BBC navigation

"Suv zaxiralari Markaziy Osiyoda davlatlararo mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin"

Сўнгги янгиланиш 13 декабр 2012 - 16:41 GMT

"Suv zaxiralari Markaziy Osiyoda davlatlararo mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin"

Bu kabi xulosaga AQSh Milliy Josuslik kengashining yillik hisobotida kelinadi. Hisobotda aytilishicha, 2030 yilga borib, suv zaxiralari mintaqada ham ichki va ham xalqaro miqyosdagi mojarolarning eng asosiy sababiga aylanishi mumkin.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, o‘sha paytga borib, suv zaxiralari mintaqa davlatlari uchun qolgan foydali qazilma xom-ashyolaridan ko‘ra ham muhimroq ahamiyat kasb etadi.

140 sahifali hisobot "2030 yilgacha bo‘lgan tendentsiyalar: muqobil tinchlik yo‘llari", deb nomlanadi.

Unda aytilishicha, "Suv manbalari masalasida asosiy tanglik kamari Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo orqali shimoliy Xitoygacha boradi".

Agar, hisobotda keltirilgan hisob-kitoblarga qaralsa, ushbu mintaqalarda suv zaxiralari yuzasidan tanglikning kelib chiqishi uchun suv ta‘minoti yiliga kishi boshiga 1.700 kubometrdan pastga tushib ketishining o‘zi kifoya qiladi.

Mualliflarga ko‘ra, bu gal shunga o‘xshash mojarolar vujudga kelgan taqdirda, aksariyat holatlarda ularning tinch yo‘l bilan yakun topishiga yetaklagan o‘tmish tajribasi ham ish bermasligi mumkin.

Ayon bo‘lishicha, bunga hisobotda tilga olib o‘tilgan mintaqalarda aholi sonining ko‘pligi va qurg‘oqchilik sabab, suv zaxiralari miqdorining jadallik bilan o‘zgarishi sabab bo‘lishi mumkin.

Hisobotda yangragan bashoratlarga qaralsa, aksariyat daryolarning chegaraosha ekani bois, ushbu mamlakatlar orasidagi mavjud boshqa kelishmovchiliklar manzarasida davlatlararo mojarolar ehtimolini nazardan soqit etib bo‘lmaydi.

Boshqa omillar...

Yangi hisobot mualliflariga ko‘ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisi sonining taxminan 50 foizgacha ko‘payishi va o‘sib borayotgan o‘rta sinf ehtiyojlarining kuchayishi sabab, oziq-ovqat mahsulotlari, suv zaxiralari va energiyaga bo‘lgan talab ortadi.

O‘z o‘rnida, hisobotda ta‘kidlanishicha, global iqlim o‘zgarishi eng muhim tabiiy zaxiralarning ham kamayishiga sabab bo‘ladi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, "bu - o‘sha paytga borib, so‘zsiz zaxiralar taqchilligi yuzaga kelishini anglatmaydi".

"Tashqi yordamsiz bu kabi davlatlar aksariyatining oziq-ovqat va suv taqchilligi muammosini hal etishga moliyaviy jihatdan qurblari yetmasligi mumkin. Ammo har qanday ehtimoliy mojarolarning oldini olish uchun o‘sha davlat siyosatchilari va ularning xususiy sektorda band hamkorlarining tashabbuskorliklari taqozo etiladi".

AQSh Milliy Josuslik Kengashi 1979 yilda tuzilgan va Amerika hukumati qoshidagi strategik tadqiqotlar markazi sanaladi.

Kengash o‘z hisobotini har to‘rt yilda Amerikada yangi prezident saylanishi ortidan e‘lon qiladi va unda jahon hamjamiyati kelasi 15-20 yilda to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan muammolar tahlil etiladi.

Markaziy Osiyo

Mahalliy tahlilchilar ham suv zaxiralari yuzasidan ayrim Markaziy Osiyo davlatlari orasida allaqachon kelishmovchiliklarning mavjudligi, aholi sonining ortishi va energiya mahsulotlariga bo‘lgan talabning kuchayishi mavjud nizolarni yanada olovlantirishi ehtimolini inkor etishmaydi.

Ammo, siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, mintaqa davlatlari suv ustidan qurolli urushlar tanlovigacha borishmaydi:

"O‘ylaymanki, O‘zbekistonga o‘xshagan davlatlar hozirgi paytda ham, bundan keyin ham, mojarolarning bilvosita usullarini qo‘llashlari mumkin. Ya‘ni, bir davlatning ikkinchi bir davlatga harbiy askar olib kirishi emas, ichki ishlariga aralashuvning juda ham uzoq, jumboqli va yashirin yo‘llari qo‘llanishi mumkin, degan tasavvur bor menda. Ichki ishlariga aralashuv va bosim o‘tkazishning har xil yo‘llari, harbiy emas, ko‘proq siyosiy bo‘lgan yo‘llari borgan sayin kuchayib boradi, deb o‘ylayman", deydi o‘zbekistonlik tahlilchi.

Unga ko‘ra, mavjud suv muammosining yechimlari haqida faqat Markaziy Osiyoda yaqin yillarda kutilayotgan o‘zgarishlardan keyingina so‘z yuritish mumkin.

"Bu davrda Markaziy Osiyo siyosiy sahnasida Karimov bo‘lmaydi, Nazarboyev bo‘lmaydi va qolgan davlatlarning mavqe‘lari ham anchagina qaytatdan ko‘rib chiqilgan bo‘ladi", deydi u.

Yaqinda Londonda nashr etiluvchi nufuzli "Ekonomist" haftaligi ham suv ustidan bo‘layotgan aytishuvlar Markaziy Osiyodagi shundoq ham qaltis vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkinligini bashorat qilgandi.

Haftalikka ko‘ra, mavjud vaziyat Nato mulozimlarini tashvishga solmay qo‘ymagan. Chunki mintaqadagi uch davlat Afg‘onistondagi xalqaro ittifoq kuchlarining ta‘minotida muhim o‘rin tutishadi va Natoning Afg‘onistondan ortga safarbarligida ham katta rolь o‘ynashlari kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, shu yil sentyabr oyida Qozog‘istonga qilgan so‘nggi safari chog‘idaTojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib, "vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimoli" mavjudligi bilan ogohlantirgandi.

Uning bu chiqishi mintaqadagi ayrim davlatlar tomonidan xavotir bilan ham qarshi olingandi.

Prezident Karimov esa, "chegaralarosha daryolar masalasida mintaqa davlatlari jahon va xalqaro hamjamiyatga quloq tutishi lozim"ligini ta‘kidlab keladi.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.