BBC navigation

Kreml nima uchun Dog‘istonda rahbar almashtirdi?

Сўнгги янгиланиш 31 январ 2013 - 13:46 GMT

Dushanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Dog‘iston rahbari vazifasini bajaruvchi etib 66 yoshli Ramazon Abdulatipovni tayinladi.

Undan avvalgi rahbar 48 yoshli Muhammadsalom Muhammadov (Magamedsalam Magomedov) prezident ma‘muriyatining beshinchi o‘rinbosariga aylandi.

Muhammadovning iste‘fosiga doir mish-mishlar bundan bir necha kun avval tarqalgan, ammo ayrim ishonchli manbalarga ko‘ra, dushanba kuniga qadar uning o‘zi ham vaziyat o‘z foydasiga hal bo‘lishiga shubha qilmagan.

Putin esa o‘zining an‘anadorligi va har narsaga ehtiyotkorona munosabati bilan tanilgan va aftidan bu kabi qaror uchun keskin sabablar bo‘lgan.

Bahsli taxminlar

Rossiya matbuotida turfa taxminlar o‘rtaga otilmoqda, ular orasida, hatto, bir qadar aql bovar qilmaydiganlari ham bor, masalan, go‘yo Kremldagilar Muhammadovning Dubayda hordiq chiqarib qaytganini yoqtirishmagan...

Ayrimlar esa, Muhammadov yaqinda respublika rahbarligi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovda qatnashaman, degan bayonoti bilan Putinning g‘azabiga duchor bo‘lgan.

Rossiya prezidenti go‘yo bu kabi saylovdan voz kechish niyatida ekan.

Ammo bu kabi taxminlar anchayin betayindir, chunki Muhammadov 2010 yilda besh yillik muddat bilan ayni lavozimni egallagan va Dog‘istondagi kelasi saylovga qadar hali bir ikki qovun pishig‘i bor...

Ikkinchidan, Putin mintaqaviy saylovlar haqida qanday fikrda degan savolga aniq javob yo‘q. O‘tgan yil oxirlarida Putin matbuot anjumanida ana shunday savolga, mintaqaviy saylovlarga hech bir qarshiligim yo‘q, qabilida javob bergandi.

Uchinchidan, Putinning avtoritar rahbar ekaniga hech kimda shubha yo‘q, ammo u bir jumla uchun bitta rahbardan voz kechadigan darajada emas.

O‘rtada yana yosh masalasi ham bahs qilinmoqda. Ya‘ni, Muhammadov Qafqozda "avtoritet"ga ega bo‘lish uchun hali yosh degan qarash, ammo bundan uch yil avval uni hech kim yosh demagan edi.

Ramzan Qodirov esa undan ham yoshroq va aftidan, uning yoshi rahbarlik qilishiga halaqit berayotgani yo‘q

Shimoliy Qafqoz masalalarini bir necha yildan beri o‘rganib kelayotgan jurnalist Yuliya Latininaga ko‘ra, Muhammadovning iste‘fo berishiga asosiy sabab - uning Federal kuch tizimlari bilan ziddiyatga borganidir.

Federal kuch tizimlari Dog‘iston sobiq rahbarining sobiq jangarilarni tinch hayotga qaytarish va an‘anaviy islomchilaru salafiylar bilan muzokaralarini o‘zboshimchalik deb hisoblashgan...

Kim keldi?

Prezident Vladimir Putin Dog‘istonga faxriy siyosatchini rahbar etib yuborishga qaror qildi

Ramazon Abdulatipov kolxoz raisi oilasida tug‘ilgan. U oiladagi to‘qqinchi farzand bo‘lgan. Mutaxassisligi bo‘yicha feldsher, ammo keyinroq rayon komsomol qo‘mitasiga boshchilik qilish bilan birga sirtdan Dog‘iston Universitetining tarix fakultetini tamomlagan.

Leningradda kandidatlik va doktorlik ishini yoqlagan. Ilmiy ishlar mavzusi rivojlangan sotsialistik davlatda milliy aloqalar haqida bo‘lgan. Ilmiy kommunizmdan saboq bergan.

1988 yilda KPSS Markaziy Qo‘mitasining milliy munosabatlar bo‘limiga ishga taklif qilinadi va ko‘p o‘tmay Rossiya parlamentining Millatlar Kengashiga raislik lavozimiga tayinlanadi.

