BBC navigation

CNN blogidagi maqola Gulnora Karimova tvitlari va atiriga bag‘ishlandi

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 14:49 GMT

AQShning CNN telekanali blogida Xalqaro Inqiroz Guruhidan Endryu Shtrolayn va Human Rights Watch tashkiloti xodimi Stiv Sverdlovlar maqolasi e‘lon qilingan.

"Twitlar O‘zbekistonning ayanchli vaziyatini bekita olmaydi" deb sarlavhalangan maqolada Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning "Twitter"dagi so‘nggi muloqotlari O‘zbekistondek avtoritar, inson haqlari poymol etiladigan davlat uchun kutilmagan va ermaksifat narsa ekanini yozadigan mualliflar Karimova xonimning bu muloqoti jahondagi qator nufuzli ro‘znomalarning e‘tiborini o‘ziga tortganini tabiiy deb hisoblaydilar.

Mualliflar Gulnora Karimovaning yozishmalari Nyu-York Tayms, Nyu-Yorker, Le Mond va boshqalar e‘tiboriga tushgani tushunarlidir, deb yozadilar.

So‘ng buning sababiga to‘xtaladilar Endryu Shtrolayn va Stiv Sverdlou.

"Karimova diplomat, u musiqali videolar qiladi. Xususan uning so‘nggi musiqali videosi Rossiyaning yangi fuqarosi Jerard Deparde bilan bo‘ldi. U hatto o‘zining atir brendiga ega", deb yoziladi maqolada hamda Karimova xonimning zargarlik bilan, kiyim-kechak fasonlari bilan shug‘ullanishi eslatiladi.

"U o‘zi va o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilishga shunchalik ko‘p vaqt sarflaydiki, BMTning Jenevadagi O‘zbekistonning doimiy vakilidek rasmiy lavozimini ko‘ngildagidek qanday ado etishga fursati yetadimi degan savol tug‘iladi".

"Shveytsariyaning bu shahrida Inson Huquqlari Oliy Komissarligi va Inson Huquqlari Kengashi joylashgan va O‘zbekiston BMTning bu ikki instituti talablarini inkor etib keladi. Xususan, O‘zbekiston Kengashning "Maxsus Protseduralar" mexanizmlari - jahon bo‘ylab inson haqlari masalalarini ko‘tarayotgan mustaqil ekspertlarning mamlakatga tashrif buyurishi talablarini muntazam rad etib keladi", deb yoziladi maqolada.

O‘zbekistonning oxirgi 11 yilda 11 ta maxsus protsedurani inkor etgani ma‘lum qilinadi. Bular qiynoqlar bo‘yicha, inson huquqlari himoyachilarining ahvoli bo‘yicha, diniy erkinliklar, ayollarga qarshi zo‘ravonliklar, hakam va huquqshunoslarning mustaqilligi, mahkamadan tashqari yo arbitraj qatllar, qullikning zamonaviy ko‘rinishlari va majburiy g‘oyib etishlar bo‘yicha BMT ma‘ruzachilarining mamlakatga kirishlariga ruxsat berilmaganini anglatadi.

"Ushbu masalalar bo‘yicha ozgina ruxsat O‘zbekistonning obro‘sini ko‘tarishi mumkin edi. Bunday tashrifchilar ma‘qul ko‘rilmayotgani hayratlanarli emasdir va Karimovaning Deparde bilan raqsga tushib "Gugusha" taxallusi ostida albom chiqarishga vaqt sarflayotgani va o‘z atirini targ‘ib qilayotgani uning bu narsalarni BMTning Jenevadagi inson haqlari idoralari bilan hamkorlikdan afzal bilayotganidandir", deb yozadi maqola mualliflari.

"Lekin atirning ifori o‘nlab yillar mobaynida jahondagi eng shafqatsizi bo‘lib kelgan O‘zbekistondan taralayotgan hidni yashira olmaydi", deb yozadi ikki tanqidchi.

Maqolada Xyuman Rayts Uotch tashkiloti O‘zbekistonda yillar mobaynida rasman hujjatlashtirib kelgan inson huquqlarining poymol etilishlari misollari keltiriladi.

"Bu shubhasiz uzun ro‘yxat, biroq hukumatning o‘z xalqiga qarshi sodir etgan jinoyatlarining hammasini qamrab ololmaydi", deyiladi maqolada.

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.