BBC navigation

O‘zbekistonda iste‘mol savati qanchani tashkil etadi?

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 12:28 GMT

Dunyodagi turli iqlim sharoitlari va aholi ehtiyojlaridan kelib turli mamlakatlardagi iste‘mol savatlari bir-biridan farq qiladi.

O‘zbekiston hukumati 2012 yil yakunlariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazgan.

Majlisda ma‘ruza qilgan Prezident Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi iste‘mol savati bahosidan 4 barobar ko‘paygan.

Bu O‘zbekiston prezidentining so‘nggi yillardagi ommaviy chiqishlarda iste‘mol savati iborasini ilk bor tilga olishi bo‘lgan.

Prezident Islom Karimov o‘z ma‘ruzasida o‘zbekistonliklarning daromadlari tobora oshib borayotganini aytib, jumladan shunday degan:

"Hech kimga sir emaski, hayot darajasi, birinchi navbatda, aholining daromadlari miqdori bilan belgilanadi. O‘tgan 2012 yilda bu ko‘rsatkich yurtimizda 17,5 foizga o‘sdi, eng kam ish haqi 26,5 foizga oshdi. Umuman olganda, 2000 yil bilan taqqoslaganda, real daromad aholi jon boshiga 8,6 barobar ko‘paydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi iste‘mol savatchasi bahosidan 4 barobardan ziyod oshdi".

O‘zbekistonda statistik ma‘lumotlar sir saqlanadi va mamlakat iqtisodining real ahvoli haqidagi raqamlar kam sondagi respublika rahbarlariga hisobot sifatida taqdim etiladi.

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridan buyon iste‘mol savati qanchani tashkil etishi borasidagi ma‘lumotlarni ham jamoatchilikka oshkor etmaslik afzal ko‘riladi.

Iste‘mol savati - insonning salomatligi hamda yashashini saqlab turish uchun talab qilinadigan eng oz oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarning jamlamasi.

Dunyodagi turli mamlakatlarning turli iqlim sharoitlari va aholi ehtiyojlaridan kelib iste‘mol savatiga mahsulot va xizmatlar kiritiladi.

Misol uchun AQShdagi iste‘mol savatiga 300 ta, Buyuk Britaniyada 350, Olmoniyada 470 mahsulot va xizmat kiritilgan.

Bu mahsulotlarning oziq-ovqat turiga kiradiganlarining asosiylari - non va un mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, yog‘, go‘sht, tuxum, poliz mahsulotlari, meva-chevalar va boshqalar.

Nooziq-ovqat mashulotlariga ko‘ylak, kostyum-shim, poyafzal, bosh kiyim, paypoq, ichik kiyim turlari, sanitariya va gigiyena mahsulotlari, maktab va ta‘lim olish uchun zarur tovarlar kiritiladi.

Rossiyadek sovuq mamlakat uchun qishda issiqlik ta‘minoti iste‘mol savatidagi eng muhim xizmat hisoblansa, Afrikaning ayrim mamlakatlari uchun bu xizmatning umuman keragi yo‘q.

O‘zbekistonda bundan oldin ayrim faollar bir oyda bir insonga qancha non, qancha go‘sht zarurligini hisoblashga harakat qilganlar.

Bu hisob-kitoblar O‘zbekiston hukumati ishchilarga to‘layotgan o‘rtacha maosh miqdoridan ancha ko‘pni tashkil etishi ayon bo‘lgan.

Shuning uchun ham O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish, aholining turmushi yaxshilanayotgani va ishsizlik darajasi haqidagi rasmiy raqamlarini mustaqil tahlilchilar shubha ostiga oladilar.

Xususan, rasmiy Toshkent minbarlaridan tilga olinayotgan Yalpi Ichki Mahsulot ulushida xorijda mehnat muhojiri bo‘lib yaqinlariga pul jo‘natmalari yuborayotgan o‘zbekistonliklarning pullari ham qo‘shib hisoblanayotgani haqidagi fikrlar ham bildirilayotganini ko‘rish mumkin.

Xorijdan boshpana topgan o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanovning aytishicha, O‘zbek amaldorlari qo‘lida haqqoniy ahvolni aks ettirgan raqamlar bor.

"Bunday ma‘lumotlar bor deb o‘ylayman. Sovetlar davrida ham ikki xil statistika bo‘lardi: birisi rasmiy, ikkinchisi esa yarim xufiya. Ekspertlar, olimlar va oddiy odamlar e‘tiboriga mamlakat qanday rivojlanayotganiga rasmiy statistika havola etilardi, ammo yuqori davlat mulozimlariga mamlakatdagi haqqoniy vaziyatni tasvirlab beruvchi ko‘rsatkchilar jamlangan ma‘lumotlar tarqatilardi. Mening o‘ylashimcha, Prezident Islom Karimov real ma‘lumotlardan boxabar, ammo uni chop qilish mumkin emasligini yaxshi biladi", deydi iqtisodiy tahlilchi.

Sizning hisob-kitobingiz bo‘yicha O‘zbekistonda shu kecha-kunduzdagi iste‘mol savati qanchani tashkil etadi?

O‘z fikr-mulohazalaringizni sahifaning quyi qismidagi maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llang.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.