BBC navigation

Misrda tartibsizliklar tingani yo‘q

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 14:27 GMT

Misr poytaxti Qohirada 26 yanvardan 27 yanvarga o‘tar kechasi tartibsizliklar to‘xtamagan, Port Said shahrida bir kun oldingi zo‘ravonliklarda nobud bo‘lgan 30 dan ortiq insonning dafn marosimi yakshanba kuniga rejalangan.

Port Said shahridan bo‘lgan 21 futbol ishqiboziga mahkama tomonidan o‘lim jazosi hukmi e‘lon qilingani tartibsizliklar kelib chiqishiga olib keldi.

Poytaxt Qohirada namoyishchilar shaharning muhim ko‘priklaridan birini to‘sib qo‘yganlar, avtomobillarga o‘t qo‘yganlar.

Politsiyaning yuzini niqoblar bilan to‘sib olgan namoyishchilar bilan to‘qnashishlariga to‘g‘ri kelgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Tahrir maydoni atrofida havoni ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz hidi tutib ketgan.

Futbol ishqibozlariga o‘lim jazosi Prezident Muhammad Mursiyga qarshi namoyishlarga aylanib ketgan.

26 yanvar kuni Qohiradagi mahkama o‘tgan yili fevralida 74 inson o‘limiga olib kelgan Port Saidning "Ad-Masriy" jamoasining 21 ishqiboziga o‘lim hukmini e‘lon qilgan.

Hukm e‘lon qilinishi bilan noroziliklar boshlanib ketgan.

Muxbirlarning yozishlaricha, stadiondagi tartibsizliklar yo politsiyaning o‘zi yoki sobiq prezident Husni Muborakning tarafdorlari tomonidan uyushtirilganiga aksar misrliklar ishonadilar.

Qohiralik ishqibozlar agar adolat qaror topmasa, keng miqyosda tartibsizliklar tashkil qilishlari bilan ogohlantirgan edilar.

Port Said shahri aholisi esa o‘z hamshaharlariga bunday qattiq jazo tayinlanishini siyosiy sabablarga asoslangan, deb ishonmoqdalar.

"Tartibsizliklarning oldini olish maqsadida hukumat bizning bolalarimizni qurbon qildi", deb aytgan port saidlik Ashraf Said "Frans Press" axborot agentligi muxbiriga.

Hukmdan so‘ngi Port Said shahriliklar politsiya idoralariga hujum qilganlar, ko‘chalarda avtomobil g‘ildiraklarini yoqqanlar.

Qarindoshlari shahardagi qamoqxonada saqlanayotgan futbol ishqibozlarini ozod qilmoqchi bo‘lib qamoqxonaga hujum qilganlar.

Ularga qarata o‘t ochilgan.

Shifokorlarga ko‘ra, halok bo‘lgan 30 dan ortiq odamning hammasiga o‘q tekkan.

Butun shaharni otishma ovozi qoplab ketgan, do‘konlar va bizneslar yopilgan.

"Tez yordam" mashinalari yaradorlarni shifoxonalarga yetkazishga shoshilgan, masjidlarda yaradorlar uchun qon topshirish iltimos qilingan.

Xavfsizlik manbalaridan biri olomon ikki politsiya idorasiga hujum qilib, u yerda saqlanayotgan 25 kishini ozod qilgani, qurol-yarog‘ni qo‘lga kiritganlari haqida xabar qilgan.

Tartibni saqlash uchun Port Saidga harbiy qo‘shinlar joylashtirilgan.

Muxolifat Prezident Mursiydan tartibsizliklarga chek qo‘yishning "keng miqyosli" chorasini ko‘rishni talab qilmoqda, aks holda yaqinlashib kelayotgan parlament saylovini boyqot qilishi bilan tahdid qilgan.

Prezident Muhammad Mursiy rahbari hisoblanadigan Misr milliy mudofaa kengashi osoyishtalikka hamda saylov masalasida "mustaqil milliy siyosatchilar" bilan muloqotga chaqirgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.