BBC navigation

"O‘tyuraklar klubi" O‘zbek qochqinini ortga ekstraditsiya etmaslikni so‘ramoqda

Сўнгги янгиланиш 23 январ 2013 - 13:52 GMT

Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi faollaridan, Ovro‘poda istiqomat qilayotgan qochqin Abdulazizning aytishicha, Qozog‘istondan O‘zbekistonga yuborilgan qochqinlar dahshatli qiynoqlarga tutilgan

Qozog‘iston hukumati yana bir o‘zbekistonlik qochqinni ortga qaytarishga tayyorgarlik ko‘rarkan, "O‘tyuraklar klubi" ekstraditsiyani amalga oshirmaslikni so‘rab, Qozog‘iston hukumati va jamoatchilikka murojaat qilgan.

Qozog‘iston 2010 yili Qochqinlar to‘g‘risida qonun qabul qilganidan so‘ng, O‘zbekistonga boshpana izlab qozoq yurtlariga kelgan muhojirlarni to‘p-to‘p topshira boshladi.

Huquq himoyachilari va qochqinlar O‘zbekiston boshpana izlovchilarga nisbatan jinoiy ishlarni qiynoqlarni qo‘llash orqali qalbakilashtirishini va bunday davlatga ularni ekstraditsiya qilish noto‘g‘ri ekanligini aytishadi.

Qozog‘iston shu kunlarda o‘zbekistonlik boshpana izlovchi Xayrullo Tursunovni vataniga qaytarib yuborishi mumkin. Qarorgohi Frantsiyada joylashgan "O‘tyuraklar klubi" Tursunovni O‘zbekistonga yubormaslikni so‘rab murojaat bilan chiqdi.

Murojaatnomada aytilishicha, "O‘tyuraklar klubi" Tursunovning ishini diqqat bilan o‘rgangan va ushbu ishlarning qalbakilashtirilganiga amin.

Qochqinlarni himoya qilish qo‘mitasi faollaridan, Ovro‘poda istiqomat qilayotgan qochqin Abdulazizning aytishicha, Qozog‘istondan O‘zbekistonga yuborilgan qochqinlar dahshatli qiynoqlarga tutilgan.

"Qiynoqlar haqida bizga O‘zbekistondan kelgan ma‘lumotlar orqali ma‘lum. Lekin informatsiyani bergan odamlar juda ham qo‘rqishayapti. Qiynoqlarning aynan kimga nisatan qo‘llanilgani faktini oshkor qilish kerakligini istasak-da, o‘sha odamlar va ularning yaqinlari hayoti xafv ostida turganidan cho‘chishayapti. Lekin ularga nisbatan qiynoq qo‘llanilgan. Qilmagan ishlarini qildim, deyishga majbur etilgan", - deydi Abdulaziz.

Abdulazizning ilova qilishicha, Qozog‘iston tomoni mahbuslarning ahvolini bilish uchun komissiya yuborgan. Ushbu Komissiya o‘zbek qamoqxonalarida qochqinlar bilan uchrashgan. Ammo qochqinlar tazyiqlardan qo‘rqqani uchun qiynoqlar bo‘lmadi, deya javob berishga majbur bo‘lgan.

Qochqinlarga munosabat

Qozog‘istonda boshpana izlovchi bo‘lib yashagan va ayni damda uchinchi bir davlatga chiqib ketgan qochqinning aytishicha, BMTning qochqinlar bilan ishlash qo‘mitasi 2010 yilgacha Qozog‘istondagi qochqinlarga yaxshi munosabatda bo‘lgan.

"Hatto ko‘rpacha, kiyimlarigacha yordam berishgan. Har birimizga telefon qilib, yana bir qochqin keldi, kimning uyida yashash uchun sharoit bor, deb yordam berardi. Ammo BMT vakillari Toshkentga bir-ikki borib kelganidan so‘ng ularning bizga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgardi. Hattoki, qo‘mita binosi atrofini temir panjaralar bilan o‘rab olishdi", - deydi qochqin.

Qochqinning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondan ko‘chib kelganlarning ichida rostdan ham biror jinoyat sodir etib, qalbaki qochqinlik maqomiga erishmoqchi bo‘lganlar bo‘lishi mumkin. Ammo na Qozog‘iston hukumati va na BMTning Qochqinlar bilan ishlash qo‘mitasi ushbu faktlarni mustaqil tekshirmadi. Ular barchaga birday muomala qilib O‘zbekiston kimga nisbatan jinoiy ish ochsa, uni ushlab topshirishga qaror qildi.

Ochiqda qolganlarning esa qachonlardir berilgan qochqinlik maqomi olib qo‘yildi.

Qozog‘iston inson huquqlari byurosi yuristi Denis Jivaga aynan qochqinlar masalasi bilan yaqindan shug‘ullangan. Uning aytishicha, BMT Qochqinlar qo‘mitasining boshpana izlovchilarga nisbatan munosabati O‘zbekistonga topshirish uchun hibsga olingan 29 qochqin ishidan so‘ng keskin o‘zgardi.

"O‘sha vaqti Qozog‘iston hukumati tomonidan BMT qo‘mitasiga nisbatan jinoyatchilarga ham qochqinlik maqomi berayapsizlar degan ayblov yangradi. Menimcha, BMTning qochqinlar bilan ishlash qo‘mitasi qo‘rqib qoldi. Ushbu ayblovlardan keyin qo‘mita qochqinlar bilan ishlashni, ularning holatini ekspertiza orqali aniqlashni bas qildi", - deydi Denis Jivaga.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, O‘zbekiston xorijda qochib yurgan fuqarolarini qo‘lga kiritish uchun turli jinoyatlarni tap tortmasdan qalbakilashtirmoqda. Shulardan biri Qozog‘istonda bir necha yil boshpana izlab yurgan qochqinlarning ro‘yxati tuzilib, ularning jinoiy til biriktirgan holda jamoat tuzganini iddoa qilishidir.

"O‘tyuraklar klubi" tomonidan tarqatilgan murojaatda, agar O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududida jinoyat sodir etsa, nima uchun Qozog‘iston hukumati jinoiy ish ochmagani va surishtirmaganini so‘raydi.

"O‘tyuraklar klubi" rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyevaga ko‘ra, O‘zbekiston berib yuborilayotgan qochqinlarning taqdiridan xalqaro tashkilotlar bong urayapti. Ammo shunga qaramasdan, BMT, Ovro‘pa Ittifoqi va rivojlangan davlatlar bu borada sukut saqlashni afzal bilmoqda.

"Rivojlangan mamlakatlar, G‘arb davlatlarning siyosatchilari bugungi kunda Markaziy Osiyoga boshqacha ko‘z bilan qarab, diktator Islom Karimov uning yon qo‘shnilarining o‘zbek qochqinlariga nisbatan qilayotgan jinoyatlariga ko‘z yumishga harakat qilishyapti. Bu narsa bundan keyin ham davom etishi mumkin. Bu yerda geopolitik manfaat har qanday inson taqdiridan, fojeasidan ustunroq turibdi", - deydi Mo‘‘tabar Tojiboyeva.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.
Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing. Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.