1991 yilning mart oyida Oliy Majlisning mashhur "oltiligi" tarkibida o‘sha paytdagi rais Boris Yeltsinni lavozimidan chetlatishga harakat qiladi. Iyun oyiga kelib esa, Vadim Bakatin bilan juftlikda vitse-prezidentlik o‘rni uchun saylovda qatnashadi. Ammo ko‘p o‘tmay yangi hukumat bilan til topishadi va Viktor Chernomirdin va Sergey Kiriyenkoning hukumatida millatlar masalasi bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari bo‘ladi.

2005-2009 yillarda Rossiyaning Tojikistondagi elchisi lavozimini egallaydi.

"Salafiylarni qonun doirasiga kiritish Kremlni qattiq g‘azabga soldi. Muhammadov balogardon edi, bu ayniqsa, Dog‘istondagi an‘anaviy Islom rahbari sanalgan Said Afandi Chirkeysk o‘ldirilishi bilan kuchaydi... Bilishimcha, shundan keyin Xavfsizlik Kengashining majlisi chaqirildi. Majlisda FSB rahbari Botnikov g‘azab otiga minib, Muhammadovni lavozimlarni sotishda aybladi", deydi Yuliya Latinina.

" Muhammadov birinchi bo‘lib jangarilarni tinch hayotga qaytarishga doir komissiya tuzishga jur‘at qila oldi. Uning faol ishtiroki bilan rasmiy dindorlar va noan‘anaviy islomchilar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Albatta, mavjud vaziyatni yumshatish uchun bu yetarli emas edi. Ammo mana shu harakatlarning o‘ziyoq Federal kuch tizimlarining yovqarashiga sabab bo‘ldi", deydi Ozodlik radiosining sharhlovchisi Vadim Dubnov.

Ammo Qafqoz bo‘yicha boshqa bir mutaxassis, zamonaviy dunyoning Din va Siyosat strategik tadqiqotlari markazi rahbari Maksim Shevchenko o‘zgacha fikrda...

"Bu mutlaqo bo‘lmagan gap, komissiya Federal kuch tizimlari tomonidan tashkil etilgan va faqat Muhammadov nomi ostida rasman faoliyat yuritardi. Salafiylar bilan Federal kuch tizimlari va Milliy aksilterror qo‘mitaning roziligisiz aloqa qilishning imkoni yo‘q edi. Dog‘istonda Federal kuch tizimlari bo‘limlari orasida raqobat borligi va buning muammoga ta‘siri esa boshqa bir masala", deydi Maksim Shevchenko.

Iqtisodning boshi berk ko‘chasi

Shevchenko masalaning iqtisodiy tomoniga urg‘u beradi.

"Muhammadsalom Muhammadov yirik sarmoyadorlar bilan kelisha olmadi, mana uning muammosi nimada... Dog‘iston boy respublika. Muhammadov katta miqdorda sarmoyalar yotqizishni niyat qilgan edi, ammo shisha zavodini qurishdan boshqasiga qurbi yetmadi. Maxachqal‘adagi bandargoh barbod bo‘lmoqda, kemalar zanglayotir, axir bu bandargoh qishda ham muzlamaydi va strategik muhim joy sanaladi...Yo‘llar abgor bir holatda", deydi Maksim Shevchenko.

Shevchenkoga ko‘ra, Dog‘istonni hozirgi iqtisodiy boshi berk ko‘chaga respublikaning o‘tmishdagi rahbari kiritib qo‘ygan. Hech kimni xafa qilma, kuchli guruhlar o‘rtasidagi muvozanatmi buzma va oqibatda hech narsa qilma degan bir siyosat yurgizilgan.

"Muhammadov rostdan ham ojiz prezident edi", deydi Yuliya Latinina.

Milliy masala

Dog‘iston konstitutsiyasida 14 ta titul millatlar qayd etilgan. Ular orasida avarlar va darg‘inlarning soni ko‘proq... Sho‘rolar davrida ham, keyinroq ham bu ikki millat o‘rtasida oshkor etilmaydigan kadrlar muvozanati saqlab kelingan.

Maksim Shevchenkoga ko‘ra, ota-o‘g‘il Muhammadovlar paytida darg‘inlar juda katta kuchga aylanishdi va bu muvozanatni buzgan holda, qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ldi.

