BBC navigation

O‘zbekiston NATOning ishlatilgan qurollariga ko‘z tikmoqda

Сўнгги янгиланиш 1 феврал 2013 - 13:41 GMT

"Nyu- York Tayms" gazetining yozishicha, G‘arb Afg‘onistondan harbiy kuchlarini olib chiqishni rejalashda davom etar ekan, O‘zbekiston bundan foydalanib qolish niyatida, ya‘ni, biz yo‘llarimizni beramiz, siz esa harbiy mashinalaru qurollaringizdan tashlab ketasiz qabilida kelishuvga ko‘z tikishmoqda.

O‘zbekiston hukumati vakillari bu rejalari bilan imi-jimida Amerika, Olmoniya va Britaniya mulozimlariga murojaat qilishgan. NATO mulozimlari, inson huquqlari faollari va Olmoniya xabar agentliklariga ko‘ra, xalqaro embargoga qaramasdan, Toshkent o‘z harbiy salohiyatini kuchaytirib olishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston mulozimlarining ro‘yxatida harbiy mashinalar, minalarni aniqlovchi uskunalar, tikucharlar, navigatsion jihozlar va qorong‘uda ko‘rish ko‘zoynaklari bor. Gazetaga ko‘ra, bu jihozu uskunlar ishlatilgan va chang bosgan bo‘lsa ham Toshkent mulozimlariga "bo‘laveradi".

G‘arb O‘zbekiston tomonining ayni takliflariga e‘tibor berdi. Kreml esa ana shu e‘tibordan norozi va qo‘shni Qirg‘iziston bilan harbiy aslahalarga doir kelishuvga erishishga shoshildi.

"O‘zbeklar uchun bu savdolashishning eng maqbul imkoniyati", deydi Barnard Kolleji professori va Markaziy Osiyo masalalarida mutaxassis Aleksandr Kuley gazeta muxbiri bilan suhbatda.

O‘zbekiston Transparency International tashkiloti tomonidan dunyoning oltinchi eng korruptsiyalashgan davlati deya tan olingan.

Toshkent Ovro‘po va Amerikadan qator qurollarni sotib olish huquqini boy bergan va bunga sabab, gazetaga ko‘ra, o‘n yilcha avval siyosiy mahbuslarning qamoqda shubhali tarzda o‘lganlari sabab bo‘lgan. Gazetaga ko‘ra, ayrim mahbuslar qaynatilgan suv to‘kilishi oqibatida jon taslim qilgan.

Ammo "Nyu York Tayms" gazetiga ko‘ra, G‘arb uchun O‘zbekiston mulozimlarining taklifi arzimas taklif emas. NATO kelasi ikki yil ichida Afg‘onistondan 70000 harbiy mashinalar va 120000 yuk konteynerlarini chiqarishi kerak. NATO uchun temir yo‘l va tekis avtomobil yo‘llari o‘ta zarur...

Garchand, Pokistonning bandargohlari NATO yuklari uchun eng qulay va arzon bo‘lsa ham, ittifoqchi kuchlar mulozimlari Islomobod pul uchun yana yo‘lni yopib qo‘yishidan xavotirga tushishgan. 2011 va 2012 yilda Amerika bilan diplomatik ziddiyatlar chog‘i Pokiston o‘z yo‘llarini yopib qo‘ygan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston mulozimlarining takliflarini jiddiy qabul qildi va bundan o‘n yilcha avval o‘rnatilgan harbiy aslahalar savdosiga qo‘yilgan taqiqni qisman bekor qildi.

Nodavlat tashkilotlar mutaxassislariga ko‘ra, shu oy Amerika mulozimlari Vashingtonda Toshkentdagi hamkasblari bilan ayni masalani muhokama qilishgan.

Iroq urushida bo‘lgani kabi Amerika uchun ayrim aslahalarni mamlakatdan olib chiqib ketish ularning qiymatidan ko‘ra qimmatga tushadi. Natijada o‘n minglab konditsionerlar o‘rnatilgan "vagonchalar" Iroqda qoldirildi, ko‘plab harbiy mashinalar Quvayt chegara hududlariga tashlab chiqildi.

Qurol yarog‘larni qoldirib ketish jang maydonlari uchun begona manzara emas. Sho‘rolar 1989 yili Afg‘onistonni tashlab chiqishar ekan, mamlakat eski aslahalar bozoriga aylandi.

AQSh Davlat departamenti "har qanday qurol yarog‘ va jihozlarni boshqa bir davlatga topshirish va yoki qanday qurollar haqida gap borayotganidan fol ochishga hali erta" qabilida bayonot berdi.

