BBC navigation

Jazoir: garovga olinganlar orasida qurbonlar ko‘p bo‘lishi mumkin

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 12:37 GMT

Jangarilar chorshanba kuni avtobusga hujum qilib, odamlarni garovga olishgan.

Jazoir Bosh vaziri Abdumalik Sellal Amenadagi gaz majmuasida islomiy jangarilar garovda ushlab turgan xorijiy ishchilarni ozod qilish amaliyoti nihoyasiga yetganini tasdiqlagan bo‘lsa ham, qurbonlar soni ortishi borasida xavotir bildirgan.

Oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, garovga olinganlarni ozod qilish davomida korxonaning 23 xodimi halok bo‘lgan.

Jazoir matbuoti yozishicha, 32 ta jangari o‘ldirilgan, boshqalari qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Hukumat rasmiylari qurbonlar haqida ma‘lumotlarni berib borishga va‘da qilishadi.

Bir qancha xorijlik - uch britaniyalik, besh norvegiyalik va o‘ndan ortiq Yaponiya fuqarolarining taqdiri noma‘lumligicha qolmoqda.

Britaniya bosh vaziri Devid Kameron uch britaniyalik halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Ruminiya va Kolumbiya hukumati ham Jazoirda o‘zining bir nechta odamlari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Yaponiya Bosh vaziri gaz inshootidagi o‘z fuqarolarining taqdiridan xavotir izhor qilgan.

Jazoir hukumatiga ko‘ra, jangarilar tomonidan garovga olingan 573 odam qutqarilgan, undan 132 tasi xorij fuqarolaridir.

Assosheyted Press agentligining xabar berishicha, jangarilar granatamyot va avtomatlar bilan qurollangan bo‘lishgan.

Jazoirdagi gazni qayta ishlash zavodi mamlakat poytaxtidan qariiyb bir yarim ming kilometr masofada joylashgan.

Ba‘zi ma‘lumotlarga binoan, hujumchilar Frantsiyaning Malidagi islomiy isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni to‘xtatishni talab qilishgan.

Oldinroq Jazoir hukumati Frantsiya qiruvchi uchoqlariga malilik islomiylarga qarshi havo hujumlarini amalga oshirishda o‘z havo hududlaridan foydalanishga ruxsat bergan edi.

Amerika Prezidenti Barak Obama Jazoir hukumatiga Amenadagi vaziyatga bog‘liq zarur har qanday yordamni taklif qilgan.

"Bu hujum- Al-Qoida va Shimoliy Afrikadagi ekstremistik guruhlarning qanchalik katta xafv ekanini ko‘rsatadi", - deb aytgan janob Obama.

AQSh Prezidenti hodisada qurbon bo‘lganlar uchun barcha mas‘uliyat jangarilar bo‘ynida ekanini ta‘kidlagan.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland ham Jazoir hukumatining jangarilarga hujumini qo‘llab-quvvatlagan.

Garovga olish

16 yanvar chorshanba kuni erta tongda islomiy jangarilar gaz majmuasi xodimlarini mahalliy qo‘nalg‘aga olib ketayotgan avtobusga hujum qilgan edilar.

Ilk hujum paytida bir britaniyalik va bir jazoirlik halok bo‘lgan.

Amenadagi gaz inshooti Jazoir davlat neft shirkati va Britaniyaning VR shuningdek, Norvegiyaning Statoil shirkatlari bilan birgalikda boshqariladi.

Amenadagi garovga olish hodisasi ortida Muxtor Belmuxtor, yaqin-yaqinlargacha "Islomiy Mag‘ribdagi Al-Qoida" guruhi rahbarlaridan biri bo‘lgan shaxs turganligi aytilgan.

Muxtor Belmuxtor 1980-yillarda Afg‘onistonda Sho‘ro kuchlariga qarshi mujohidlar saflarida kurashgan.

O‘tgan yili u o‘z guruhini tashkil qilgan.

Lekin tahlilchilarning fikricha, bu kabi yirik amaliyotni qisqa fursatda amalga oshirish mushkul va unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.