BBC navigation

Rossiya va O‘zbekiston Qambarota GESini tekshiruvdan o‘tkazishga kelishib oldilar

Сўнгги янгиланиш 14 декабр 2012 - 14:22 GMT

Moskva va Bishkek Qambarota GESini qurish yuzasidan 2009 yilda kelishuvga erishgan

Rossiya va O‘zbekiston rasmiylari Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GESini tekshiruvdan o‘tkazishga kelishib olganlar.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri muovini Rustam Azimov hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya yig‘ini chog‘ida ma‘lum qilgan.

"Aminmizki, bugun imzolangan protokol ushbu masala ("Qambarota GESi masalasi" - BBC izohi) Markaziy Osiyodagi suv-energetik loyihalarga aloqador barcha tomonlar o‘rtasida konstruktiv muloqotning bo‘lishiga xizmat qiladi", - deb aytgan Rustam Azimov.

Uch oy muqaddam Qozog‘istonga safar qilgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Tojikistonda Rog‘un va Qirg‘izistonda Qambarota GESlarini qurish rejalariga keskin e‘tiroz bildirgan va bu mintaqada "urush"ni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

"Vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafakat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimoli bor" - degan Qozog‘istonga rasmiy safar bilan borgan Islom Karimov.

Oradan ko‘p o‘tmay Qirg‘izistonga safar qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston hukumatining Qambarota va Rog‘un gidrostantsiyalari qurilishi yuzasidan O‘zbekiston prezidenti xavotirlarini aritishga harakat qildi.

Janob Putin GESlar masalasini Markaziy Osiyo rahbarlari o‘rtasida muhokama qilib, kelishib olish taklifini ilgari surdi.

U kelishuv o‘zaro ishonch va hamkorlikni tug‘dirishi, o‘shanda qo‘shnilar orasida hech qanday xavotirlarga o‘rin qolmasligini ta‘kidladi.

Qambarota-1

Ikki oy muqaddam Rossiya rahbariyati Qambarota-1 GESi va Yuqorinorin kaskadini qurish va u yerda faoliyat olib borishga qaror qildi.

Qirg‘iziston va Rossiya Qambarota-1 GES qurilishi yuzasidan bitimni 2009 yil imzolagandi.

O‘shanda stantsiya qurilishi 2 milliard dollarga baholangan va Rossiya loyihani amalga oshirishga 1,7 milliard dollar kredit berishini ma‘lum qilgandi.

Ammo, sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev Rossiya bilan qator muhim kelishuvlar shartlarini bajarmagani tufayli loyiha muzlatib qo‘yildi.

2010 yil aprelida esa, Bakiyev janoblari mamlakatni tashlab qochishga to‘g‘ri keldi va Qirg‘izistonda qudratga kelgan yangi hukumat gidroelektr stantsiyalar bilan bog‘liq muloqotlarni qayta jonlantirdi.

Avgust oyi Bishkekka safar qilgan Rossiya Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Igorya Shuvalov sentyabr oyigacha Qambarota-1 GESi va Yuqorinorin kaskadi qurilishi va u yerda faoliyat olib borishga oid barcha hujjatlar imzolanishiga kelishgandi.

Hozirda Bishkek ham, Dushanbe ham hozir Amudaryo va Sirdaryo boshlanadigan daryolarga to‘g‘on tashlab, Qambarota va Rog‘un GESlarini qurishga kirishgan.

O‘zbekiston tarafiga ko‘ra, xususan, Rog‘un GESini yurgizadigan darajada suv to‘plash uchun kamida 8-10 yil vaqt ketadi.

Bu degani - quyida joylashgan va dehqonchilikka asoslangan O‘zbekistonda millionlab insonlar uzoq yillar suvsiz qolib ketishlari mumkin.

Shuningdek, zilzila tez-tez ro‘y berib turadigan hududda baland suv omborlari to‘g‘onlarini tiklash harakatlari ham pastda joylashgan O‘zbekistondagi mutaxassislarini qo‘rqitadi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.