BBC navigation

Qozog‘iston: mahkama o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga topshirishga qaror qildi

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 14:44 GMT

Xayrullo Tursunov 9 oydan buyon Aqto‘be muvaqqat hibsxonasida saqlanadi

Qozog‘iston mahkamasi boshpana izlovchi Xayrullo Tursunovni O‘zbekistonga berib yuborish haqida hukm chiqardi.

Xayrullo Tursunov 9 oydan beri Aqto‘be shahar vaqtinchalik tergov izolyatorida ushlab turilibdi.

U O‘zbekistonda konstitutsion tuzumga tajovuz qilish va diniy ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblanmoqda.

Huquq himoyachilari Tursunovni O‘zbekistonda qiynoqlar tutilishi va adolatsizlikka duchor bo‘lishidan xavotir bildirmoqda.

Aqto‘be viloyat mahkamasi Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tomonidan chiqarilgan Xayrullo Tursunovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish qaroririni o‘z kuchida qoldirish haqida hukm chiqardi.

"Mahkamada tarjimon, prokuror, advokat va Tursunovning o‘zi ishtirok etdi. Biz Xayrullo Tursunovni O‘zbekistonga berib yubormaslikni va u istagan davlatiga chiqib ketishi uchun sud zalidan ozod qilishni so‘radik. Biroq hakam Nurilya Satibaldina uni O‘zbekistonga berib yuborish haqida qaror chiqardi", - deydi advokat Kenes Jusupov.

Advokatganing ilova qilishicha, Qozog‘iston qonunchiligi bo‘yicha, ekstraditsiya masalalarida viloyat mahkamasi eng so‘nggi instantsiya hisoblanadi.

Tursunov himoyasida faol ishtirok etgan va advokatga mablag‘ ajratgan "O‘tyuraklar klubi" rahbari Mo‘tabar Tojiboyeva Qozog‘iston mahkamasining ushbu qaroridan afsusda ekanini aytdi.

"Qozog‘iston BMTning inson huquqlari qo‘mitasi a‘zo bo‘lishiga qaramasdan, yana bir qochqinni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga qaror chiqardi. Bu juda ham achinarli holat", - dedi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Huquqbonga ko‘ra, inson huquqlari muntazam buziluvchi O‘zbekistonga Qozog‘iston 2011 yili 29 qochqinni berib yuborgan edi.

Ammo ushbu adolatsiz yechimga qaramasdan Qozog‘iston BMTning inson huquqlari qo‘mitasiga a‘zo o‘laroq saylandi.

2011 yili esa Ovro‘pada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga raislik qildi.

"Bundan shu narsa anglashilayaptiki, O‘zbekistondagi repressiv rejim oldida ilojsiz qolayotgan insonlarning taqdiri masalasi, Yevropa Ittifoqi, OXHT, BMT ham ko‘z yumayotganga o‘xshab tuyilayapti", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

"O‘tyuraklar klubi" ushbu e‘tiborsizlikka qaramasdan, BMTning Qiynoqlar Qo‘mitasiga Tursunov nomidan uni ekstraditsiya qilmasliklarini so‘rab, shikoyat xati tayyorlagan.

"Bugun Tursunov Xayrulloning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishga qarshilik bildirish maqsadi-da, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga Tursunov Xayrulloning individual shikoyatini yozib tayyorladik. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, Tursunov Xayrullo O‘zbekistonga berib yuborilishiga to‘sqinlik qila oladigan kuch borligiga men ishonmayman. Lekin shunday bo‘lsa ham, inson bor umid bilan harakatni qilaverishi kerak. Shuning uchun Tursunov ishi bo‘yicha harakatni davom ettiraveramiz", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

Xayrullo Tursunov muqaddam O‘zbekistonda sudlangan, ammo 2005 yilning fevral oyida umumiy avfga ilinib ozodlikka chiqqan.

Biroq 2009 yilning avgust oyida mahkama qarori bilan qisqa muddatga hibsga olingan, o‘sha vaqti uni hibsda ushlab turgan MXX xodimlari qiynoqlar qo‘llab, huquq himoyachisi G‘aybulla Jalilovni topib berishni talab qilishgan.

Tursunov 2009 yili hibsdan chiqishi bilan Rossiyaga qochib ketadi. Keyinchalik O‘zbekistondan qochib chiqishga majbur bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Nodira Bo‘riyeva va bolalarining oldiga Olma ota shahriga kelib BMTdan qochqinlik maqomi so‘raydi.

O‘zbekiston unga nisbatan mamlakatda ekstremistik-terroristik guruh deya tan olingan O‘zbekiston Islomiy harakatiga a‘zolik va Qozog‘iston hududida jinoiy til biriktirib, diniy jamoa tuzishda ayblagan.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.