BBC navigation

Suriyani tark etmoqchi bo‘lgan rossiyaliklar vataniga qaytariladi

Сўнгги янгиланиш 22 январ 2013 - 15:50 GMT

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi Suriyaga yordam yetkazgan uchoqlar qaytishda xohlagan rossiyalikni vataniga olib qaytayotganini bildirgan.

BBC muxbiri Jim Myuirning xabariga ko‘ra, Suriyadan Rossiyaga qaytish istagida bo‘lganlar Suriya-Liviya chegarasidan o‘tishgan.

Livan poytaxti Beyrutdan Rossiya fuqarolari Favqulodda vaziyatlar vazirligi uchoqlarida Moskvaga uchishadi.

Rossiyaning Damashqdagi konsulligi 81 kishi vataniga qaytishni xohlab murojaat qilganini aytgan.

Livan ommaviy axborot vositalarining yozishicha, rossiyaliklar joylashgan avtobuslarda 150 kishi bo‘lgan.

Ular orasida suriyalikka turmushga chiqqan rossiyalik ayollar, ularning bolalari va erlari ham bor. Suriyada ular Aleppo, Damashq, Xoms va Hama shaharlarida yashaganlar.

Rossiyaliklarni Livandagi chegara maskanida katta sondagi jurnalistlar kutib olishgan.

Rossiyaliklar o‘tirgan avtobuslar Beyrut aeroportiga qarab yo‘l olgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma‘lum qilishicha, Beyrutga bitta Il-76 transport uchog‘i va Yak-40 yo‘lovchi uchog‘i jo‘natilib, 100 ga yaqin rossiyalikni olib qaytishi mo‘ljallangan.

Rossiyalik diplomatlar fuqarolar Suriyadan ularning iltimoslariga binoan olib qaytilayotganini, bu hech qanday evakuatsiya amaliyoti emasligini ta‘kidlashgan.

"Bu hech qanday evakuatsiya emas, balki xohlaganlarni Suriyadan chiqarish. Kimningdir uyi vayron bo‘lgan, kimlardir "qaynoq" nuqtalarda istiqomat qilgan", - deb aytgan Rossiyaning Damashqdagi elchixonasi vakili Interfaksga.

Ayni paytda Suriyada qancha rossiyalik borligi noma‘lum. Konsullikda besh mingga yaqin kishi ro‘yxatdan o‘tgan.

Boshqa tomondan qaraganda, Suriyadan chiqib, Rossiya hukumati yordamiga ko‘z tikkanlar bir necha o‘n minglab odamlarni tashkil qiladi.

Ular Rossiya fuqaroligi bo‘lgan suriyaliklar yoki Rossiya pasportini olishga talabgorlar deyish mumkin.

Suriya muxolifati vakili Mahmud Hamzaning BBCga aytishicha, Suriyada ko‘plab rossiyalik harbiy mutaxassislar ham bor.

Dekabr oxirida Rossiyaning harbiy kemalari O‘rta Yer dengiziga yetib borgani, ular rossiyaliklarni Suriyadan ko‘chirishni amalga oshirishi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Rossiya rasmiylari bu haqda kengroq izoh berishmagan. Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi seshanba kuni rossiyalik fuqarolarni Suriyadan keng miqyosda ko‘chirish rejelashtirilmagani, elchixona har doimgidek ishlayotganini ma‘lum qilgan.

Rossiya uchoqlari Suriyaga dori-darmon va oziq-ovqat yetkazgani, orqaga qaytishni xohlagan rossiyalik fuqarolarga albatta yordam berilishi bildirilgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.