BBC navigation

Pokiston: "Afg‘on qochqinlari mamlakatda yana 6 oy qolishlari mumkin"

Сўнгги янгиланиш 17 декабр 2012 - 11:55 GMT

Pokiston afg‘on qochqinlariga mamlakatda qonuniy qolishlari uchun yana 6 oy muhlat bergan. Mazkur qaror Bosh vazir idorasida bo‘lib o‘tgan oliymaqom yig‘in ortidan olingan.

Pokiston-Afg‘oniston va BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq afg‘on qochqinlari uchun muhlat 31 dekabrda nihoya topishi kerak edi.

Hozirda Pokistonda qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan 1 yarim milliondan ortiq afg‘on qochqinlari istiqomat qiladi. Bunga qo‘shimcha mamlakatda yana bir million noqonuniy qochqin borligi aytiladi. 2012 yil oxirigacha, 200 mingga yaqin qochqinni vatanlariga qaytarish ko‘zda tutilayotgandi.

Biz Pokistonlik jurnalist Rahimulloh Yusufzaydan hukumat afg‘on qochqinlariga yana nima uchun 6 oygina muhlat bermoqda, deb so‘radik.

Rahimulloh Yusufzay: Muddatning bor-yo‘g‘i 6 oy uzaytirilganiga sabab, ishonishimcha, Pokiston tarafining agar bu kabi qisqa muhlat berilmasa, afg‘on qochqinlari vatanlariga qaytmaydi va Afg‘oniston hukumati ularni qabul qilib olish uchun tayyorgarlik ko‘rmaydi degan xavotiridir. Pokiston hukumati Afg‘oniston va BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi bu yo‘lda qandaydir qadamlar qo‘yishini istaydi. Bundan oldin 3 yillik muhlat berilgandi, bu 31 desembrda nihoya topadi. Xullas, Pokiston Afg‘oniston hukumati ayni masalaga jiddiy yondashayotganini ko‘rsatishini istaydi.

BBC: Ammo, 6 oy Afg‘oniston hukumati qochqinlarni qabul qilib olishga hozirlik ko‘rishi uchun yetarli deb o‘ylaysizmi?

Rahimulloh Yusufzay: Yetarli, deb o‘ylamayman. Va afg‘on qochqinlari ortga qaytarib yuboriladi, degan fikrdan ham yiroqman. Menimcha, ular afg‘on qochqinlari haqidagi bitimni uzaytirishadi hamda qochqinlarning Pokistonda qolishlariga yana izn berishadi. Chunki, Pokiston afg‘on qochqinlarini majburan chiqarib yubormoqchi emas. Ularni ixtiyoriy va o‘z izzatlari bilan vatanlariga qaytarishni istaydi. 6 oylik muhlat Afg‘oniston tarafi mazkur muammo yechimi tomon qandaydir qadamlarni tashlasin, degan maqsadda berilgan. Hozir Pokistonda qariyb 3 million afg‘on qochqini yashaydi Ularning bir millionga yaqini qonuniy ro‘yxatdan o‘tmagan. Pokiston hukumati hech bo‘lmaganda, ularni mamlakatda qonuniy turishlarini, bu narsa tartibga solinishini istaydi.

BBC: Siz hozirgina Pokistonda qariyb 3 million afg‘on qochqinlari borligini aytdingiz. Birlashgan Millatlar o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, ularning 80 foiziga yaqini o‘z vatanlariga qaytishni istashmaydi. Ularning o‘zlari Pokistonda qolishlari uchun 6 oy muhlat berilgani borasidagi qarorga qanday munosabat bildirishmoqda?

Rahimulloh Yusufzay: Ha, bu to‘g‘ri. Ayni mana shu narsa eng katta muammo. Chunki, afg‘on qochqinlarining aksari qaytishni istamaydi. Ular xavfsizlik vaziyati, ish topish muammolari, kun kechirish uchun zaruriy shart-sharoitlar mavjud emasligi kabi turli sabablarni keltirishadi. Afg‘on qochqinlari o‘zlari uchun belgilangan muhlat 31 dekabrda nihoya topishidan xavotirda edilar. Ammo, bu muddat hozir 6 oyga uzaytirilganidan biroz yengil tortdilar. Ayni paytda ular Pokistonda qolishlari uchun yana ham ko‘proq vaqt berilishini istashadi. Xullas, bu muammo yechilmay qolaverishini anglatadi. Bu kelajakda Pokiston va Afg‘oniston, shu bilan birga Pokiston va Birlashgan Millatlar Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi o‘rtasidagi muammoga aylanadi.

BBC: Kutilmaganda Pokiston afg‘on qochqinlarini qaytarib yuborish qarorini beradigan bo‘lsa, oqibatlari nima bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

Rahimulloh Yusufzay: Birinchidan, bu hol yuz beradi, deb o‘ylayman. Pokiston bu odamlarni majburan qaytarmaydi. Chunki, bu Pokistonning afg‘on xalqi va qochqinlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlariga salbiy ta‘sir qiladi. Pokiston bu masalani tinch yo‘l bilan Afg‘on hukumati va Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarlik bilan muzokaralar orqali hal etishni istaydi.

---------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.