BBC navigation

Prezident Nazarboyev Qozog‘iston taraqqiyotiga oid o‘z rejalarini e‘lon qildi

Сўнгги янгиланиш 14 декабр 2012 - 14:02 GMT

Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni deyarli chorak asrdan buyon idora etib keladi

Qozog‘iston xalqiga yillik an‘anaviy murojaat bilan chiqqan prezident Nursulton Nazarboyev mamlakatning 2050 yilgacha bo‘lgan taraqqiyot rejalarini ochiqlagan.

Shu bilan birga janob Nazarboyev 2025-yildan boshlab Qozog‘istonning lotin alifbosiga o‘tishi uchun tayyogarlik ko‘rishni boshlash haqida ko‘rsatma bergan.

U, shuningdek, markaziy va mahalliy hokimiyatlarga berilajak vakolatlar ham o‘zgarishini ma‘lum qilgan.

Elboshiga ko‘ra, 2013-yildan boshlab markaz va hududlar o‘rtasidagi vakolat bir-biridan ajratilgan holda bo‘ladi.

Joylardagi hokimlarga ko‘proq mustaqil harakat qilish vakolati berilishi kutilmoqda.

Nursulton Nazarboyev qishloq okruglari va tuman tipidagi posyolkalarda hokimlar saylash yo‘li bilan aniqlanishini ham bildirgan.

Qozog‘iston bo‘yicha BBC muxbiri Shodiyor Sayfning aytishicha, janob Nazarboyevning bu yilgi murojaati "o‘zining uzatilish shakli bilan farq qilib turibdi".

"Har yili murojaatni to‘g‘ridan to‘g‘ri markaziy telekanallar orqali ko‘rish mumkin edi. Ammo bu yilgi murojaat yozib olingan holda ko‘rsatilmoqda. Jurnalistlar esa ushbu murojaatni yangi qurib bitkazilgan "Ostona opera" opera va balet teatridan bevosita kuzatishayapti, murojaat matni esa axborot agentliklari orqali yozma ravishda uzatilmoqda", - deydi Shodiyor Sayf.

Uning ta‘kidlashicha, Nursulton Nazarboyevning bu yilgi murojaatida eng "shov shuvli deb ko‘rilayotgani" Qozog‘istonning lotin alifbosiga o‘tish to‘g‘risidagi topshirig‘i bo‘lgan.

Lotin alifbosi istiqboli

Tahlilchilar qozoq alifbosining lotin alifbosiga o‘tkazish rejalarini turlicha talqin qilishmoqda.

Ba‘zilar rejani "rus tili ta‘siridan qutilish sari tashlangan bir qadam" deb baholashmoqda.

Boshqalar esa buni Qozog‘istonning turkiy davlatlar hamkorlik kengashiga a‘zo ekani bilan izohlashadi.

Ularga ko‘ra, Qozog‘istonni lotin alifbosiga Turkiyaning yuqori mulozimli undayotgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas.

Janob Nazarboyevning o‘zi esa yangi qarorni "lotin alfibosini zamonaviy axborot alifbosi" deb baholagan.

Rejaga muvofiq, Qozog‘iston 2025 yildan boshlab lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tishi mumkin.

To‘liq lotin alifbosiga o‘tish qachon yakunlanishi borasida qozoq rasmiylari biror izoh berishgani yo‘q.

Mahalliy hokimiyatlar vakolati Nursulton

Nazarboyevning aytishicha, "Qozog‘istoncha demokratiya rivojlanishining yangi turdagi davlatchiligini shakllantirish lozim".

Shu sababdan 2013 yildan boshlab, markaziy va hududlardagi hokimiyat o‘rtasidagi vakolatlar aniq qilib bo‘lib chiqiladi.

Joylardagi hokimiyatlar moliyaviy va kadrlar zahiralar bilan mustahkamlanadi.

Jamoatchilik nazoratini oshirish uchun esa, qishloq okruglari va tumanlarda hokimlar saylanadigan bo‘ladi.

Nursulton Nazarboyev, hammasi bo‘lib, ikki yarim mingdan ziyod hokim saylash yo‘li bilan aniqlanishini aytib o‘tgan.

Xavfsizlik muammolari

Yillik murojaatida Qozog‘iston prezidenti yoshlarni "radikal islom"dan qaytishga chaqirgan.

"Radikal islomiy oqimlarga berilish - o‘rta asrlarga olib boradi", - deb aytgan Nursulton Nazarboyev.

"Qozog‘iston jamiyatini xavotirga solib turgan masalalardan biri, bu diniy holatdir. Albatta biz musulmonmiz, ya‘ni hanafiy mazhabidagi sunniylarmiz. Bu ajdodlarimiz tomonidan tanlangan va an‘analarni hurmat qilishga asoslangan yo‘ldir", - deb aytgan Qozog‘iston rahbari.

Elboshi qozoqlarning ajdodlari hech qachon qizlarning yuzini to‘smaganini, shunday qilmoqchi bo‘lganlar an‘analarga hurmat bilan qarashi zarurligini uqtirgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.