BBC navigation

O‘quvchimiz ijodidan: Dalay Lamasiz Hindiston Tibetida

Сўнгги янгиланиш 30 январ 2013 - 13:54 GMT

Makleod Ganji dengiz sathidan 3600 metr balandlikda joylashgan.

O‘zbekistonlik taniqli jurnalist Muhammadjon Obidov Hindiston Tibetiga safari asosida yozgan sayohatnomasini BBCga taqdim etdi.

Tibet o‘zining maftunkor manzarasi, aholisining ochiq ko‘ngilligi, tabiblarining hayratomuz zukko va bilimdonligi bilan sayyohlarni har doim o‘ziga rom etib kelgan.

Tarixiy manbaalarda qayd etilishicha, ilk bor sayyohlar dunyo tomi deb atalmish Himolay tog‘ining eng yuksaklikdagi aholi yashaydigan qishloqlariga o‘n oltinchi asrda qadam ranjida qilgan, Tibet xalqi, uning urf odatlari haqida o‘shanda dastlabki yozma ma‘lumotlar paydo bo‘lgan ekan. Uning poytaxti Lxas Shvetsariyadagi qorli Alp tog‘laridan ham yuqorida joylashgan.

Tibet haqida batafsil tadqiqot va ma‘lumotlar 1930 yilda ingliz yozuvchisi Jeyms Xilton tomonidan yaratildi. Shundan so‘ng "katta dunyo"dan ajrab qolgan Tibet sayohat ishqibozlarini yanada ko‘proq jalb etdi. Xitoydan siyosiy mustaqillik uchun kurashgan Tibet hukumati maqsadiga yetolmagach, 1959 yilda ma‘naviy rahbari Dalay Lama boshchiligida yagona chorani qo‘lladi. Osmono‘par abadiy muzliklarga burkangan Himolay tog‘ining Hindiston tomoniga 30 ming chog‘li yaqinlari bilan qochib o‘tdi. Shu-shu Tibetning qochqindagi ma‘naviy rahbari hamda hukumati Hindiston shimolidagi Himolayning qorli bag‘riga tutashib ketgan va dengiz sathidan 3600 metr balandlikdagi Makleod Ganjidan qo‘nim topdi. Mana, 64 yildirki xaritadagi Tibet bilan qo‘shni bu yerlarni Hindiston Tibeti deb ataydilar.

Makleod Ganji Panjob shtatining poytaxti, dunyo singxlarining bosh ibodatxonasi joylashgan Amristar shahridan 260 kilometr uzoqlikda bo‘lib, bu masofani "Jip" rusumli avtomashina ham bazo‘r 5-6 soatda bosib o‘tadi xolos. Chunki qalin o‘rmon oralab keskin ko‘tarilish va hatto bir yuz sakson daraja burilishlardan iborat tor hamda xavfli yo‘ldan tik qoyali toqqa chiqib borish oson emas. Hindiston Tibeti markaziga yetib kelganingizda esa barcha yo‘l qiyinchiliklari bir zumda unitiladi. Siz archazorlardan anqigan xushbo‘y tog‘ havosi, bir cheti oqsoch Himolayga tutash quyuq o‘rmon manzaralariga maftun bo‘lib qolasiz.

Bu yerda tibetliklar hindular bilan inoqlikda yashaydilar. Buning sabablaridan biri iqtisodiyot bilan ham bog‘liq desak to‘g‘ri bo‘lar. Chunki noyob giyohlarga kon o‘z yerlari, go‘zal, takrorlanmas o‘rmonu, tog‘u-toshlarini o‘zga millat, o‘zga din, o‘zga xalqqa tutgan hindular tibetliklarga nisbatan ko‘proq manfaatdor bo‘lsalar kerak. Hindiston "Tibet"iga dunyoning barcha qit‘a mamlakatlaridan xalq tabobatidan bahramand bo‘lish maqsadida kuniga o‘n minglab sayyohlar oqib kelmoqda. Ularga transport, mehmonxona, bank xizmati ko‘rsatadigan, yedirib-ichiradigan, esdalik sovg‘alari sotadigan asosan Himolay hindularidir. Demak, ahillik, diniy bag‘rikenglik har ikki xalq uchun ham birinchidan hayotiy zarurat, ikkinchidan iqtisodiy manfaatdir.

