BBC navigation

Angrenda maktab bolalar zaharlanib kasalxonaga yotqizilgan

Сўнгги янгиланиш 29 январ 2013 - 15:42 GMT

O‘zbekistondagi Inson huquqlari himoyachilari Alyansi tarqatgan xabarga ko‘ra, Toshkentga yaqin Angren shahridagi maktabda 28 bola zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Zaharlangan bolalarning 7-8 yoshdagi bolalar ekani, ular maktabdan shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilganlari xabar qilingan.

Alyans faollariga ko‘ra, mutasaddilar bolalarning ommaviy zaharlanganini yashirishga harakat qilmoqdalar.

Angrenlik inson huquqlari faoli Dmitriy Tixonovning BBCga aytishicha, bolalar gaz ballonidan zaharlanganlar.

"Buning sababi - o‘quvchilardan biri maktabga gaz balonini olib kelgan. Hozircha bu qalampir gazi baloni deb taxmin qilinayapti. Bu gaz balonining Rossiyada ishlab chiqarilgan. Mening tushunishimcha, noharbiy maqsadlarda foydalanish uchun ishlab chiqarilgan bo‘lgan. Va kattaroq sinfda o‘qigan bu bolaning kichik yoshdagi bolalar o‘qiydigan sinfxonaning ichiga ana shu gazni purkagani aytilayapti. Bu gaz bir sinfdan ikkinchi sinfxonaga ham o‘tgan. Bittagina gaz baloni shuncha katta hudud va ko‘p sondagi bolalarga ta‘siri qilishi mumkinmi, degan savol qo‘yilayapti. Lekin men gaplashgan o‘qituvchilar va ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, bu gaz baloni bo‘lgan. Militsiya bu balonni musodara qilgan va tekshirish uchun Toshkentga yuborishgan", - deydi u.

Maktabda aslida nima bo‘lgani, nima uchun gazdan zaharlanganini yashirish maqsadida bir maktab bolalari o‘z-o‘zini muhofaza maqsadida ishlatiladigan qalampir gazi balonidan zaharlanishgan, deb aytilmoqda.

Odamni o‘ldirmaydigan qalampir gazi inson o‘zini hujumchilardan himoya qilishi uchun foydalanadigan balon. Bunday balonlarni G‘arbda va Rossiyada ham erkin qo‘lga kiritish mumkin. O‘zbekistonda bunday balonlar sotilmaydi. Ayni paytda huquq faolining aytishicha, bunday gaz balon qanday qilib bu yerga va maktabning ichiga kelib qolgani surishtirolmoqda.

Tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga 28 bola yotqizilgan. Keyin vahima tarqatmaslik maqsadida bolalar hali salomatliklari yaxshi bo‘lmasalar ham uylariga qo‘yib yuborilgan, deyilmoqda.

Huqubon Dmitriy Tixonov ota-onalar va o‘qituvchilar bilan ham gaplashganini aytadi.

"Voqea bunday bo‘lgan: Shifoxonaga 28 bola yotqizilgan, ularning 12 nafari darhol reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilganlar. Kechga borib hamma bolalarni uylariga qo‘yib yuborishgan. Ammo oradan bir-ikki soat o‘tib, yana bolalarning ahvoli og‘irlashib, "Tez yordam" ularni shifoxonaga olib kelgan. Xullas, shanba-yakshanbada ham shifoxonada 5 bola ushlab turilgan. Hech kim bolalarni haydamagan. Gap shundaki, bolasi shifoxonaga tushgan ota-onalar ham shu yerda qolishgan. Shifoxonada odam ko‘payib noqulaylik yuzaga kelgan. Shifokorlar fikricha, bolalarning ahvoli ularning uyda yotishlariga, ota-onalarining nazorati ostida bo‘lishlariga imkon beradi. Shuning uchun shifokorlar ota-onalarga bolalarini uyga olib ketishlari mumkinligini aytishgan. Agar yana ahvollari yomonlashsa, olib kelasizlar, deyishgan. Ota-onalar esa shifokorlardan shikoyat qilishayapti - do‘xtirlar hech qanday chora ko‘rmayapti, deb. Menga shifokorlar aytishicha, ular zaharlanishda qo‘llanadigan birinchi yordamni ko‘rsatishgan. Boshqa davo qo‘llamayotganlarining sababi - ularning o‘zlari ham bilishmaydi bu qanaqa zaharli modda bo‘lgan. Shuning uchun bu zaharlanishga qarshi qanday davo qo‘llashni ham hali bilmay turishipti. Chunki Toshkentdan ekspertiza natijasi kelmagan. Hozir ma‘lum bo‘lishicha, bolalar boshlari og‘rib o‘zlarini yomon his qila boshlashlari bilan ularning o‘qituvchisi maktab ma‘muriyatiga xabar bergan va "Tez yordam" chaqirishni so‘ragan. Lekin ma‘muriyatdagilar "ozroq vaqtdan keyin bolalar o‘zlariga kelib qoladi", deb vaqtni cho‘zganlar. Xullas, zaharlanishdan 1 soat o‘tganidan keyingina "Tez yordam" kelgan".

Hozirda hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani noma‘lum.

Lekin Angren shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hodisa yuzasidan tekshiruv olib borayotganlari aytiladi.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.