BBC navigation

O‘zbekiston prezidenti qarori taqchillik va qimmatlashishga yetaklaydimi?

Сўнгги янгиланиш 4 феврал 2013 - 15:33 GMT

O‘zbekistondagi rasmiy doiralarga yaqin Uzmetronom web-sayti xabar qilishicha, O‘zbekiston prezidenti mahalliy ishlab chiqarishni dastaklash va tashqaridan olib kiriladigan mahsulotlar sonini chegaralash maqsadini ko‘zlagan qarorni imzolagan.

Uzmetronom xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti yanvar oyi oxirida imzolagan va yaqin oylarda hayotga tatbiq etilishi mo‘ljallangan qaror "Mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini yanada oshirish va tovarlarni noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish chora-tadbirlari haqida" deb nomlanadi.

Yangi hujjat O‘zbekistonning Bojxona qo‘mitasi va Soliq qo‘mitasi faoliyatini o‘zgartirishi xabar qilinmoqda.

Bu ikki qo‘mitaga mamlakatga qaysi turdagi mahsulotlarni olib kirish, qay birlarini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqish yuklatilgan.

O‘zbekistonga importi taqiqlangan mahsulotlarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalangan.

Uzmetronomga ko‘ra, taqiqlangan import tovarlar ro‘yxatiga O‘zbekiston bozorlaridagi 90 foiz mahsulotni kiritish mumkin.

Bular shaxsiy gigiyena mahsulotlaridan boshlab, kiyim-kechakkacha, oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, maishiy texnika jihozlari va avtomobil ehtiyot qismlarigachani tashkil etishi mumkin.

Prezident qarori O‘zbekistonda ishlab chiqarish ko‘payishiga va o‘zbekistonliklar uchun yangi ish joylari barpo etilishiga olib keladi, deya umid qilinmoqda.

Biroq amalda O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning mamlakatdagi ehtiyojni to‘la qondira olmasligi aytilmoqda, mahalliy tovarlarning sifatini yaxshilash uchun hali ancha ish qilinishi talab etiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati hali 1996 yildan buyon mahalliy ishlab chiqaruvchilar haqida "qayg‘urib keladi".

Mamlakatda konvertatsiyaga cheklovlar aynan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadi ko‘zlanayotgani bilan tushuntirilib joriy etilgan edi.

Biroq aslida valyutaning ikki xil kursi mavjudligidan hukumat "tepasidagilar" va ularning atrofidagilar manfaatdor bo‘lishgan va bugungi kunda ham manfaatdor bo‘lib qolmoqdalar.

2000 yildan keyin ham O‘zbekiston hududidagi ulgurji bozorlarni yopish kampaniyasi boshlangan va bu ham mahalliy ishlab chiqaruvchini dastaklash maqsadida amalga oshirilayapti, deb e‘lon qilingan.

Amalda esa chetdan tovar olib kelish biznesi O‘zbekistonda barmoq bilan sanaydigan sondagi shirkatlarning monopoliyasiga aylangan.

O‘zbekistonda ishlab chiqarishga asoslangan biznes yuritish haddan ziyod mushkul, boisi mahalliy hokimiyatdan boshlab, o‘t o‘chirish, sanepidstantsiya, militsiyayu-prokuraturadagi amaldorlarning ta‘magirligiga duch kelinadi.

Bundan tashqari, mahalliy biznesmendan xohlagan kun xayriya tadbirini moliyalashni talab qilib qolishlari mumkin, rad etadigan bo‘lsa faoliyati cheklanishi mumkin.

O‘zbekistonda dollar kursini pasaytirish maqsadini ham ko‘zlayotgan yangilik kontrabanda oldini ololomasligi, biroq bu tovarlar defitsiti va qimmatlashishi kuzatilishi mumkinligi aytilmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.