BBC navigation

Jizzax militsionerlari bolani garovga berish tilxatini yozdirganlar

Сўнгги янгиланиш 31 декабр 2012 - 18:33 GMT

O‘zbekistonda ko‘pchilik odamlar yangi yilni gaz va elektr muammolari bilan kutib olishayotgan ekan, hokimiyat aholining muammolarini ko‘tarib chiqayotgan huquq faollariga bosimlarni kuchaytirgani haqida xabarlar kelmoqda.

Parijda joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" Assotsiatsiyasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, ikki jizaxlik inson huquqlari faoli qiynoqqa solinganlar, taniqli inson huquqlari himoyachisi Saida Qurbonovaning kelinidan bolasini garovga berish haqida tilxat talab qilingan.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" Assotsiatsiyasi o‘zbekistonlik faollar tazyiqlarga solinayotgani haqida BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisiga, Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Davlat departamentini xabardor qilgan.

Assotsiatsiya Jizzax viloyati Paxtakor tuman Ichki ishlar bo‘limi militsionerlarining faollarga nisbatan qilgan amallari O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga hamda O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlariga zid ekanini eslatgan.

8 dekabr - O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 2012 yilda mamlakat bosh qonuni qabul qilinganiga 20 yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan muxolifatdagi "Birdamlik" harakati o‘zbekistonliklarga o‘z huquq va erkinliklarini tushuntirish maqsadi ko‘zlangan tadbirlarni rejaladi.

Bu tadbirlarda jizzaxlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Saida Qurbonova va Nuriniso Xolboyeva ham ishtirok etgan.

Ular aholi orasida O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklar haqidagi axborotni tarqatganlar.

Dastlab jizzaxlik militsionerlar do‘q-po‘pisalar bilan ikki faolni jamoatchilik aktsiyasidan qaytarishga uringanlar.

Shundan keyin Saida Qurbonovaning aytishicha, ularni ma‘muriy huquqbuzarga aylantirish maqsadida mojaro uyushtirilgan.

Paxtakor tumanidagi yemakxonalardan birida Saida Qurbonova va Nuriniso Xolboyevani bezorilikda ayblab hibsga olganlar.

Biroq yaqinlarining bir necha kunlik qidirish va so‘rovlariga qaramasdan, Jizzax viloyati Paxtakor tuman militsiyasi xodimlari ikki ayolning shu yerda hibsda saqlanayotgani xabarini bermaganlar.

Bir necha kun mobaynida Saida Qurbonova va Noriniso Xolboyeva Jizzax viloyati Paxtakor tumani militsiya bo‘limida hibsda ushlanganlar, ikki ayol faolni mast holda boshqalarni haqoratlashda ayblab jarimaga tortganlar.

Saida Qurbonovaning aytishicha, o‘zini inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyatini to‘xtatishga majburlash maqsadida yaqinlariga bosimlar kuchaygan, kelinidan Paxtakor tuman militsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan mayor lavozimidagi rahbar "agar qaynonam yana shu ish bilan shug‘ullansa, 1,5 yashar o‘g‘limni hokimiyatga garovga beraman", degan mazmunda tilxat yozdirib olgan.

"Shart qo‘yishgan: agar ayang-qaynonang yana bir marta Internetdan yoki Bi-bi-sidan yoki "Ozodlik"dan biror narsa deydigan bo‘lsa, biror narsa chiqaradigan bo‘lsa, bolang bizning qo‘limizda garovda turadi, deb aytgan", deydi Saida Qurbonova.

"Bunday hodisalar bundan oldin ham bo‘lgan. Bolalarimni menga qarshi qo‘yishgan. Meni inson huquqlari sohasida ishlatmaslikka harakat qilishayapti. Ular huquq himoyachilarining oilalarini parokanda qilib yuborayaptilar", deydi Saida Qurbonova.

Saida Qurbonova bilan suhbat

'Агар аянг-қайнонанг бирор нарса чиқарадиган бўлса, боланг қўлимизда гаровда туради'

"Марказий Осиёда инсон ҳуқуқлари" Ассоциациясига кўра, таниқли инсон ҳуқуқлари ҳимоячиси Саида Қурбонованинг келинидан боласини гаровга бериш ҳақида тилхат талаб қилинган. Саида Қурбонова билан суҳбат

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.