BBC navigation

Islom Karimov 75 yoshda: u qanday yutuqlarga erishdi?

Сўнгги янгиланиш 30 январ 2013 - 14:15 GMT

Karimov sobiq sho‘ro davridan qolgan davlat rahbarlari orasida eng yoshi ulug‘i hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 75 yoshga to‘lgan. O‘zbekistonda bu sana munosabati bilan alohida tantanalar yo matbuotda chiqishlar ko‘zga tashlanmaydi, lekin O‘zbekistondagi jarayonlarni yoritib boruvchi qator mustaqil nashrlar janob Karimovning 20 yildan ortiq boshqaruviga nazar solishga uringanlar.

Ulardan biri fergananews.com axborot portali muharriri Daniil Kislovdir. U o‘zining "Islom talvasasi: o‘zini va mamlakatini boshi berk ko‘chaga olib kirgan Karimov" nomli maqolasida O‘zbekiston prezidentining siyosati va boshqaruv yo‘lining turli jihatlarini tanqid ostiga olgan.

"Qariyb chorak asr lavozimda qolar ekan, Islom Karimov allaqachon o‘zining insoniy va siyosiy cho‘qqisidan o‘tib bo‘lgan. Uning 75 yilligi kunida u aslida ham zamonaning eng qonxo‘r diktatorimi yoki hech nima ustidan nazorati qolmagan befoyda shaxsmi - buni tushinish qiyin... Uning hukmronlik davri tarixda eng oliy maqsadlar va eng achchiq haqiqatlar davri bo‘lib esda qoladi", - deb yozadi muallif.

Sobiq sovet davridan qolgan davlat rahbarlari ichida yoshi eng kattasi bo‘lgan Karimov janoblari, muallifga ko‘ra, aslida mamlakatda ahvol qanday ekanidan bexabar, uning saroyida esa faqat unga yoqadigan ma‘lumotlar yetkaziladi.

"Qarib qolgan Toshkent xoni, marhum Brejnevga o‘xshab, voqe‘likdan uzilgan. Shuning uchun ham, Moskvada axlatxona ichida yashayotgan farrosh muxojir haqidagi xabar uni hayron qoldirgan: "Nima uchun bu o‘zbek o‘z yurtida ish topa olmadi", - deb so‘ragan u", - deyiladi maqolada.

Muallif, shuningdek, O‘zbekistondagi diniy, muxolif va erkin fikr arboblariga qarshi bosimlar, iqtisodning abgorligi, nafaqaxo‘rlarning nochorligi kabi muammolarni ko‘taradi.

Lekin, mintaqadagi eng barqaror hisoblangan davlat rahbarining muvaffaqiyalari ham bormi? BBC bu savol bilan Daniil Kislovga murojaat etdi.

Kislov: Bilasizmi bu savolga javob berish qiyin vazifa. Janob Karimovning 20 yildan ortiq boshqaruviga bir nazar solib, xulosa qilish mushkul. Lekin, sinchkovlik bilan qarasak, bu kabi muvaffaqiyatlarni topish mumkindir, ammo bu muvaffaqiyatlar topilgan taqdirda ham hammasining, ko‘zgu kabi, qora orqa tomoni bordir. Masalan, O‘zbekistonda erishilgani aytilgan va Karimovning asosiy muvaffaqiyati sanalgan va tahsinlar o‘qilayotgan barqarorlikka qaysi yo‘l bilan erishilgan? Siyosiy sahnani toptab, o‘zgacha fikrlovchilarni tazyiq ostiga olish, muxolifat rahbarlarini yo‘qotish orqali erishilgan. Natija nima bo‘ldi, bu sahnada Karimovning o‘zi qoldi. Mana shuning uchun hamma yoq tinch, tiq etgan sado yo‘q.

BBC: Tahsinlar o‘qilayotgan, dedingiz, agarda tahsin o‘qilayotgan bo‘lsa, demak qanday yo‘l bilan erishgan bo‘lmasin, bu tan olinmoqda shundaymi?

