BBC navigation

Peshavordagi jangda eng ko‘p sonli "o‘zbek jangarilar" qatnashgan

Сўнгги янгиланиш 19 декабр 2012 - 12:06 GMT

Jangarilardan birining tanasidagi tatuirovka

Pokiston matbuotining xavfsizlik kuchlari ma‘lumotiga tayanib yozishlaricha, shanba va yakshanba kunlari Pokistonning Peshavor shahrida yuz bergan hujumlarni o‘zbek va dog‘istonlik jangarilar amalga oshirganlar.

Pakistan Today gazetasining internet sahifasidagi maqolaga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari ko‘p vaqtdan beri turli hujum va amaliyotlarda o‘zbeklar bilan yuzma-yuz kelishgan, lekin Peshavorda ular bunchalar ko‘p sonli o‘zbek jangarilar bilan avval to‘qnashmagandilar.

Shanba kuni Pokistonning eng yirik shaharlaridan bo‘lgan Peshavorning Bacha Xon aeroportiga uyushtirilgan hujumda besh oddiy fuqaro va besh jangari halok bo‘lgandi. Hujum uchun mas‘uliyatni Pokiston Toliboni o‘z bo‘yniga olgan.

Hujum ortidan yuzaga kelgan otishmalar tufayli aeroport, savdo markazi va Pokiston Havo kuchlari bazasi yopilgan. So‘ngra yakshanba tongida politsiya va qo‘shinlar yaqin orada joylashgan uyda boshpana topgani ishonilgan jangarilar guruhiga hujum qilib bir necha jangarini o‘ldirishgan.

Bu amaliyot ortidan tarqatilgan ma‘luotlarga binoan, jangarilar O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari bo‘lishgan.

"Shafqatsiz va yirtqich"

Chorshanba kuni parlamentda chiqish qilgan Pokiston Musulmonlari ligasi a‘zosi Shayx Vaqqos Akromning aytishicha, "o‘zbek jangarilar" 40 ming dollar evaziga Pokistonda terror amaliyotlarini amalga oshiradilar. Uning aytishicha, Punjobdagi boshqa man qilingan guruhlar ham O‘zbekiston Islomiy Harakati nomi ostida amal qilishni boshlaganlar.

Pokiston xavfsizlik kuchlari O‘zbekiston Islomiy Harakati jangchilariga tobora ko‘p hollarda duch kelayotganlarini aytadilar

Asli o‘zbekistonlik jangarilar Tahriki Tolibon Pokiston harakati bilan hamkorlikda xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlarni amalga oshirib keladilar. O‘zbekiston Islomiy Harakati 150 jangarisi bilan aprel oyida Bannu shahri qamoqxonasiga qilgan hujumi haqida o‘zbek va olmon tillarida videolavha tarqatgan edi.

Xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, O‘IHning Pokistonda amal qilishi hech kimga sir emas, lekin harakatning a‘zolari endi nafaqat chekka hududlarda, balki yirik shaharlarda joylashib olishayapti.

Maqolaga ko‘ra, nima uchun endilikda Tahriki Tolibon Pokiston tobora ko‘p o‘zbek jangarilar dastagiga tayanayotgani noaniq. Ularga qarshi kurashayotgan qo‘shinlar esa o‘zbek jangarilarining "g‘ayrati, shafqatsizligi va yirtqichligi"ni tan oladilar.

Kuzatuvchilar yuqori darajali nishonlarga qarshi hujumlarda tobora ko‘p sonli xorijiy jangchilarning ishtirok etishi Pokistondagi xavfsizlik vaziyatini o‘zgartirishi mumkinligini aytishadi.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, ko‘p hollarda dog‘istonlik, chechen, uyg‘ur, qirg‘iz va tojik jangchilar ham Pokistonda "o‘zbek" deya tamg‘alanadi.

Hujumlarda halok bo‘lgan to‘qqiz jangaridan kamida besh nafari, politsiyaga binoan, ko‘rinishidan markaziy osiyolik va qofqoz jihatlariga ega bo‘lgan.

Tatuirovkalar

Ayni damda xavfsizlik kuchlari to‘rt jangarining jasadlaridagi tatuirovkalar nimani anglatishini o‘rganishga urinishmoqda. Ayniqsa ikki jangarining tanasidagi tatuirovkalarni politsiya "shayton" ramzi deya talqin qilmoqda.

Xavfsizlik kuchlaridagi ba‘zi rasmiylar mazkur jangarilar jihodga qo‘shilishdan avval Rossiyadagi qandaydir diniy oqimning a‘zosi bo‘lganiga ishonadilar.

Biroq, boshqa tahlilchilar, sobiq sovet respublikalari yoshlari orasida tatuirovka odatga aylanganini aytib, diniy oqim borasidagi izohni rad etishayapti.

Yana bir jangarining oyog‘ida yulduz tatuirovkasi aniqlangan, boshqasining bilagida esa kiril alifbosi harflari bilan "Yusuf" ismi bitilgan.

Diniy oqim borasidagi talqinlarga esa bir jangarining kuragiga bitilgan "yovuz yuz va uzun tirnoqli barmoqlar" tatuirovkasi sabab bo‘lgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.