Guardian: O‘zbek paxtasi bois yana bir Britan shirkati bosim ostida

Britaniyada chop etiladigan Guardian ro‘znomasi shanba kungi sonida yana bir mashhur Britan shirkati O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanib terilgan paxta tufayli bosimga uchragani haqida maqola e‘lon qilgan.

"Britaniyaning eng mashhur fason tarmog‘i O‘zbekiston paxtasini sotib oladigan kiyim-kechak xomashyo ta‘minotchilari bilan aloqasini uzish bosimiga uchradi, O‘zbekiston hosilining ulkan qismi bolalar mehnatidan foydalanib terib olinadi", deb yozadi Guardian.

Futbol yulduzi Devid Bekxem va qo‘shiqchi Lana Del Reydan o‘z reklamalarida foydalanadigan yirik fason tarmog‘i - H&M inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bildirgan xavotirga javoban paxta manbasi Markaziy Osiyo mamlakati ekanini bilmasligi haqida yozgan.

Dunyoning eng yirik paxta eksportchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston paxtani terib olishga yoshi kattalarni va eng yoshi 9 yoshdagi bolalarni majburlaydi, ularning sharoitini "Xalqaro Qullikka Qarshi"(Anti-Slavery International) tashkiloti "dahshatli sharoit" deb ta‘riflagan.

Biroq O‘zbek paxtasi manbasini aniqlash mushkul. Aksari Bangladesh va Xitoyda qayta ishlanadi. Shuning uchun ham aksar fason tarmoqlari o‘zlarining kiyim-kechaklari tarkibida O‘zbek paxtasi yo‘qligiga kafolat bera olmaydilar.

Britaniyada 200 ta va jahon bo‘ylab 2500 do‘koniga ega H&M shirkati Anti-Slavery International paxta kampaniyasi nishoniga olgan mashhur nomlardan biri va "Xalqaro Qullikka Qarshi" tashkiloti mashhur brandlarni manbasi O‘zbekiston paxtasi bo‘lgan ta‘minotchilardan kiyim-kechak sotib olishni to‘xtatishga chaqirmoqda, deb yozadi Guardian.

"Agar H&M amaliy choralar ko‘rmas ekan, biz H&M shirkati sotayotgan mahsulotlar majburiy mehnat orqali terdirilgan o‘zbek paxtasidan xoli degan fikrga kelolmaymiz" deb aytadi xayriya tashkiloti so‘zchisi.

Bu yil O‘zbekiston hukumati qiymati qariyb 1 milliard dollarga teng bo‘lgan hosilni yig‘ib olishda majburiy mehnatdan foydalanishni kuchaytirgan, deb ishoniladi. Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar, shifokorlar va hamshiralar, davlat sektorining juda ko‘plab ishchi va xizmatchilari paxta dalalariga haydalganlar. Aks holda, ishi yoki o‘qishidan ajralishi, kamida jarima to‘lash holatlari bilan yuzma-yuz kelganlar. Xalqaro kuzatuvchilarning paxta terimini kuzatishlariga ruxsat berilmagan.

Inson huquqlari faollaridan birining aytishicha, talabalar o‘zlariga qo‘yilgan majburiyatni bajarmaganlari uchun kaltaklanganlar. Angren Tumanilik ota-onalarning aytishicha, farzandlarini paxьa terimiga yuborishni xohlamaganlar 110 dollar to‘lashlari so‘ralgan, aks holda o‘qishdan haydalishlari aytilgan.

H&M fason tarmog‘i so‘zchisiga ko‘ra, barcha ta‘minotchilardan O‘zbek paxtasidan foydalanishni taqiqlash so‘ralgan. Shirkatga ko‘ra, 2020 yilgacha mahsulotlarining asosida qanday paxta ishlatilganligi borasida barcha ma‘lumotlar olinadigan bo‘lishiga erishiladi, deb yozgan Guardian ro‘znomasi o‘z maqolasida.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.