BBC navigation

O‘zbekistonlik o‘zbek qiziga oshiq afg‘on yigitining boshi nega qotgan?

Сўнгги янгиланиш 28 январ 2013 - 13:27 GMT

Yaqinda sevgan qizi bilan uchrashish uchun Amudaryoni kechib, O‘zbekistonga o‘tgani bilan tilga tushgan Abdulnazarbekning aytishicha, endi qanday to‘y qilishini bilmay boshi qotgan.

Yaqinlariga ko‘ra, oshiq yigitning nikoh to‘yi uyoqda tursin, hatto, O‘zbekiston vizasini olishga ham puli yo‘q.

18 yoshli Abdulnazarbek shimoliy Jauzjon viloyatining Amudaryo sohiliga yaqin Sho‘r tepa tumanidan. Asli turkman. Kambag‘algina bir oiladan.

Boyligi yoki oilasining obro‘si emas, balki o‘zbekistonlik tikuvchi qizginani tasodifiy telefon qo‘ng‘irog‘i orqali g‘oyibona sevib qolib, ko‘plab mahalliyu xorijiy ommaviy-axborot vositalarining e‘tiboriga tushgan.

O‘zbekistonlik o‘zbek qizi Salomatni deb, butunboshli asov daryoni pisand bilmagan afg‘onistonlik oshiq yigitning dovrug‘i bugun dunyoning ko‘plab davlatlariga yoyilgan.

Abdulnazarbekning aytishicha, O‘zbekistonga noqonuniy o‘tgani uchun o‘zini Termezda hibsga olishgan va bir necha kundan so‘ng, sevgan qizi uni hibsxonadan olib chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

"Sobiq mahbus" o‘zbekistonlik sevgan qizining uyida bir haftacha bo‘lib, so‘ngra "Hayraton" bandargohi orqali Afg‘onistonga qaytgan.

Boshlaridan kechgan shuncha kechmishlardan so‘ng oshiqu mash‘uqlarning visol to‘ylariga ko‘z tikayotganlarning soni ham ozmuncha bo‘lmagani tayin.

"Sevgan qizimga uylanish nafaqat yolg‘iz men, balki onam va akamning ham yagona orzusi. Lekin bunga qo‘limiz kaltalik qilmoqda. Nima qilishimni bilmay, boshim qotib qolgan", deydi oshiq yigit men bilan suhbatda.

"Faqirlik qursin..."

Abdulnazarbekning otasi o‘lib ketgan va hozir dehqonchilik orqasidan kun ko‘rishadi.

Hosil bir yil yaxshi bo‘ladi, boshqa yil esa, haminqadar. Topgan pullari kundalik tirikchilikdan ortmaydi.

Agar, Abdulnazarbekning so‘zlariga qaralsa, to‘y qilish uchun kamida 3.000 AQSh dollari kerak.

"Biz esa, uchchovlashib, shu paytgacha 500 dollar ham yig‘olganimiz yo‘q", deydi u.

Men Abdulnazarbekdan o‘zbekistonlik sevgan qizi haqida ham biroz ma‘lumot berishini so‘rayman.

"U qizning yoshi 19 da. Maktabni bitirib, tikuvchilik qiladi. Sevgan qizim bilan telefon orqali har kuni bir necha marta gaplashib turamiz. Busiz iloji yo‘q. Mening ilojim bo‘lmaganda, uning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qiladi", deydi u.

"Sevgan qizingiz sizdan bir yosh katta ekan-ku", degan savolimga esa, "Sevgi yosh tanlamaydi", deya javob qildi.

Men oshiq yigitni ko‘p uyaltirmaslik maqsadida uning akasi Muhammad bilan ham bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim.

Muhammadning aytishicha, bo‘lajak kelinlarining oilasi da‘vatnomani shu bugunning o‘zida yuborishga hozir.

Ammo, bugungi moliyaviy ahvollari O‘zbekistondan kelin keltirish uyoqda tursin, hatto, o‘zbek vizasini olishga ham yetmaydi.

Lekin, shunga qaramay, viza olishga puli bo‘lmagan afg‘onistonlik oshiq yigit o‘zbekistonlik tikuvchi sevgilisiga uylanish orzusidan voz kechmabdi.

Abdulnazarbekning eng so‘nggida menga aytishicha, "ishqilib, bir amallab pul topib, shu yil yozda to‘y qilish umidida".

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.