BBC navigation

HRU: "O‘zbekiston paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatni kuchaytirdi"

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 13:37 GMT

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatidan foydalanishi keng miqyosda tan olingan

"O‘zbekiston hukumati o‘tgan yil paxta sektorida kattalar va kattaroq yoshli bolalar majburiy mehnatidan foydalanishni kuchaytirdi", deyiladi Human Rights Watch chiqargan yangi hisobotda.

Tashkilotga ko‘ra, bolalar mehnatidan foydalanishga oid ommaviy chiqishlar va xalqaro bosimlarga javoban mas‘uliyat kattalarga zimmasiga tashlangan.

Human Rights Watchning aytishicha, 2012 yilgi mavsumda jazolash bilan po‘pisa qilinib, milliondan ortiq odam - bolalar va kattalar - jumladan, o‘qituvchilar, shifokorlar va hamshiralar majburan safarbar etilgan.

Shuningdek, tashkilot hisobotida O‘zbekiston hukumati yig‘im-terim jarayonidagi vaziyat yuzasidan xabar berishga uringan mahalliy faollar va jurnalistlarga tazyiq o‘tkazganini tilga oladi.

"Bu yerdagi masala aniq va ravshan - majburiy mehnat", - deydi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stev Sverdlov.

"Kichikroq yoshdagi bolalar o‘rnini to‘ldirish uchun kattaroq yoshli bolalar va kattalarni paxta maydonlariga majburan yo‘llash bilan O‘zbekiston har yili o‘zining bir million fuqarosini ixtiyoriga zid ravishda yig‘im terimga safarbar etishi borasidagi fakt o‘zgarmaydi".

O‘zbekiston hukumati mamlakatda bolalarning majburiy mehnatidan foydalanishni rad etadi. Ammo, Human Rights Watch mazkur holat "keng miqyosda tan olingan"ini eslatib o‘tadi.

Tashkilotga ko‘ra, 2012 yil mas‘uliyat kattaroq yoshli bolalar va kattalar zimmasiga yuklangani borasidagi xulosalar paxtakorlar, mustaqil faollar va mahalliy inson huquqlari guruhlari bilan muloqotlar asosida qilingan.

"O‘zbekiston hukumati to‘rtinchi yildirki, xalqaro kuzatuvchilarni mamlakatga kirishlariga izn bermaydi. Majburiy mehnatga oid vaziyatni yoritishga uringan mahalliy faollar va mustaqil jurnalistlarni esa, hibsga oladi va qo‘rqitadi", deya bong uradi Human Rights Watch o‘z hisobotida.

Shu o‘rinda tashkilot jizzaxlik inson huquqlari faoli O‘ktam Pardayevning hibs qilinishini eslatib o‘tadi. "Xavfsizlik rasmiylari Pardayevni kaltaklagan va uni kichik ma‘muriy ayblovlar bilan tashqi dunyodan uzib 15 kunga qamoqda tutib turgan", deydi tashkilot O‘ktam Pardayevning o‘ziga tayangan holda.

Hisobotda "O‘zbek hukumati majburiy mehnatdan foydalanish hamda vaziyat yuzasidan xabar beruvchi jurnalistlar va targ‘ibotchilarni tahqirlashni bas qilishi kerak"ligi ta‘kidlanadi.

Human Rights Watch nafaqat paxta yig‘im-terimiga majburiy safarbarlik, balki o‘z uylaridan uzoqdagi paxta maydonlariga olib ketilgan bolalar va kattalar uchun yashash sharoitlari inson salomatligiga ziyon yetkazish darajasida abgor bo‘lganini ham tanqid qiladi.

Ustiga-ustak, kattalar va bolalardan bir kunda kamida "60 kilogramm" talab qilingani va terilgan paxta uchun juda kam miqdorda haq berilgani ham Human Rights Watch xulosalarida aks etgan.

Shuningdek, hisobotda paxta yig‘im-terimi davrida bir qator jarohatlanish va yo o‘lim hollari yuz bergani ham tilga olingan.

"Majburiy mehnat - biror ishni insonning ixtiyoriga zid ravishda jazolash tahdidi va yo jarima tahdidi bilan qilishga undash. Bu bolalarni muhofaza qilishga oid muayyan xalqaro qonunlarda butunlay ta‘qiqlangan", deydi Human Rights Watch.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro guruh O‘zbekistonning asosiy ittifoqchilari - Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqini, shuningdek, paxtasi uchun asosiy bozorlarini mavjud majburiy mehnat tizimini ochiqdan-ochiq qoralashga qilishga undaydi.

"Ittifoqchilar O‘zbek hukumatiga mazkur amalga nuqta qo‘yish va Xalqaro Mehnat Tashkiloti tarafidan kuzatuvlarga izn berish yuzasidan bosim o‘tkazishlari kerak", deydi Human Rights Watch.

2011 yil O‘zbekiston paxtani eksport qiluvchi 5 - yirik davlat sifatida qayd etilgandi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.