BBC navigation

Afg‘oniston: "Hamma Ronaldoyu Messiga "oshiq"

Сўнгги янгиланиш 31 январ 2013 - 13:47 GMT

Afg‘onistonda bugun Ronaldomi, Messi yoki Kakalarni izlab, ortiqcha sarson bo‘lmaysiz

Afg‘onistonda ham Ispaniya va ham Angliya premerligasi shu qadar ommalashibdiki, qayerga qaramang, biror bir jamoasi ramzi yoki futbolchisi aksi tushirilgan matohga ko‘zingiz tusharkan.

Afg‘oniston safarida bo‘lgan BBC muxbiri Emal Pasarlayning aytishicha, shahar do‘konlarida Ovro‘podagi manaman degan futbolchining futbolkasini yozning issig‘i bo‘lmaydimi yoki qishning sovug‘i, hech bir sarson bo‘lmay topa olasiz.

Termula, termula xumoridan chiqib, mazza qilib choy ichaman desangiz esa, "Real"nikimi yoki "Arsenal", "Barsa"nikimi va yo "Manchester Yunayted", eng sara Ovro‘po klublari ramzlari tushirilgan chashkalar ham shahar do‘konlarida sizga muntazir, deydi u.

Bunisi ham hali holva: Kobulni kezsangiz, hali Ronaldo, hali Messi, hali yana u ingliz yoki bu ispan futbolchisi aks etgan kattayu kichik plakatlarga ham ko‘zingiz tushadi.

Odamlar, hatto, xususiy mashinalarida o‘zlari sevgan ingliz yoki ispan jamoasi ramzi tushirilgan yostiqchalarni ham qo‘yib olishibdi.

Shaxsan o‘zim yaqinda dunyoning eng nomdor murabbiysi Xosep Gvardiola bilan uch yillik shartnoma imzolagan Olmoniyaning "Bavariya"si va asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov hamsohiblik qiluvchi Londonning "Arsenal"inikini ko‘rdim, deydi muxbirimiz.

"Hammaning Ronaldoga o‘xshagisi keladi"

Mahalliy futbol ishqibozlarini eng "suydirgan" va "kuydirgan"i Krishtianu Ronaldo ekan

Kobulda bo‘lgan muxbirimizning aytishicha, qizmi, o‘g‘il, shahar bolalari orasida, ayniqsa, Portugaliya va "Real"(Madrid) yulduzi Krishtianu Ronaldo birdek mashhur.

Ko‘cha-kuyda Ronaldoga o‘xshab sochlarini tarashlab, gellab, yopishtirib olgan bolakaylarga har qadamda to‘qnash kelasiz.

Agar, gaplashsangiz, ko‘pchiligi unga juda havas qilishadi. Ronaldodek futbolchi bo‘lishni istashadi.

Afg‘onistonlik o‘smir yigitchalar orasida esa, Ronaldodan tashqari, Argentina va "Barsa" yulduzi Messining nakleykalari ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan, deydi u.

Ronaldoyu Messiga "oshiqlik" borasida men suhbatlashgan afg‘on qizlari ham o‘g‘il bolalaridan zarracha qolishishmaydi.

Afg‘on qizlarining bu ikki futbolchi jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni ham hay-haylashib rosa tomosha qilishlari, rosti gap, o‘zimni ham hayron qoldirdi, deydi muxbirimiz.

Uning aytishicha, bunga, ma‘lum ma‘noda, mahalliy televizion kanallar, ayniqsa, xususiylari orqali manaman degan Ovro‘po davlatlari milliy chempionatlari uchrashuvlarining keng miqyosda olib uzatilayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

"Ovro‘poniki bilan Afg‘oniston vaqti bir necha soatga farq qilgani uchun, hatto, avval jonli ko‘rsatilgan o‘yinlar yozib olinib, ertasiga takroran ham namoyish etiladi", deydi u.

Muxbirimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hozirga kelib, butun Afg‘oniston bo‘ylab faoliyat yuritayotgan xususiy televizion kanallarining soni yetmishda ortadi.

Shunda ham, kimki televizor orqali ko‘rolmay qolgan bo‘lsa, Angliya premerligasi bo‘ladimi yoki Ispaniya La Ligasi o‘yinlari, en so‘nggi natijalaridan bemalol mahalliy nashrlar orqali boxabar bo‘lishi mumkin ekan.

Futbolchi bolalar

Afg‘on bolalari orasida, bor turishicha Ronaldo bo‘lishni orzu qilayotganlarning sanog‘i yo‘q...

Agar, muxbirimizning so‘zlariga qaralsa, futbol afg‘on bolalari orasida juda ommalashib borayotgan esa-da, futbolchi bo‘laman, deganlari uchun hozircha mamlakatda yetarlicha shart-sharoit yo‘q.

Halicha maxsus futbol akademiyalari tashkil etilmagan, bolalar mahalliy klublar qoshida tashkil etilgan maydonlardan foydalanishadi.

Qish sabab, o‘sha klublar ham yopiq bo‘lgan hozirgidek bir sharoitda esa, osti betondan bo‘lgan basketbol maydonchalarida futbol o‘ynayotgan bolalarga ham ko‘zim tushdi, deydi u.

Ammo, ma‘lum bo‘lishicha, poytaxt Kobul bo‘ladimi yoki viloyat maktablari, har biri o‘zining terma jamoasi va futbol maydoniga ega. Hamda bolalar maktab hududida xumorlaridan chiqquncha to‘p surishlari mumkin ekan.

Bunga ham qanoat qilmagan bolakaylarni ko‘cha-kuy va xiyobonlarda ham futbol o‘ynab yurishganiga guvoh bo‘ldim, deydi muxbirimiz.

Kriket qolib, futbol "vasvasasi"

Kriket qolib, futbol "vasvasasi"

Ommabopligi borasida futbol so‘nggi yillarda Afg‘onistonda "ko‘plarning o‘yini" bo‘lgan kriketga yetay deb qolibdi.

Erkaklarniki-ku, mayli, yaqinda futbol bo‘yicha Afg‘oniston xotin-qizlar milliy terma jamoasi ham tashkil qilingan.

O‘tgan yil esa, Afg‘oniston tarixida ilk bor milliy chempionat uyushtirilib, final uchrashuvida qadim Hirotning "To‘foni Hariro‘d" jamoasi aksaran o‘zbeklar yashovchi Afg‘oniston shimolini namoyon etgan "Simo‘rg‘i Albruz"ni mag‘lub etib, mamlakatning birinchi chempioniga aylangandi.

Butun Afg‘onistondan bo‘lgan sakkiz klub ishtirokida bir oy davom etgan chempionat o‘yinlari minglab mahalliy futbol ishqibozlarini o‘ziga jalb etgandi.

2011 yilda esa, sanoqli bo‘lsa-da, xalqaro urashuvlardagi g‘alabasi ortidan, Afg‘oniston milliy terma jamoasi FIFA reytingida o‘z tarixidagi eng yuqori – 164-o‘rinni egallagandi.

Ular o‘z yutuqlari bilan, deylik, yon qo‘shnilari Pokiston va hatto, Qirg‘izistonni ham ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Bugun afg‘onistonlik futbol ishqibozlarining orasida jahon futboli yulduzlarining eng mashhuri bo‘lga Krishtianu Ronaldo esa, o‘zining xayriya ishlari bilan ham afg‘on xalqiga yaxshi tanish.

Portugaliyalik futbol yulduzi UEFAning Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti bilan Afg‘onistondagi minalardan jabr ko‘rgan insonlarga ko‘mak berishga qaratilgan dasturiga bevosita bosh qo‘shgan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.