"Respublikadagi ikkinchi, ammo aksariyat fikricha birinchi shaxs Maxachqal‘a hokimi Said Amirov buni yodda tutish kerak. U darg‘in millatiga mansub. Darg‘inlarning deyarli to‘liq hokimiyati ostida avarlar o‘zlarini "quruq qolgan", deb his qilishardi. Endi esa avarlardagi "qasos" kayfiyatini qo‘llamaslik kerak. Shuning uchun Dog‘istonga avar bo‘lgan, ammo 25 yildan beri Moskvada yashagan, Dog‘istonda mahalliy ittifoqchilarga ega bo‘lmagan va tamomila Federal markazga bo‘ysunadigan shaxsni jo‘natishmoqda", deydi Shevchenko.

Yuliya Latinina esa hamma masalani millatlar bilan bog‘lamaslik kerak degan fikrda. "Dog‘iston milliy bir guruhlarga juda ham bo‘linib ketgan mintaqa emas, odamlarning boshqa qiziqishlari ham bor...Masalan, mahalliy oligarx Sulaymon Kerimovni oling, u lazgin, ammo uning atrofidagilar avarlardir", deydi Latinina.

"Abdulatipov mintaqadagi radikal islomiy kayfiyatda bo‘lgan guruhlar bilan til topisholmaydi, Dog‘istondagi klanlar ham o‘zaro kelishishlari amrimahol", deydi Rossiya Islom qo‘mitasining rahbari Geydar Jamol.

Mutaxassislar, shuningdek, Rossiyaning eng badavlat shaxslaridan biri sanalgan oligarx Sulaymon Kerimovning ehtimoliy ishtiroki haqida so‘z yuritishmoqda.

Ayrimlar, Muhammadov Kerimovning odami ekanini tasdiqlashsa, boshqalar uning ishdan olinishi ortida bu mahalliy boyvachcha turganini da‘vo qilishadi.

Ammo barcha taxminu tahlillarni o‘rgansangiz, aksariyat aslida Kerimovning so‘nggi voqealarda ishtiroki qanchalar aniq ekaniga doir ko‘p narsa bilmasligi ayon bo‘ladi.

Qulashmi yo parvoz?

Boshqa tomondan Muhammadsalom Muhammadov ko‘tarildi, deyish mumkin. Kreml ma‘muriyatining o‘rinbosarligi lavozimi bilan "jazolashmaydi".

Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, yangi o‘rinbosar nimalarga ma‘sul bo‘lishi yaqin kunlarda aniq bo‘ladi. Demak, avval tayinlashdi, vazifalarni endi o‘ylab ko‘rishadi... Byurokratlar lahjasida buni bir qadar hurmatsizlik bilan "tomga qarab tepishdi", deyishadi.

Muhammadovning o‘zi esa Moskvaga ko‘chishini jurnalistlar bilan suhbatda muvaffaqiyatli ishlari uchun mukofot deya talqinladi.

Xullas, Kreml Muhammadovni xafa qilishdan o‘zini tiydi. Yuliya Latininaga ko‘ra, Moskvadagilar agar Muhammadovga yaxshi lavozim berishmasa, unda uning tarafdorlari tartibsizliklarga qo‘l urishlari va yo hech qursa Abdulatipovning hayotini qiyinlashtirib qo‘yishlari mumkin edi.

Dog‘istonda saylov bo‘ladimi?

"Umid qilamanki, saylov bo‘ladi, chunki Dog‘iston xalqi buni istaydi, chunki Dog‘istonni alohida bir mintaqaga Doku Umarovning jangarilari emas, balki biznesmenlar, hokimlar, "Yagona Rossiya"ga a‘zolik guvohnomalari bilan yurganlar aylantirib qo‘yishdi... Odamlar "kuchli shaxslar"dan charchab ketishdi. Ularning deyarli har biri qandaydir qotilliklarga aloqador ekanliklari haqida mish-mishlar urchib ketgan. Abdulatipov esa saylovlar tarafdori ekanini aytmoqda, buni respublikada xush qarshilashdi. Umid qilamanki, u Putin bilan uchrashuvda o‘z mavqe‘sini aniq bayon etgan", deydi Maksim Shevchenko.

Yuliya Latinina esa saylovlar bo‘lmaydi deb hisoblaydi. "Afsus, chunki saylov bo‘lsa, boshqa mintaqalardan ko‘ra haqiqiyroq kechardi... Albatta, Dog‘istonda siyosat bilan shug‘ullanaman desangiz, pulingiz va avtomatlaringiz bo‘lishi kerak. Ammo boshqa mintaqalarga nisbatan bu yerda haqiqiy raqobat bor va saylov kuchli hamda xalq ko‘ngliga yoqqan shaxsni hukumatga olib kelishi mumkin. Kreml esa aynan shuni istamaydi", deydi Yuliya Latinina.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.