Putinga suiqasda ayblangan shaxs "qiynoqqa tutilgan"

  • 17 Yanvar 2013
Image caption Osmayev o‘zining hibsga olinganidan boshlab qiynoqqa tutilganini aytgan

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qarshi suiqasd hozirlashda ayblangan Adam Osmayev tergovda bergan barcha ko‘rsatmalarini rad etgan.

Bunga sabab, u bilan fuqaroviy nikohda bo‘lgan Amina Okuyevaning aytishicha, ko‘rsatmalarning qiynoqlar ostida berilganidir.

Amina Okuyeva bu haqda Odessadagi mahkama jarayoni arafasida jurnalistlarga ma‘lum qilgan.

"Bu ko‘rsatmalar hibsga olinganimdan boshlab huquq-tartibot idoralari menga o‘tkazgan jismoniy va ruhiy bosimlar ostida olingan", deyiladi Osmayevning jurnalistlarga taqdim etilgan bayonotida.

Ayblanuvchi shuningdek, avval bergan ko‘rsatmalaridan yozma ravishda voz kechgani va qiynoq holatlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qilganini aytadi.

Ukraina qamoqxonasida bo‘lgan Osmayev 2012 yil 4 fevral kuni Ukraina Xavfsizlik Xizmati tomonidan hibsga olingan paytda boshiga to‘pponcha qo‘ndoqlari bilan urilgani, tepkilangani va boshiga paket kiygazilib, tomiridan giyohvand modda yuborilganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, og‘riqlar natijasida u bir necha oy davomida o‘rnidan turolmagan.

Saylov arafasidagi suiqasd

Rossiya fuqarosi bo‘lgan Osmayevga qarshi jinoyat ishi "terrorchi tashkilot tuzish" va "terrorchilik amalini tayyorlash" bandlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Rossiya uni ekstraditsiya qilishni so‘ragan, ammo bu so‘rov Ovro‘po Inson haqlari mahkamasi uning arizasini ko‘rib chiqishi jarayonida to‘xtatilgan.

Himoyachilarga ko‘ra, Adam Osmayev Rossiyada qiynoqlarga yuz tutishi mumkin.

Putinga suiqasd borasida Rossiyaning 1-kanali 2012 yil 27 fevralda, Rossiyadagi prezidentlik saylovlariga bir hafta qolganda xabar qilgan.

Lavhada ular Putinga suiqasdni 4 martda, prezidentlik saylovlari ortidan amalga oshirishni rejalagani aniqlangani aytilgan.

Adam Osmayev va Ilya Pyanzin, shuningdek, Chechen Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov hayotiga suiqasd uyushtirishda ham ayblanadilar.

Ularning qo‘lga olinishini Rossiyada ko‘plar Putinga dastakni oshirishni ko‘zlagan saylovoldi o‘yini deya baholaganlar.

Vladimir Putin nufuzli lavozimlarni egallab kelayotgan yillar davomida unga qarshi kamida olti marta suiqasd amali tayyorlangani xabar qilingan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.