BBC navigation

Madlen Rivs: "So‘xliklar o‘zlarini quti ichidagi qutidagidek sezishardi"

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 16:17 GMT

So‘xliklar chegara-osha hayotga o‘rganib qolishgan.

Qirg‘iziston janubi, hamda Farg‘ona vodiysidagi etnik guruhlarni yaqindan o‘rgangan britaniyalik olim, Manchester universiteti tadqiqotchisi Madlen Rivsga ko‘ra, chegara hududlarda hayot yuritish bu hududlardagi xalqlar uchun o‘ta muhimdir va ular asrlar osha aynan shu yo‘lda hayot yuritishga o‘rganganlar.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari Botkenda uchrashib ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralarni qayta ochishga qaratilgan muzokaralarni davom ettirishgan.

25 yanvar kuni qirg‘iz chegara xizmati ikki tomon Barak, Bojoy, Shohimardon va So‘x hududlariga insonparvarlik yordamlarini yetkazib berishga kelishganini xabar qilgan.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaralar yanvar boshida So‘xda yuz bergan mojaro ortidan 23 yanvarda yopib qo‘yilgandi. Mahalliy aholi suv tanqisligi va mahsulotlar uchun bozorga chiqa olmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Madlen Rivs So‘xda bir necha oy yashab, mahalliy xalqlarning turmushini o‘rgangan. BBC Madlen Rivsdan avvalo So‘xdan olgan taassurotlari haqida so‘radi.

Rivs: Men 2004 va 2005 yillarda So‘xda bir necha oy yashadim. Men Farg‘ona vodiysidagi etnik guruhlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan aloqalar borasida tadqiqot olib borganman va So‘xdagi bir mahallada ochilgan yangi kollejda dars berganman. U davrlarda odamlarning asosiy xavotirlari iqtisodiy edi, ko‘plar Rossiyaga qanday ketish haqida gapirardi. Ko‘pgina mahalliy sanoatlar yopilgandi, ko‘pgina so‘xliklar chegaraning narigi tomonidagi Haydarkonda ishlashardi, lekin bu ham qiyinlashishi tufayli Rossiyaga ketayotganlar ko‘p edi. Odamlar u vaqtda ham chegarani kesib o‘tish borasidagi noroziliklarini izhor qilishardi, lekin, menimcha, u paytdagi vaziyat bugungisiga qaraganda osonroq edi. So‘xdan Rishtonga yo Farg‘onaga borib kelish unchalik muammo tug‘dirmasdi, yoki odamlar Qirg‘izistondagi Botkenga borishmoqchi bo‘lsa, pasportni ko‘rsatib o‘tishardi, xolos. So‘xliklar So‘xda yashashni menga "dvoynaya korobka", ya‘ni quti ichidagi quti deya tasvirlashardi. Chunki ular anklav chegara bilan o‘ralganini bilishardi, va ayni damda, etnik tojik bo‘lganlari uchun ba‘zi qiyinchiliklarga yuz tutishardi, masalan oliy ta‘lim olish borasida. Chunki oliy ta‘lim olish uchun yoki Toshkentdagi xizmatlardan foydalanish uchun o‘zbek tilini yaxshi bilish zarur edi. Ular o‘zlarini yakkalangan his qilishardi. Sovet davrida so‘xliklar Tojikistondagi qarindosh-urug‘lari bilan yaqin aloqada bo‘lishgan va ko‘plari Ho‘jand yo Dushanbega borib institutlarda ta‘lim olganlar. Biroq keyin viza tizimi buni qiyinlashtirdi.

BBC: Lekin, mahalliy aholi orasida, o‘zbek, tojik va qirg‘izlar orasida bo‘linishlarni sezganmisiz o‘sha paytda?

Rivs: So‘xdagi odamlarda men uchun yaqqol ko‘zga tashlangan narsa ular tojik o‘zligini qanchalar qattiq his qilishlari bo‘ldi. Ammo ayni damda ular O‘zbekiston fuqarolari ekanlarini ham qattiq his qilishardi. Kundalik hayotni olsak, qirg‘izlar bilan aloqalar yaxshi edi. Lekin bu bilan, hamma narsadan qirg‘iz va tojiklar birga foydalanardi demoqchi emasman. Choyxonalar alohida edi, masalan. Til ham to‘siq edi, chunki tojiklar va qirg‘izlar o‘zaro o‘zbekcha so‘zlashishardi. Men u yerda yashaganimda ba‘zi nohukumat tashkilotlar qirg‘iz va tojiklar uchun birgalikda kanallarni tozalash uchun "subbotnik"lar tashkil qilishardi, Xushyor, So‘g‘ment va Chorvoqliklar bunda ishtirok etardi, bolalar uchun voleybol musobaqalari tashkil etilardi. Umuman olganda, odamlar totuv yashashi kerak degan fikr hukmron edi. To‘y marakalar alohida edi, lekin chegara bozorlarida, tibbiyot markazlarida, jamoat transportida xalqlar bir biri bilan muloqot qilardi. Ular avlodlar osha totuv yashab kelishgan.

BBC: Siz o‘z hisobotinlaringizdan birida bu odamlar uchun chegarada yashash o‘ta muhim ekanini aytgansiz, chunki ular yuz yillar osha birga yashab kelib, shunga o‘rganib qolishgan, shunday emasmi?

Rivs: Ha, menimcha shunday. Men ba‘zi odamlar bilan suhbatlarimni yozib olganman, va ular "Sim tortish kerak!" deb aytishardi. "Nima uchun sim kerak?" deb so‘raganimda, ular aslida o‘zlarini bir chegaraning ichida xavsiz sezishni istashlarini aytishardi. Qaysi hudud bizniki, qaysi zahiralar bizniki, qaysi yaylovlardan foydalansak bo‘ladi, qaysi suvni ichsak bo‘ladi, ya‘ni omon qolish uchun va yashash uchun muhim bo‘lgan savollar ular uchun asosiy masala edi. "Ya‘ni chegaraning narigi tarafidagilar bilan muloqot kerak emas demoqchimisiz?" deb so‘raganimda, ular "Yo‘q, savdo qilishni istaymiz, pulimiz bir bo‘lgan paytlari oson edi" deyishardi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.