BBC navigation

Gulnora Karimova: "Siz meni umuman bilmas ekansiz"

Сўнгги янгиланиш 21 декабр 2012 - 13:52 GMT

Gulnora Karimova hozir ham O‘zbekistonning BMTdagi doimiy elchisi lavozimida qolmoqda

O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova bryussellik jurnalistning O‘zbekistondagi qiynoqlar haqidagi yozgan maktubiga javob qaytargan, biroq qiynoqlar borasida biron narsa demagan.

To‘qqiz kun avval Xalqaro Inqiroz Guruhining matbuot bo‘limi rahbari Andryu Strolayn Karimova xonimga o‘zbek turmalarida saqlanayotgan muxolifat faollari va erkin fikrli jurnalistlar, turma va hibsxonalarda muntazam davom etayotgan qiynoqlar, Andijon qirg‘ini ortidan davom etgan repressiya, va bolalar mehnati haqida maktub bitgandi. Strolayn Gulnora Karimovadan o‘z nufuzidan foydalanib, bu muammolarni yechishga urinishni so‘ragan.

Gulnora Karimova jurnalist maktubiga javobini Tvitter orqali chop qildi. Uzunligi bir yarim varaq bo‘lgan maktubda Karimova xonim Andryu Strolayn ko‘targan masalalardan ko‘ra, ko‘proq o‘zi va o‘zi amalga oshirayotgan madaniy va ijtimoiy tadbirlari haqida gapiradi.

Janob Strolaynning 12 dekabrda yo‘llagan maktubida yettita masala ko‘tarilgandi va ana shu masalalarni yechish bo‘yicha Gulnora Karimovaning shaxsan aralashuvi so‘ralgan.

Bu masalalar - Siyosiy erkinliklarning yo‘qligi va fuqarolik jamiyati faollarining qamoqqa olinishi; o‘zbek qamoqxonalari va hibsxonalaridagi qiynoqlar; BMT maxsus dasturlar tizimi bilan hamkorlikning yo‘qligi; majburiy kattalar va bolalar mehnati; Andijon qirg‘ini; so‘z erkinligiga qo‘yilgan to‘siqlar; O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan xalqaro tashkilotlar va matbuot vositalariga qayta yo‘l ochib berish.

Maktub yo‘llanganda Gulnora Karimova uni olganini tasdiqlab, bu hollarni shaxsan ko‘rib chiqishga va‘da bergandi.

Karimova xonim o‘z javob xatini bir yil avval internetda muloqot qilishni boshlagani va bu ko‘plarni taajjubga solganini izohlashdan boshlaydi.

"Qanday bo‘lmasin, san‘at har doim hayotimning bir qismi bo‘lib kelgan, va men allaqachon she‘riyatim, musiqam va dizaynlarim bilan yaxshi tanilganman"

"Ko‘p foydalanuvchilar uchun mening yozish stilimga o‘rganishga biroz vaqt ketdi. Endi esa ba‘zi tahlilchilar mening har bir so‘zimni o‘zlaricha talqin qilishadi", - deb yozadi prezidentning qizi.

Karimova xonim, o‘zi tanlagan barcha nodavlat loyihalariga davlat tomonidan pul ajratilmasligini aytadi.

Fuqarolik jamiyati borasidagi tanqidlarga javob berar ekan, Karimova xonim "Men fuqarolik jamiyatiga va odamlarning, qatlam va yoshiga qaramay, dunyoqarashlarini o‘zgartirishga ishonaman", - deydi. U o‘zining aksar loyihalari ayollar, fermerlar, kichik biznesning muammolari, hamda bolalar ta‘limi va ijodkorlikka asoslanganini aytadi.

"Siz meni umuman bilmas ekansiz", - deydi Gulnora Karimova. "Qanday bo‘lmasin, san‘at har doim hayotimning bir qismi bo‘lib kelgan, va men allaqachon she‘riyatim, musiqam va dizaynlarim bilan yaxshi tanilganman", - deydi u va nima uchun bu ijodi uchun piar, ya‘ni targ‘ibot vositalarining hojati yo‘qligi haqida gapiradi.

Gulnora Karimova o‘zi haqida jahon matbuotida tarqagan "O‘zbekistonning eng manfur shaxsi" degan bahoga ham javob beradi. Vikiliks oshkor qilgan hujjatlarda ayon bo‘lishicha, Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi Gulnora Karimova O‘zbekistondagi eng ko‘p nafrat ob‘ekti ekani haqida yozgan. Karimova xonim bu fikr haqiqatdan yiroq ekanini aytadi va "Pul evaziga ishlaydigan matbuotda buni inkor qilib o‘tirishning hojati bormikan?" deb so‘raydi.

"Siz bu tizimning ichida turib hukumatni isloh qilishdek mas‘uliyatni mening bo‘ynimga qo‘yayapsiz. Bu men uchun yangi vazifa va mas‘uliyat. Menimcha, siz o‘z mamlakatingizda noto‘g‘ri davlat qarorlarini hukumat rasmiylari farzandlari bilan muhokama qilmaysiz", - deydi Karimova xonim.

Piching va biroz kalondimog‘lik bilan yozilgan bu maktub bolalar mehnati, qiynoqlar yo qamoqda uzoq yillardan beri abgor hollarda qolayotgan erkin fikrli faollar masalasini umuman muhokama qilmaydi.

Karimova xonimning qiynoqqa tutilgan fuqarolarning konkret hollarini hujjatlar asosida ko‘rib chiqish va‘dasi ham aftidan amalga oshmay qoldi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.