstitutsiyada yozilgan huquq va burchlarga amal qilinishi ta‘minlanishi lozimligini ta‘kidlashadi.

Huquqbon Mo‘‘tabar Tojiboyeva konstitutsiya moddalari amal qilishi uchun hukumat fuqarlik jamiyati vakillari faoliyatiga izn berishi lozimligini urg‘ulaydi.

"Fuqarolik jamiyati faollariga bo‘layotgan bosimlar. Ularning telefoni eshitishi, uylariga bostirib kirilishi, ularning ketidan doimiy kuzatib yurilishi, ularning sha‘ni va obro‘siga tajovvuz qilinib, matbuotda maqolalar e‘lon qilinishini tugatish kerak", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.