Kislov: Kim tahsin o‘qimoqda, shunisiga ham e‘tibor berish kerak. Uning o‘zi tomonidan tayinlangan siyosiy sharhlovchilar, yoda O‘zbekistondagi vaziyatni yaxshi bilmaydigan xorijiy tahlilchilar, yoki bizning nazarimizda soxta bo‘lgan omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalari tahsin o‘qimoqda. Fikrimcha, bu tahsinlar O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan yolg‘onning tarkibiy qismidir. Chunki aksar o‘zbekistonliklar bilan, yoda mamlakatdan tashqarida mehnat muhojirligi bilan mashg‘ul inson bilan gaplashsangiz, Karimovga tahsin emas, tanqid ota boshlaydi. Albatta, O‘zbekistondagi hamma narsa unga bog‘liq emasdir, lekin mustaqillikning dastlabki yillari janob Karimov rivojlanish yo‘lida to‘siq bo‘ladigan juda ko‘plab qadamlarni qo‘ydi, mamlakatni erkin nafas olish imkonidan mahrum qildi. Natijada O‘zbekiston bugungi kunda qonunlar amal qilmaydigan politsiya mamlakatiga aylandi.

BBC: Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlarda "Prezident Karimov o‘z mamlakati uchun ko‘p narsaga erishdi, mana bizning ahvolimizga qarang" degan suhbatlarga guvoh bo‘lish mumkin. Bu uning boshqaruvining haqiqatan ham bir qadar muvaffaqiyatlari borligi belgisi emasmi?

Kislov: Men ham Markaziy Osiyoga tez-tez borib turaman. Men eshitgan suhbatlar o‘zgacha. Hattoki, ikki marotaba inqilobni boshdan kechirgan Qirg‘izistonda ham, hatto u yerda yashaydigan o‘zbek millati vakillari ham janob Karimovning siyosatini ma‘qullamaydilar. Ularga ko‘ra, O‘zbekistondagi kabi qabriston tinchligidan ko‘ra, muammoli bo‘lsa ham o‘sish ma‘qulroq. Tabiiyki, yuzaki qaraganda O‘zbekistonning ta‘bir joiz bo‘lsa tashqi ko‘rinishi yaxshi, ko‘chalari toza, u yerda yaxshi kiyingan militsionerlar tartibli ravishda to‘qmoqlari bilan hammani tartibga solib turishibdi, uylarning devorlari hozirgina yuvilgandek yarqiraydi. Lekin bu yultiroq ustki qavat ortida korruptsiya, huquqlarning toptalishi, qoloq iqtisod kabi chirigan qavat bor. Qirg‘izistonda ish yuritayotgan ishbilarmondan so‘rab ko‘ringchi, O‘zbekisonga borib faoliyat yuritgisi keladimi? Yoki qirg‘iz siyosatchisi?

BBC: Iqtisodiy o‘sish masalasini tilga oldingiz. Lekin xalqaro tashkilotlar ham oxirgi yillarda O‘zbekistonda o‘sish anchayin baland ekanligini o‘z hisobotlarida ko‘rsatib kelmoqdalar.

Kislov: Bu shuning daliliki, xalqaro tashkilotlar foydalanayotgan O‘zbekiston rasmiy doiralarining ma‘lumotlari o‘zbek tashviqoti kabi yolg‘ondan iboratdir. Kishi boshiga ichki yalpi mahsulot bu raqamlarda faqatgina rasmiylarning tasavvuri va shuurida o‘smoqda. Buning aksini isbotlovchi fakt bu non topish uchun xorijga yo‘l olayotgan o‘zbekistonliklarning ulkan armiyasi. Bu qashshoqlikka yuz tutayotgan xalqning mavjudligi isbotidir.

BBC: Xalqaro tashkilotlarni rasmiy ma‘lumotlar bilan shu qadar aldash oson deb o‘ylaysizmi?

Kislov: Gap shundaki, bu tashkilotlarda muqobil ma‘lumot manbai yo‘q. Mamlakatda iqtisod haqida haqiqiy raqamlarni olib, tahlil qilib, solishtira oladigan bironta mustaqil tashkilot yo‘q, shuning uchun xalqaro tashkilotlar rasmiylar ma‘lumotlaridan foydalanishga majburlar.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

Aloqador mavzular

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.