BBC navigation

Sietl universitetida O‘zbek rejimini o‘zgartirishga bag‘ishlangan anjuman

Сўнгги янгиланиш 21 январ 2013 - 11:33 GMT

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Sietl Universitetida O‘zbekistonda rejimni o‘zgartirish mavzusiga bag‘ishlangan anjuman boshlangan.

Konferentsiya tashkilotchisi bir paytlar O‘zbekistonda faoliyat yuritgan AwarenessProjects.org, "Ogohlik loyihalari" nodavlat tashkilotidir.

"Ogohlik loyihasi" asoschilarining aytishlaricha, bu tashkilot insonlarni salomatlik masalalaridan boxabar qilish, xususan VICh virusidan saqlanish, inson huquqlari hamda iqlim o‘zgarishi muammolarini omma o‘rtasida targ‘ib etish maqsadida tuzilgan.

Tashkilot faollari 5 yil mobaynida faoliyat yuritganlarini, biroq O‘zbekistonda inson huquqlari singari masalalar bilan shug‘ullanmaslik lozimligi borasida bosimlarga duch kelganlarini aytadilar.

AwarenessProjects.org faollarining aytishlaricha, shundan so‘ng tashkilot o‘z e‘tiborini AQSh hududida O‘zbekistondagi muammolardan boxabar etish yo‘nalishiga qaratgan.

Bu yo‘lda Sietl Universiteti va AwarenessProjects.org tashkiloti birgalikda tashkil etgan anjuman O‘zbekistondagi rejim o‘zgarishi mavzusiga bag‘ishlangan.

Anjuman ma‘ruzachilaridan biri AQShdagi Markaziy Osiyo va Qofqoz bo‘yicha tadqiqotchi Sara Kendzior.

BBC Sara Kendziordan keyingi yillarda O‘zbekistonda rejim o‘zgarishi kutilayaptimi, chunki rejim o‘zgarishi haqida ancha vaqtdan buyon gapirib kelinadi, ammo bunaqa bashoratlar tasdiqlangani yo‘q, deb so‘radi.

Sara Kendzior: O‘ylaymanki, bunday ehtimol oldingiga qaraganda ham hozir haqiqatga yaqin kelib qoldi. Chunki janob Karimov 75 yoshga kirdi. Jismoniy sog‘lik nuqtai nazaridan nimadir bo‘lishi mumkin. Mening fikrimcha, u o‘zining bo‘lajak vorisini asta-sekin ilgari surayotgani alomatlari ham paydo bo‘ldi. Biroq bu haqdagi tafsilotlarni, axborotni qo‘lga kiritish qiyin. Sababi, hukumat bunday axborotni sir saqlashni xohlaydi.

BBC: Sizning bu anjumandagi ma‘ruzangiz mavzusi O‘zbekistonda shakllangan siyosiy madaniyatga bag‘ishlangan. Ma‘ruzangizning asosiy nuqtalari qaysilar?

Sara Kendzior: Muhim bir narsa - O‘zbekistonda odamlar o‘zgarishni kutib yashayaptilar. Ular hozirgi ahvol doimo shunday bo‘lib qolmasligiga ishonadilar. Mamlakatdagi vaziyatga qarasangiz, iqtisodiy va siyosiy tanazzul keng tarqalganini ko‘rasiz. Siz korruptsiyani ko‘rasiz, iqtisodiy turg‘unlikni ko‘rasiz. Insonlarning o‘z fikrlarini erkin ifoda qilish huquqlari inkor etilayapti, diniy e‘tiqodlarini erkin ado etish huquqlari rad etilayapti. Bu ahvol ko‘p yilardan buyon saqlanib qolayapti va har bir odam bu qachon nihoyasiga yetar ekan, degan savolni berayapti. Aslida bundan keyin nima bo‘ladi? Buni hech kim bilmaydi. Lekin men o‘ylaymanki, shu narsa muhimki, hozir odamlar O‘zbekistonda hayot qanday bo‘lishi kerak, degan savol ustida bosh qotirayaptilar. Ayniqsa, uzoq davom etgan bunday o‘zgarishsiz yillar ortidan mamlakatda qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishi kerak, degan savol qo‘yilayotgani muhim. Shu yillar davomida o‘zbeklarning mana shu muhitda butun boshli bir avlodi o‘sib voyaga yetdi. Hozir 20-30 yoshda bo‘lgan yoshlarning hayot boshqacha bo‘lishi deb tasavvur qilishlari qiyin, deb o‘ylayman. Shuning uchun men bunday anjuman tashkil etilganidan xursandman. Bu anjumanda yosh o‘zbeklarni ko‘rish, o‘zbeklar rejim o‘zgarishi haqidagi gapirayotganlarini ko‘rish, ular shunday masala muammolar mavjudligini tan olayotganlari va bu muammoni hal etish yo‘llarini izlayotganlarini ko‘rishning o‘zi quvonarli.

BBC: Lekin shunday e‘tiroz bildirishlari mumkinki, mamlakatda butun madaniyat rejimga xizmat qiladi yoki unga xizmat qilishga qaratilgan.

Sara Kendzior: To‘g‘ri, bunday sharoitda odamlarning rejimga xizmat qilishdan o‘zga tanlovlari yo‘q. Bu har qanday avtoritar davlatga xos narsa. Odamlarning mana shunday madaniyatda yashashdan o‘zga imkonlari yo‘q va biz odamlarning nimani xohlayotganlarini erkin tillariga chiqara olmasliklarini yaxshi bilamiz. Shuning uchun xalq nimani xohlayapti, degan savolga javob berish haqiqatdan ham qiyin. Chunki odamlar o‘zlarining shaxsiy fikrlarini erkin ifoda etishdan qo‘rqadilar. Odamlar O‘zbekistonda hech narsani tanqid qila olmaydilar. Chunki ular faqat shaxsan o‘zlariga nima bo‘lishi oqibatlari haqidagina emas, agar fikrini ochiq aytsa, o‘zining oilasiga, qarindoshlariga va do‘stlariga biror narsa bo‘lishidan qo‘rqadilar. Va bu narsa O‘zbek hukumati qo‘lidan keladigan eng samarali va dahshatli narsadir. Ular nafaqat bir shaxsni jazolaydilar, balki bu shaxs yaqinlarini jazolaydilar yoki tahdidga qo‘yadilar.

BBC: Siz qanday fikrdasiz, O‘zbekistonda Gandi, Neru yoki Bhutto sulolalariga o‘xshagan siyosiy vorislik uchun sharoit bormi?

Sara Kendzior: Men o‘ylaymanki, Prezident Karimovning shaxsan o‘zi qudratning o‘z oilasida qolishini afzal ko‘radi. Boisi, O‘zbek jamiyatiga siyosiy ishonch yo‘q, rahbarlar orasidagi shaxslarga siyosiy ishonch yo‘q. Moliyaviy manfaat ham qudratning oila ichida qolishini taqozo etadi. Oxirgi oylar mobaynida Gulnora Karimova xalqaro sahnada o‘zini ko‘proq namoyish etayapti. Ammo men O‘zbek hukumatining uni chin dildan keyingi siyosiy voris sifatida dunyoga taqdim etmoqchi bo‘layotganiga ishonchim komil emas.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.