BBC navigation

Gulnora Karimovaga inson huquqlariga oid muammolar ro‘yxati yo‘llandi

Сўнгги янгиланиш 12 декабр 2012 - 16:30 GMT

Andryu Stroleyn va Gulnora Karimova o‘tasidagi tviter muloqoti o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgandi

Xalqaro Inqiroz Guruhining Bryusselda joylashgan matbuot bo‘limi direktori Andryu Strolayn O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga O‘zbekistonda muhokama etilishi mumkin va lozim bo‘lgan inson huquqlari sohasidagi muammolar majmuini yo‘llagan.

Janob Strolayn o‘tgan hafta Karimova xonim bilan бу ерга босинг Twitter orqali ochiq muloqot o‘tkazib, O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvolini muhokama qilgandi.

Twitter orqali suhbatda Andryu Strolayn xonim Karimovadan O‘zbekistonda odamlarning qiynoqqa tutilishi hollari va majburiy bolalar mehnatini to‘xtatish va qoralashga chaqirgandi.

Bunga javoban Gulnora Karimova Andryu Strolayndan aniq faktlarga asoslangan hujjatlarni yuborishni so‘ragandi.

Gulnora Karimova va‘dasiga asoslanib, Andryu Strolayn O‘zbekistonda o‘z yechimini topishi lozim bo‘lgan inson huquqlari sohasidagi muammolarni birma-bir sanab o‘tgan.

"Bizning o‘tgan haftada Twitterdagi suhbatimizdan so‘ng, men O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq yechilishi lozim bo‘lgan ba‘zi masalalar haqida yozmoqdaman," - deydi janob Strolayn.

"Men quyida ba‘zi umumiy savollarni ajratib ko‘rsatishga va ayrim shaxslarning ro‘yxatini berishga harakat qildim. Shundan so‘ng ularning ba‘zilarining ishlariga alohida to‘xtalish mumkin bo‘ladi. Men umid qilamanki, o‘zingiz va‘da qilganingizdek, bu masalalarni ko‘rib chiqib, munosabat bildirasiz", - deb yozadi Xalqaro Inqiroz guruhi vakili.

Unga ko‘ra, "bular O‘zbekistondagi inson huquqlarining buzilishigi oid ba‘zi misollar bo‘lib, ularning hal etilishi zarur hisoblanadi".

Bu matni tayyorlash jarayonida Andryu Strolayn BMT hisobotlari, O‘zbekiston hukumatining inson huquqlariga rioya qilinishiga doir hujjatlari, shuningdek, inson haqlari guruhlarining hisobotlari bilan batafsil tanishib chiqqanini ta‘kidlaydi.

"Men umid qilamanki, bu suhbat quyidagi alohida jabrdiydalar muammolarining yaxshilanishiga olib keladi", - deydi janob Strolayn va yetti bo‘limdan iborat muammolar majmuini Gulnora Karimovaga taqdim etadi.

Siyosiy erkinliklar, tutqunlar va Andijon qirg‘ini

Janob Strolayn O‘zbekistonda siyosiy erkinlikning yo‘qligi va fuqarolik jamiyati faollarining ozodlikdan mahrum etilishini dastlabki muammo sifatida ko‘rsatgan.

"Yaqinda inson haqlari bo‘yicha 9 yetakchi tashkilot O‘zbekiston hukumatidan inson huquqlari faollarini turmadan ozod etishga chaqirishdi", - deb yozadi Strolayn va bu faollarning ismi-shariflarini keltiradi.

Bundan tashqari janob Strolayn "siyosiy ayblar bilan uzoq muddatlarga qamalgan tutqunlar" ismlarini ham birma-bir keltirgan.

Janob Strolayn O‘zbekiston qamoqxonalari va militsiya bo‘linmalarida qiynoqlarning muntazam ravishda qo‘llanilishini qayd etadi.

"BMTning O‘zbekistonda qiynoqlar masalasini tekshirish bo‘yicha qilgan murojaatlari yillar davomida inkor qilinib kelinmoqda", - deb yozadi Andryu Strolayn.

Keyingi masala sifatida u O‘zbekistonda "kattalar va bolalarning majburiy mehnatidan foydalanishini" tilga olgan.

Andryu Strolayn shuningdek 2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealar bo‘yicha xalqaro tekshiruv o‘tkazilishiga ruxsat berish muhimligini qayd etgan.