"Faqat Mudofaa vazirligi ortiqcha deb bilgan aslahalar xorijiy davlatlarga berilishi mumkin, bular qatorida Markaziy Osiyodagi Shimoliy Yo‘nalish tarmog‘i davlatlari ham bor", deyiladi.

Bu kabi e‘tirofdan ruhlangan O‘zbekiston mulozimlari o‘z talablari ro‘yxatini kengaytira boshlashdi deb aytgan Afg‘onistondan chiqish yo‘llariga ma‘sul Amerika mulozimlaridan biri o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan "Nyu York Tayms" gazetiga.

Toshkentning talablari ro‘yxati avvaliga kamtaringina bo‘lib, tunda ko‘radigan ko‘zoynaklaru boshqa jihozlar bilan chegaralangan esa, hozirga kelib Amerikada ishlangan yirik va qimmatli MRAP harbiy mashinalari va yo‘lda o‘rnatiladigan bombalarga chidamli 14 tonnalik yuk mashinalarini ham o‘z ichiga olmoqda.

O‘zbekiston ko‘z tikkan boshqa harbiy aslahalar qatorida minalarni aniqlovchi, navigatsiya jihozlari va hatto ehtimolki dron uchoqlari ham bor deb yozadi Olmoniyaning Der Spiegel nashri. Bir so‘z bilan aytganda Toshkent NATOning Afg‘onistondan chiqishida arzon garov "harbiy bozorlik" qilmoqchi...

O‘zbekiston hukumati ana shu "bozorlik " qilish jarayonida o‘zining Rossiya qurollariga qaramligidan oz bo‘lsa ham ozod qilish niyatida va bu Moskva nigohi ostida qo‘shnilari bilan chegara anklavlari hamda suv yuzasidan kelishmovchiliklar manzarasidagi jarayondir.

Dekabr oyida O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqdi va ayni paytda G‘arbdan qurol yaroq talabini kuchaytirdi.

Rossiya esa Qirg‘izistonga 1 milliard dollarga teng qurol yaroq shartnomasini taklif qildi.

Bir necha yillardan beri Termezdan Olmoniyaning harbiy tikucharlari parvozini kuzatib kelayotgan Toshkent mulozimlari o‘tgan yil mart oyida O‘zbekistonga kelgan Olmon Mudofaa vaziriga bizga ham shunaqa tikucharlar kerak deb aytishdi, deb xabar qilgandi Olmoniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung gazeti.

Iyul oyida esa Britaniya vakillari Toshkentda to‘xtab o‘tishdi. Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Marreyga ko‘ra, Toshkent va London so‘zlashuvlarida Britaniyaning xarbiy mashinalari va Land Roverlarni O‘zbekistonga yo‘l uchun to‘lov masalasi ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bu kabi muzokaralar Olmon parlamentini ancha tashvishga soldi va hukumatdan masalaga oydinlik kiritish so‘raldi.

"O‘zbekistonlik kattagina mablag‘ istashayapti va yo qurol yaroqlarni qoldirishni so‘rashayapti, men bu haqda ogoh manbalardan eshitdim... O‘zbekiston mulozimlari ayni masalada deylik fuqaroviy yordam va yo universitet talabalari almashuvi bilan qiziqishayotgani yo‘q. Ular harbiy aslahalar bilan qiziqishmoqda ekan", deb aytgan Nyu York Tayms gazetiga parlament vakili Viola Von Kramon.

Inson huquqlarini himoya etuvchi guruhlar esa G‘arb harbiy aslahalarini Toshkent qo‘liga tushishidan xavotirda.

"O‘zbekiston biz faoliyat olib boradigan 100 dan ortiq davlatlar ichida inson huquqlari bilan vaziyati eng abgor bo‘lgan davlatlardan biridir", deydi Human Rights Watch tashkilotidan Stiv Sverdlou.

2005 yilda O‘zbekiston harbiy qo‘shinlari Andijon markaziga yig‘ilgan namoyishchilariga qarshi o‘t ochgan va gazetaning muxolifat partiyasiga iqtibosan yozishicha, 745 insonni qurbon qilgan edi. Boshqa tarafdan mamlakat iqtisodi asosan bolalar va kattalarni paxta dalalarida majburiy ishlatish evaziga keladigan daromadga bog‘liq ekanini yozadi gazeta.

G‘arb harbiy mulozimlari O‘zbekiston bilan kelishuvlarni to‘xtatmay turgan bir pallada, 100dan ortiq yirik shirkatlar O‘zbekiston paxtasini ishlatmaslik va‘dasini berishgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.