BBC navigation

So‘x mojarosi Prezident Karimov uchun siyosiy sinovmi?

Сўнгги янгиланиш 25 январ 2013 - 12:49 GMT

O‘zbek tomoni Qirg‘izistonni So‘x atrofidagi vaziyatni keskinlashtirishda ayblagan

Prezident Islom Karimov O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida yuzaga kelgan muammolar ortida "tashqi kuchlar" turganini aytgan.

O‘zbekiston Prezidentining bayonoti So‘x atrofida Qirg‘iziston bilan yuzaga kelgan mojaro manzarasida yangragan.

18 yanvar kuni hukumatning 2012 yil yakunlariga doir majlisida gapirgan Prezident Karimov "qo‘shnilar o‘rtasidagi mojaroni tashqaridan kuzatib turgan va olovga yog‘ purkayotgan" kuchlar borligini aytgan.

Janob Karimovga ko‘ra, bu kuchlarning maqsadi mintaqa davlatlarini bir-biridan ajratish va bu davlatlarga xorijiy sarmoyalar kirib kelishiga to‘sqinlik qilishdir.

Prezident Karimov aniq bir davlat nomini tilga olmagan, ammo tahlilchilar janob Karimovning bu kabi ishoralari Rossiyaga qaratilganiga ishonishadi.

"Burnining tagidagi muammo"

Xalqaro Inqiroz guruhining Bishkekdagi tadqiqotchisi Diyedre Taynenning BBC bilan suhbatda aytishicha, keyingi paytlarda Markaziy Osiyoda tashqi kuchlar haqidagi afsonalar urchib ketgan.

"Amalda esa hozirgi muammolar mintaqadagi davlatlarning o‘zlari tomonidan yaratilgan. Ehtimol, Karimov yaqinda tojik xavfsizlik kuchlari O‘zbekiston Islomiy Harakatiga qarshi olib borgan amaliyotni nazarda tutayotgandir. Ammo So‘x atrofidagi hozirgi muammo tashqaridagi emas, balki janob Karimovning shundoqqina burnining ostidagi muammodir", - deydi tahlilchi.

Bryusselda joylashgan tadqiqot markazi vakiliga ko‘ra, So‘x atrofidagi so‘nggi voqealar Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston qismi hamda Qirg‘iziston janubidagi umumiy tanglikni kuchaytirgan.

"Bu tanglik Farg‘ona vodiysida faqat mahalliy emas, balki O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi xalqaro ziddiyatni keltirib chiqarish salohiyatiga ega. Shuning uchun har ikki davlat rahbariyati muammoni jiddiy qabul qilib, uni yechish uchun qat‘iy harakatlarni qilishlari juda muhim", - deydi u.

Diyedre Taynenning aytishicha, chegalar demarkatsiyasini tezlashtirish bu tanglikni yumshatishga yordam berishi mumkin.

"Jarayonni oldinga siljitish uchun qirg‘iz va o‘zbek tomonlari birinchi navbatda Farg‘ona vodiysida milliy va chegara masalalarining murakkab masalalar ekanini tan olishlari hamda muammolarni mahalliy darajada yechish yo‘llarini qidirishlari kerak bo‘ladi. So‘x anklavi O‘zbekistonning bir qismi bo‘lishi bilan birga, u yerda asosan etnik tojiklar yashashini yoddan chiqarmasligimiz kerak", - deydi tahlilchi.

Andishami yo qo‘rqoqlik?

O‘zbek rasmiylari uch haftadan buyon davom etayotgan chegara ziddiyati va So‘x atrofida yuzaga kelgan insoniy inqiroz borasida sukut saqlashmoqda.

O‘zbekiston matbuoti So‘x voqealarini umuman e‘tiborsiz qoldirgan.

Ammo Eurasia.net nashrining Toshkentdagi manba‘lardan iqtibos keltirishicha, "sukut passivlik belgisi sifatida ko‘rilmasligi kerak".

Nashrning Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatiga yaqin manba‘ga tayanib yozishicha, So‘x qamali o‘zbek maxsus xizmatlari va harbiylari orasida bo‘linishlarga sabab bo‘lgan.

"Ayrim yuqori martabali generallar, ular asosan Davlat chegara ko‘mitasidan, So‘x atrofidagi qamalni olib tashlash uchun harbiy amaliyot o‘tkazishni taklif qilishgani haqida xabarlar bor", - deb aytgan ushbu manba‘.

Eurasia.net nashriga ko‘ra, So‘x mojarosi Karimov uchun siyosiy sinovga aylangan.

Nomi oshkor etilishini istamagan yuqori martabali o‘zbek diplomatiga ko‘ra, Prezident Karimov harbiy harakatlarga qarshi.

"Prezident Karimov harbiy amaliyotga mutlaqo qarshi. U chegara urushi butun mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtiradi, deb ishonadi. Qirg‘izistonning O‘zbekiston yaqinda tark etgan Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotiga a‘zoligi ham Karimovning nuqtai nazariga sezilarli darajada ta‘sir ko‘rsatgan", - deb aytgan o‘zbek diplomati Eurasia.net bilan suhbatda.

O‘zbekiston Prezidenti o‘zining ashaddiy tinchlikparvarligi bilan nom chiqarmagan, ammo Eurasia.net nashrining yozishicha, janob Karimovning 6 yanvar voqealari chog‘ida qirg‘iz tomoniga yetkazilgan moddiy zararni zudlik bilan qoplashga buyruq berishi uning qanchalik xavotirda ekanini ko‘rsatadi.

Har ikki tomon So‘x atrofidagi ziddiyatni tinch yo‘l bilan yechish tarafdori ekanliklarini aytishgan, ammo hozirgacha olib borilgan muzokaralar O‘zbekistonning So‘x hamda Qirg‘izistonning Barak anklavlari atrofidagi qamalni butunlay olib tashlay olmagan.

Juma kuni tomonlar chegarani insonparvarlik yordamlari uchun ochganliklari xabar qilingan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.