BBC navigation

Musulmonlarning "halol uylari" Gollandiyada yangi mojarolarga sabab bo‘lmoqda

Сўнгги янгиланиш 17 декабр 2012 - 17:31 GMT

So‘z ketayotgan "halol uylar" Gollandiya poytaxtining qashshoqroq g‘arbiy sarhadlaridagi Bos yen Lommer mavze‘sida joylashgan

Ikki yuzga yaqin uy-joyning musulmonlarning ehtiyojlariga qarab, qayta ta‘mirdan chiqarilishi Amsterdamda diniy va siyosiy mojarolarga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi uylarda musulmonlarning tahorat olishlari uchun lozim shart-sharoitlar yaratiladi va erkagu ayollarni bir-biridan to‘sib turuvchi maxsus eshiklar o‘rnatiladi.

Gollandiyadagi ayrim o‘ng qanot siyosatchilar esa, bunday o‘zgarishlarga o‘zlari qolib, xalqni ham qarshi qo‘yishga urinishmoqda.

Ularning ogohlantirishlaricha, o‘zlariga islomiy shart-sharoitlar yaratilishini istagan insonlarning "Makkaga borganlari ma‘qul".

"Halol uylar"

So‘z ketayotgan "halol uylar" Gollandiya poytaxtining qashshoqroq g‘arbiy sarhadlaridagi Bos yen Lommer mavze‘sida joylashgan.

Ular tashqi tarafdan chetdan kelgan muhojirlarga mo‘ljallangan oddiy davlat uylaridan farq qilmaydi.

Wim de Waard golland uy-joy uyushmasi vakillarining aytishlaricha, yangi o‘zgartirishlar faqat musulmonlar emas, umuman odamlarning amaliy ehtiyojlarini o‘ylab amalga oshirilgan.

Ularga ko‘ra, uylarni qayta ta‘mirlashdan avval musulmon jamoalari doxil mahalliy aholining fikrini yaxshilab o‘rganishgan.

Uyushma vakillarining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu kabi turar-joy binolari faqat musulmonlarga mo‘ljallanmagan.

Ro‘yxatda navbati kelgan bo‘lsa, oila a‘zolarining soni va topayotgan daromadiga qarab, istagan odam ularda turishi mumkin, deyishadi ular.

Giirt Vilders ham g‘azabda

O‘zining Islom diniga qarshi ziddiyatli qarashlari bilan tanilgan o‘ng qanot siyosatchi Giirt Vilders ham golland mulozimlarini "o‘rta asrlarga xos gender aparteid"ini dastaklayotganlikda ayblagan

O‘z vaqtida anchayin toqatli va liberal ko‘rilgan golland jamiyatida bugun aksariyat erkak va ayollarni bir-biridan ajratish g‘oyasiga qarshi.

Ularga ko‘ra, bu kabi holat gender notenglikka sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zining Islom diniga qarshi ziddiyatli qarashlari bilan tanilgan o‘ng qanot siyosatchi Giirt Vilders ham golland mulozimlarini "o‘rta asrlarga xos gender aparteid"ini dastaklayotganlikda ayblagan.

Janob Vilders golland mavze‘larining "gettolashib" ketishini ham bashorat qilishni unutmagan.

Bu kabi keskin so‘zlar esa, uning og‘zidan ilk bor yangrayotgani yo‘q.

Giirt Vilders bundan ikki yil burun diniy adovat uyg‘otish ayblovlari bilan mahkamaga tortilgan, biroq oqlangandi.

Siyosatchi yaqinda Gollandiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ham muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.

Shu bois ham, o‘zining barchani e‘tiborini tortuvchi bu kabi chiqishlari bilan muhojirlarga qarshi o‘ng qanot saylovchilar qatlamini yana o‘ziga og‘dirishga harakat qilayotgan ko‘rinadi.

Chunki, yaqinda e‘lon qilingan ommaviy so‘rov natijalariga ko‘ra, agar saylovlar ertaga uyushtirilgudek bo‘lsa, ularda janob Vildersning "Ozodlik" (PVV) g‘olib chiqishi tayin ekan.

Vilders tarafdori

Ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanuvchi "Ozodlik" partiyasi tarafdorlaridan biri ham "halol uylar" g‘oyasidan shokka tushganligini aytadi.

"Bu - kulguli bir narsa. Eshitib, hazil bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim", deydi u.

"Endi esa, bu g‘oya amalga oshayapti. "Qur‘on" tartib-qoidalari diskriminatsion. Ular bizni o‘rta asrlarga qaytaradi. Agar ijtimoiy tabaqasiga qaralsa, muhojirlar quyi sinfdan. Ta‘lim olishmagan. Ular bizning zamonaviy va liberal qadriyatlarimizni qabul qilishning o‘rniga o‘zlarinikini golland jamiyatiga olib kirishadi", deydi u.

"Biz ularga golland jamiyatiga moslashishni o‘rgatishimiz lozim. Bu - orqaga qaytish. Agar so‘z avtobuslar haqida ketganda, nima bo‘lardi? Agar ayol va erkak yo‘lovchilarni bir-biridan ajratadigan bo‘lsak, bu xuddi diskriminatsiyaga o‘xshab qolardi. Gollandiyada-ya! Bu - aqlga sig‘maydigan gap. Hech ishongim kelmaydi. Bu - meni qo‘rqitadi".

"O‘zlarining ishi"

Bu kabi uylarda musulmonlarning tahorat olishlari uchun lozim shart-sharoitlar yaratiladi va erkagu ayollarni bir-biridan to‘sib turuvchi maxsus eshiklar o‘rnatiladi

Ammo "halol uy"lar joylashgan mavze‘ aholisi umuman boshqacha fikrda.

Ularga ko‘ra, o‘z uylarini qanday qilib o‘zgartirish qo‘shnilarining shaxsiy ishlaridir va hech qanday "gettolashish" muammosi ham yo‘q.

"Biz bu yerda hammamiz aralash-quralash yashayveramiz. Hayot ham shunisi bilan sal mazmunliroq bo‘ladi", deydi ulardan ayrimlari.

Men Twitter orqali bu g‘oyaga qarshi bo‘lgan gollandlardan birining fikri bilan qiziqqanimda esa, "bu kabi notenglikning soliq to‘lovchi hisobidan bo‘lishi yanglish ish ekani" va o‘zga davlatning an‘analari boshqasi uchun "haqoratli" bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Yana bir mojaro esa, an‘anador golland jamiyatida bunga o‘xshash loyihalarning qisman soliqlardan tushayotgan mablag‘lar hisobiga moliyalanishi haqida so‘z ketganda o‘rtaga chiqadi.

Uy-joy uyushmasidan bildirishlaricha, davlatning moliyasi kafolatlangan esa-da, bu - hanuz subsidiya sifatida qabul qilinadi.

Uyushmaga ko‘ra, uylarning ijaradorligini oshirish va barchaning ko‘nglini birdek olish uchun bu loyihaga qo‘l urishgan.

Ammo, aksariyatning nazdida, din bo‘ladimi, siyosat yoki kishilarning shaxsiy hayotlari nazarda tutilganda ham, bu kabi g‘oyani amalga oshirish oson ish bo‘lmaydi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.



* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.