BBC navigation

Ijtimoiy nafaqalar aniq yordam maqsadida qisqartiriladi

Сўнгги янгиланиш 19 декабр 2012 - 17:32 GMT

O‘zbekistonda kam ta‘minlangan oilalarga beriladigan nafaqa pullari qisqaradi.

Moddiy yordam oluvchi voyaga yetmagan bolalarning yoshi ham 16 dan 14 yoshga tushiriladi.

Bu haqda hukumat qaror chiqargan.

Muayyan qarorga nima uchun kelgani haqida xalqqa hisobot bermaydigan O‘zbek hukumati bu gal ham ko‘plab sondagi oilalarning nafaqa pullarini qisqartirayotgani sababini tushuntirmagan.

Faqat hukumat qarorida "voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan oilalarga va kam ta‘minlangan oilalarga aniq tarzda ijtimoiy yordam berishni kuchaytirish, respublika aholisining real daromadlari va farovonligi barqaror o‘sishi sharoitlarida aholini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli va mas‘uliyatini oshirish maqsadida" shunday qilinayotgani aytilgan.

Qarorning rus tilidagisida "adresli", o‘zbek tilidagisida esa "aniq tarzda" deb ta‘riflangan yordam qanday kuchaytirilishi hukumat hujjati bilan sinchiklab tanishishda ham anglashilmaydi.

Yangi tartib 2013 yil yanvar oyidan joriy etiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu O‘zbek hukumati byudjet taqchilligini boshidan kechirayotgani belgisidir va nafaqa pullarining qisqartilishi qiyin sharoitda yashayotgan oilalarni yanada mushkul ahvolga solib qo‘yadi.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida istiqomat qiladigan Jamila Begmatovaning voyaga yetmagan 5 farzandi bor. Hech qayerda ishlamaydigan Jamila opa besh bolasi uchun davlatdan 111 ming so‘m yoki 41 dollar yordam puli oladi. Biroq narx-navolar oshib borayapti.

“Hozir go‘sht 16 ming so‘m, oldin 13 ming so‘m edi. Shakar 2800 so‘m edi. Hozir 4000 so‘m bo‘lib ketdi. Plastik kartochkaga 4500 so‘mga olasiz. Go‘shtni plastikka 18 mingga beradi. Faqat mehmon kelganda, uyat bo‘lmasin deb 250 gramm yo yarim kilo go‘sht olamiz. Farzandlarimizga umuman go‘sht sotib olib berolmaymiz. Hatto shakar ololmaymiz. 100 ming olayotgan yordam pulimizga qiynalib qolmaylik deb un, yog‘ olamiz, xolos”, - deydi Jamila Begmatova.

Davlatdan olinadigan yordam puli plastik kartochkaga o‘tkaziladi. Plastik kartochkaga olinadigan mahsulot 10-15 foizga qimmatroq sotiladi. Voyaga yetmagan 5 farzandli oilaga shu paytgacha beriladigan yordam puli o‘ta kamligi va ro‘zg‘orni tebratishga yetmasligi shikoyat qilinadi.

Biroq yangi qaror bo‘yicha ularning davlatdan oladigan yordam puli yanada qisqaradi. Endi bir oyiga 90 ming so‘m yoki 33 dollar yordam puli olishi va shunga kun ko‘rishga majbur.

Jamila opaning turmush o‘rtog‘i II-guruh nogironi bo‘lgan, ammo yaqinda ushbu toifani olib, uni III-guruh nogironiga tushirib qo‘yishdi. Bu toifa nogironlarga nafaqa berilmaydi. Jamila opa yordam puli kamayishi oila iqtisodiga qattiq zarba bo‘lishini aytadi.

“Endi nima qilishimizni bilmadik. Dodimizni kimga aytamiz. Qo‘limdan kelganicha harakat qilamiz. Fermer xo‘jaliklariga borib ishlab, bir-ikki so‘m pul olamiz. Ayrim do‘konlarda ish chiqib qolsa, qilishib, kun o‘tqazamiz”.

Ammo bu ishlar doimiy emas, hech qanday mehnat shartnomasi imzolanmagani bois, beriladigan ish haqi juda ham kam.

Jamila Begmatova yashaydigan tumanda ish yo‘qligi bois, aholining aksar qismi davlat tomonidan beriladigan yordam puliga muhtoj bo‘lib qolgan.

Toshkent shahri mahallalaridan biridan faol Abdurazzoq Sodiqov, hokimiyat tomonidan kam ta‘minlangan oilalarning soni keskin qisqartirilishini aytadi.

“Yordam olishi kerak bo‘lgan odamlarni juda ham qisqartirishadi. Hokimiyat tarafidan yana kamaytiringlar, deyilayapti. Qisqartirish shu darajadaki, ishsizlarga nafaqa berish o‘lda-jo‘lda ahvolda. Ishsizlarni ro‘yxatga olish yo‘q darajada desa ham bo‘ladi. 10 tadan bittasini ro‘yxatga olsa olayapti, bo‘lmasa yo‘q”, - deydi Abdurazzoq Sodiqov.

Toshkentdan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov byudjetdagi muammolar tufayli O‘zbekiston hukumati ijtimoiy ta‘minotda katta qisqartirishlar olib borayotganini aytadi.

“Ijtimoiy nafaqalarning pasayishi, odamlarning qiyinchiligi evaziga bo‘ladi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda hayot tarzi, ayniqsa iqtisod juda ham cho‘kib borayapti. Odamlarning qiyinchiligi bundan keyin ham ortib boraveradi. Chunki iqtisodiy richaglar yo‘q, iqtisodiy islohotlar olib borilmayapti”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Hukumat shu yilning iyun oyida ham kam ta‘minlangan oilalarning yordam puli olish tarbini belgilovchi nizom qabul qilgan. Ushbu nizom yordam puli olishga haqli oilalarni yanada qisqartirishga qaratilgani aytilgan edi.

---------------------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.