BBC navigation

Qozog‘istonda vaziyat beqarorlashsa armiya safarbar etiladi

Сўнгги янгиланиш 6 феврал 2013 - 15:32 GMT

Prezident Nazarboyev xavfsizlikni ta‘minlashda qurolli kuchlarning ahamiyatini kuchaytirish kerakligini urg‘ulagan.

Agar Qozog‘iston ichida vaziyat beqarorlashsa, bunga qarshi mamlakat armiyasi safarbar etiladi. Prezident Nursulton Nazarboyevning web-sahifasida xuddi ana shunday bayonot e‘lon qilingan.

Qozoq armiyasining mamlakat ichidagi notinchliklarga qarshi ishlatilishi haqida Prezident Nazarboyev Oq o‘rdada huquq-tartibot organlari rahbariyati bilan uchrashuvda gapirgan.

"Nursulton Nazarboyev tashqi chorlovlarni e‘tiborga olgan holda mamlakat xavfsizligini ta‘minlashda Qurolli kuchlarning ahamiyatini kuchaytirish kerakligini urg‘uladi. Mudofaa vazirligiga Qozog‘istondagi ichki holatni beqarorlashtirishga bo‘lgan harakatlarga qarshi ishlatish uchun Qurolli kuchlarning bor qurol-yarog‘ zahirasini yana bir bor tahlil qilish topshirildi", - deyiladi davlat rahbarining matubot xizmati tarqatgan xabarda.

Qozog‘istonlik siyosatchi Eduard Poletayev Nazarboyevning chaqirig‘i tinch namoyishlarni emas, balki mamlakatga xavf solayotgan terror kuchlariga nisbatan askarlar xizmatidan foydalanishni ko‘zda tutishini aytadi.

"O‘tgan 2012 yil kuch ishlatar tizimlarning ishida yetarlicha muammolarni ko‘rsatib berdi. Bu Qozog‘istonda sodir bo‘lgan terroristik aktlardan tortib, chegarachilar bilan bog‘liq fojeali hodisalarda ko‘rindi. Milliy xavfsizlik masalasi prezident uchun ustuvor mavzulardandir", - deydi Eduard Poletayev.

Poletayevga ko‘ra mamlakatda namoyishlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lsa, ichki ishlar vazirligi xodimlari bostirishi mumkin, Mudofaa vazirligi terroristik hujumlar bo‘lgandagina harakatga keltiriladi.

Mustaqil Qozog‘iston shu vaqtgacha mamlakat ichidagi namoyishlarga qarshi armiya kuchidan foydalanmagan.

2011 yilning dekabrida Janao‘zen shahri va Shetpe posyolkalaridagi ommaviy tartibsizliklarda Ichki ishlar vazirligiga qarashli maxsus kuchlar ishga solingan.

O‘shanda politsiya qochib ketayotgan olomonga qarshi o‘qotar qurollardan foydalangan va rasmiy raqamlarda 16 odamning qurbon bo‘lib, 100 dan ortiq tinch aholi jarohatlangani aytilgan edi.

Muxolifatdagi "Azat" partiyasi bosh kotibi Amirjan Qo‘sanov armiya mamlakatni tashqi tahdiddan himoya qilishi lozimligini urg‘ulaydi.

"Albatta, armiya tashqi dushmanlardan himoya qilish uchun mavjud. Fuqarolarning xavfsizligi va konstitutsion tuzum va jamiyat barqarorligini ta‘minlovchi ichki qo‘shin mavjud. Nazarboyevning ushbu chaqirig‘i, xavfsizlikni ta‘minlashi kerak bo‘lgan tizimlar ishlamayotganidan darak beradi. Prezident armiyani bu ishga jalb qilmoqchi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Janao‘zenda tinch aholiga o‘q uzilgan payt, jamiyatimizda huquq-tartibot organlarining o‘rni va roli haqida ko‘p savollar borligi oydinlashib qoldi", - deydi Amirjan Qo‘sanov.

Qo‘sanovga ko‘ra, Prezident Nursulton Nazarboyev hukumat tepasidan juda ham ko‘p vaqtdan beri qolmoqda. Jamiyat undan, u esa jamiyatdan charchagan. Lekin shunga qaramay u hokimiyatni yanada ko‘proq o‘z qo‘li ostida qolishni istaydi.

Qozog‘istonda xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassis Talg‘at Mamirayimov mamlakat ichidagi tartibni saqlash uchun Prezident Nazarboyev tomonidan mudofaa vazirligining ham jalb qilinishini elitalar o‘rtasidagi kurash bilan bog‘laydi.

"Nazarboyevning ushbu bayonoti Qozog‘istonning ichki elitasida yuzaga kelgan og‘ir holat bilan bog‘liq. Ko‘rinishdan Nazarboyev asosiy kuchishlatar tizimlarga ishonmay qo‘ygan. Prezident kuch ishlatar tizimlarning ichida uning yaqin odami boshqarayotgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga ishonadi", - deydi Talg‘at Mamirayimov.

Siyosatshunosga ko‘ra Qozog‘istonda allaqachon davlat toji uchun ichki kurashlar boshlanib ketgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonga tahdid deya ko‘rilayotgan terrorchilik xurujlari ham aynan ichki tortushuvlarning natijasidir.

Janob Nazarboyev mudofaa qo‘shinlarini ham jalb qilishini aytib, muvozanatni ushlab turishga harakat qilayotgani aytiladi.

Talg‘at Mamirayimovga ko‘ra, qariyb chorak asrdan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Nazarboyev hokimiyatni o‘z vorisiga topshirishga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. U ushbu almashinuv jarayoni silliq va tinch o‘tishini istaydi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.