Biz to‘xtagan Sapxara mehmonxonasi mo‘‘jazgina bo‘lib atigi o‘nta xonasi bor. Ammo barchasining ham oynasi, ayvonchasi o‘rmonga qaragan. Ayvonchada bir dam tursangiz turfa xil giyohlarning hidi mast qiladi sizni.

- Kalsang Hindiston Tibetidagi eng mashhur tabiblardan biri, - deydi yo‘lboshchimiz Sano. - Undan juda ko‘p odamlar shifo topganlar.

Dxaramshala qishlog‘idagi uch qavatli, ammo mo‘‘jaz shifoxona tiktog‘ qoyalari va 50-60 metrli archalarga moslashtirib qurilgan. Tabib qabulida erta tongdayoq o‘n besh chog‘li odam bor. Nihoyat, navbat bizga keldi.

Pesh suyuqligi (siydik)ni taxlil qilgach, tomir ushlab bir necha lahza ko‘zlarini yumgancha dong qotdi.

- Sizning ...

U darhaqiqat meni bezovta qilayotgan tana a‘zolari, og‘riq nuqtalari va kasalligim tabiatini aniq aytdi. Unga ixlosim ortdi. So‘ng, ko‘z kosasi, til, og‘iz bo‘shlig‘ini ko‘zdan kechirgach yana bir necha bemorlik belgilarini aniqladi.

- Shifo topasiz, - dedi u kulib. - Darvoqe, siz qayerdan keldingiz?

- O‘zbekistondan.

- Mening qabulimga bu uzoq yurtdan ko‘plab mijozlar kelyapti. Demak u yerda hayot yaxshi, odamlar boy.

Men bosh irg‘adim.

Dorixona ham shu yerning o‘zida edi. Kalsang yozib bergan dori darmonlar va ularni iste‘mol qilish yo‘riqnomasini oldik.

Hindiston Tibetining bosh ibodatxonasi joylashgan Dxaramsala shaharchasi erta tongdayoq laymalar bilan gavjum. Taqir bosh, qizil matoga o‘rangan (odatda mato tikilmaydi, balki o‘ng qo‘l yelkadan ochiq holda o‘raladi), doimo kulib turadigan ammo ko‘z qarashlaridan mutafakkir ekani sezilib turadigan ruhoniylar ibodatxona to‘rt tomonidagi Buddaning ilohiy so‘zlari bitilgan xalqalarni birma-bir aylantirib chiqadilar.

Men o‘zini Tubden deb tanishtirgan lamani so‘zga tutdim.

- Tilimiz, e‘tiqod ma‘budlarimiz boshqa-boshqa. Lekin hech qachon mahalliy xalq bizni kamsitmagan. O‘zim hind tilini o‘zlashtirishga harakat qilib ancha-muncha gaplashishni o‘rganib oldim. Hindular ham biz muomalada ko‘p ishlatadigan so‘zlarimizni biladilar.

- Bu yerning ob-havosi, tabiati Himolayning Xitoy tomoniga juda-juda o‘xshash, - dedi keksa lama Lavsan, xorg‘in boqib. - Shunday bo‘lsada farzand, nabiralarimga o‘z Tibetimizda yashash nasib etishini har kun mo‘jizakor Buddadan so‘rayman.

Hindiston Tibetiga kelgan har bir sayyoh bu xalqning ma‘naviy yetakchisi Dalay Lamaning Makleod Ganjidagi qarorgohi va bosh ibodatxonani ko‘rmay ketmaydi. Biz ham shunday qildik. Ammo tog‘liklar falsafasiga asoslanib qurilgan muhtasham qarorgoh fayzsizdek tuyuldi. Chunki shu kunlarda 78 yoshli Dalay Lama Hindiston janubidagi Mandgod shahrining Drepung ibodatxonasida o‘tayotgan "Aql va hayot" mavzusidagi dunyo buddistlari konferentsiyasida ishtirok etayotgan edi. Dalay Lamaning Makleod Ganjidagi xar bir chiqishi "hayot haqiqati ochiqlik, fikr almashuv, muloqotdadir" degan mantiqqa asoslangan. Ibodatxonadagi ma‘ruzalar Tibet ruhoniylari qatori Himolayga tashrif buyurgan sayyohlar uchun ham ochiq bo‘ladi. Bizga bunday imkoniyat nasib etmadi.

Dalay Lamasiz Hindiston Tibetidan,

Muhammadjon Obidov.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.