O‘zining ochiq xatida Andryu Strolayn "O‘zbekistonda fikrni erkin ifoda etish cheklangani, mamlakatda qator xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari taqiqlangani"ni tilga oladi

U xalqaro tashkilotlarning mamlakat ichkarisida "hukumat aralashuvisiz ishlashlariga qo‘yib berish, bekor qilingan tashkilotlarni qaytadan ro‘yxatga olish, xorijiy jurnalistlarga mamlakatga kirish va chiqish vizalari muammosiz berilishi kerak", - deb yozadi.

"Umidim katta emas"

Xalqaro Inqiroz Guruhining so‘zchisi ochiq maktubida zikr etilgan muammolar birinchi bor ko‘tarilayotgani yo‘q.

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumatidan ushbu muammolarga yechim topishni ko‘p yillardan buyon talab qilib keladi.

Ammo, O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi vaziyat hamon abgorligicha qolmoqda.

Shunday ekan, janob Strolayn Gulnora Karimovadan nimaga umid qiladi?

BBC ushbu savol bilan Andryu Strolaynning o‘zini suhbatga tortdi.

Andryu Strolayn: O‘tgan hafta bizning Twitter orqali suhbatimiz ikki soat davom etdi. U menga O‘zbekistonda inson haqlarining buzilishiga oid bizda tafsiloti mavjud bo‘lgan har qanday ishga javob berishga va‘da qildi. Bizning Twitter suhbatimizda ko‘tarilgan masalalardan biri O‘zbekiston politsiya idoralarida qiynoqlarning qo‘llanishi va har yili paxta yig‘im terimi mavsumida O‘zbekiston fuqarolarining, xususan bolalarning mehnatga majburlanishi edi. Gulnora Karimova mazkur muammolar qatorida men yo‘llaydigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishga va‘da berdi. Bugun, inson huquqlarida yig‘ilib qolgan muammolar majmui bitilgan maktubni Gulnora Karimavaga ochiq tarzda yo‘lladim. Bunday qilishimdan maqsad, mening Gulnora Karimova bilan boshlagan suhbatim poyoniga yetmaganini boshqalarga bildirish edi.

BBC: Sizning Twitter muloqotingiz ortidan ko‘plab o‘zbekistonlik faollar Gulnora Karimovaning ushbu masalalarga qanday vakolat bilan aralasha olishini savol ostiga oldilar. Siz Gulnora Karimova inson huquqlari masalasida murojaat qilinishi kerak bo‘lgan shaxs deb o‘ylaysizmi?

Andryu Strolayn: Men Gulnora Karimova inson huquqlari masalasida murojaat qilish mumkin bo‘lgan shaxslardan biri deb o‘ylayman. Bilasiz, xalqaro inson haqlari tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va huquqbonlar O‘zbekistonda ushbu masalalarga mas‘ul bo‘lgan turli idoralarga yigirma yildan buyon murojaat qilib kelishadi. Ammo, o‘tgan yigirma yil davomida O‘zbekistonda inson haqlari sohasida hech qanday ilgarilash bo‘lgani yo‘q. Gulnora Karimova bu masalalarni ko‘rib chiqishga ochiqcha va‘da bergani uchun, bu va‘dalarni inobatga olib, unga murojaat qildik.

BBC: Ammo, siz ko‘tarilgan muammolar yechimini topishga Gulnora Karimova qodir deb o‘ylaysizmi? Unda bunday salohiyat bormi?

Andryu Strolayn: Muammolar o‘ta chigal. O‘zbekistonda hech kim, hatto Karimov ham bir kunning o‘zida bu muammolarga yechim topa olmaydi. Bu imkonsiz. Muammolar o‘ta eskirgan va chuqur ildiz otgan. Ammo Gulnora Karimova, misol uchun, majburiy bolalar mehnati yuzasidan o‘z mavqe‘ini bildirishi mumkin. Chunki, elchi maqomiga ega va ba‘zi muammolarni mamlakatni idora etayotgan eng yuqori mulozimlarga olib chiqishi mumkin.

BBC: Lekin siz yuqorida 20 yildan buyon hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytdingiz. Bu maktubingiz ham tezda unutiladi deb o‘ylamaysizmi?

Andryu Strolayn: Samimona aytadadigan bo‘lsam, umidim katta emas. Lekin, Gulnora Karimova barcha o‘ngida va‘da bergani uchun bu ishni qilayapmiz. Karnaychidan bir puf. Ammo, e‘tirof etaman, umidim juda ham kichkina.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.