BBC navigation

"Ochiq Markaziy Osiyo" ilk bor xorijliklarga ochildi

Сўнгги янгиланиш 13 декабр 2012 - 15:53 GMT

Qo‘shni Qirg‘izistonda xuddi shu nom ostida uyushtirilgan adabiyot festivaliga ilk bor mintaqa adiblaridan tashqari xorijlik yozuvchilar ham tashrif buyurishgan.

Festivalga Buyuk Britaniyaning Silk Road Media shirkati bosh-qosh bo‘lgan.

Tadbirda britaniyalik, qofqozlik va polshalik ijodkorlar o‘z asarlari bilan ishtirok etishgan.

Anjuman tashkilotchilariga ko‘ra, bunaqasi nafaqat Qirg‘iziston, balki qolgan Markaziy Osiyo davlatlarining ham mustaqil tarixida kuzatilmagan.

"Ochiq Markaziy Osiyo" kitob anjumani va adabiyot festivali tashkilotchilaridan biri Marat Ahmedjanov butun mintaqa nazarda tutilganda, mustaqillik davriga salbiy holatlar ham xos bo‘layotganidan afsusda ekanini aytadi.

"Afsus, o‘sha paytda ijobiy holat deb ko‘rilgan, buyuk, yaxlit va bo‘linmas hisoblangan sobiq Sho‘rolar Ittifoqi madaniyati ham chilparchin qilingan. O‘sha davrda bizni eng avvalo umumiy til, butun mamlakat darajasidagi mana shu kabi ko‘plab madaniy tadbirlar ham birlashtirib turgan edi. So‘nggi bir necha yil davomida esa, biz ko‘plab mualliflar asarlarini o‘qidik. Ammo ularni birlashtiruvchi, umumiylashtiruvchi mexanizm yo‘q edi. Xuddi shu sababdan ham, biz mana shunga o‘xshash kitob va adabiyot anjumanlarini o‘tkazishga qaror qildik", deydi tashkilotchi.

Marat Ahmedjanov, o‘z o‘rnida, tanlov g‘oliblarini ham faqat o‘quvchilar tanlashganini ta‘kidlaydi.

"Albatta, men bu tadbirimizda g‘oliblarni tanlash 100 foiz xolis bo‘ladi, deb aytolmayman. Har holda yozuvchi asarini o‘quvchi baholaydi. Bizning maqsadlarimizdan biri esa, bir-birlari bilan yaxshi aloqalarda bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarida adabiy klublar tuzishdir", deydi u.

Dongdor adiblarning mahalliy o‘quvchilar bilan uchrashuvlari, ayniqsa, anjumanning eng esda qolarli lahzalaridan biri bo‘lgan.

Ularning orasida polshalik taniqli yozuvchi Yanush Vishnevskiy, mashhur o‘zbek adibi Abdulhamid Ismoil bilan birga yana o‘zbekistonlik qator qalamnavislar, Ozarbayjondan Elchin Safarli, qozog‘istonlik adib Qayrat Zokirjonov va boshqalar bor.

Mashhur adib, "Tarmokdagi yolg‘izlik" asari muallifi Yanush Vishnevskiy BBC bilan suhbatida adabiyotning vazifasini quyidagicha tasvirlaydi:

"Albatta, muhabbat – bu siyqasi chiqqan mavzu. Ammo, mana, uch – uch yarim ming yildan buyon odamlar sevgi haqida yozib kelishmoqda. Demak, bu yerda qandaydir bir yashirin narsa - sir bor ekan-da. Chunki muhabbat to‘g‘risida hamma narsa yozib, bitilganda edi, adabiyot uchun ham birorta mavzu qolmas edi", deydi Yanush Vishnevskiy.

Adiblar orasidagi tanlov g‘oliblarini e‘lon qilish esa, anjumanning eng tantanali voqeasiga aylandi.

Eng yaxshi badiiy asar, adabiy tarjima va kitob bezagi nominatsiyalari bo‘yicha orziqib kutilgan tanlov g‘oliblari esa, eng so‘nggida ma‘lum bo‘ldi.

Mazkur yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha to‘qqiztadan muallif tanlab olingan edi.

Deylik, "Eng yaxshi badiiy asar" yo‘nalishida o‘zbekistonlik yozuvchi Galina Dolgaya 1-o‘rinni olgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin qirg‘izistonlik adib Rahim Karimovga nasib etti.

Badiiy tarjima sohasida esa, qirg‘iz tarjimonlari Zina Qorayeva va Donata Davronovalar yangi topildiqlar sifatida tilga olindi.

Adabiy anjumanda ishtirok etgan Qirg‘iziston sobiq Prezidenti Roza O‘tinboyeva, "bu kabi ommaviy tadbirni o‘tkazish – Qirg‘iziston jamiyati orzu qilgan va ko‘pdan beri kutilgan ijtimoiy voqea", ekanini aytgan.

O‘tinboyeva xonim, o‘z o‘rnida, aholi orasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketgani, davlat, hattoki, bolalarni badiiy asarlar bilan ta‘minlay olmayotganidan afsuslarini izhor etgan.

"Ochiq Markaziy Osiyo" festivalida "Eng yaxshi badiiy asar" va "Eng yaxshi adabiy tarjima" nominatsiyalari g‘oliblari kelasi yil Londonda bo‘lib o‘tajak kitob yarmarkasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgan.

O‘z navbatida, ularning asarlari ingliz tiliga tarjima qilinib, chop ham etiladi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.