BBC navigation

Sobiq Tojik bosh vaziri 40 kunga hibs qilingan

Сўнгги янгиланиш 7 феврал 2013 - 13:52 GMT

Sobiq bosh vazir Abdumalik Abdullajonov Tojikistonning Interpolga bergan xalqaro qidiruvi asosida hibsga olingan.

Ukraina poytaxtidagi mahkama bir kun oldin xalqaro aeroportda qo‘lga olingan Tojikistonning sobiq bosh vaziri Abdumalik Abdullajonovni 40 kunga vaqtincha hibs qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Kiyev shahar Borispol tuman mahkamasi vaqtinchalik hibs muddatini 40 kun etib belgilashga qaror qilgan.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, ana shu 40 kunning ichida Tojikiston hukumati Abdumalik Abdullajonovni ekstraditsiya qilish haqida rasman murojaat etishi lozim.

Rasmiy Kiyevga ko‘ra, shu vaqtgacha Tojikistondan bunday so‘rov olgani yo‘q.

Ukraina Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, sobiq bosh vazir Abdumalik Abdullajonov Tojikistonning Interpolga bergan xalqaro qidiruvi asosida hibsga olingan.

Tojikistoning Bosh prokuraturasi janob Abdullajonovni qator ayblovlarda ayblab 2007 yilda Interpol qidiruviga bergani ma‘lum qilingan.

Dushanbedan Abdumalik Abdullajonovni ekstraditsiya qilish so‘rovini Ukraina qondirishga qaror qilsa, sobiq bosh vazir mahkamaga murojaat qilib, bu qaror ustidan shikoyat qilishi yoki Ukrainadan siyosiy boshpana so‘rashi mumkinligi xabar qilingan.

Tojik muxolifati xabar qilishicha, Abdumalik Abdullajonovni ozod etishda ko‘mak so‘rab, diplomatik idoralar hamda xalqaro tashkilotlarga murojaat qilingan.

7 fevral kuni Kiyevda janob Abdullajonovni himoya qilish uchun advokat yollangan.

Tojikiston sobiq bosh vaziri Abdumalik Abdullajonov 5 fevraldan 6 fevralga o‘tar kechasi Kiyevning "Borispol" xalqaro aeroportida hibsga olingan.

Muhojirotdagi Tojikistonning "Vatandor" ijtimoiy-siyosiy harakati rahbari Dodojon Atovulloyevning BBC bilan suhbatda aytishicha, Abdumalik Abdullajonov AQShdan Ukrainaga safar qilish niyatida ekanini ma‘lum qilgan, biroq janob Atovulloyev bu uchrashuvini sobiq Sho‘ro respublikalaridan tashqarida, misol uchun, Olmoniyada tashqil qilish maslahatini bergan.

Biroq Abdumalik Abdullajonov o‘ziga Ukrainada to‘la xavfsizlik kafolatini berishganini aytib yo‘lga chiqqan.

Tojikiston hukumati Interpolga bergan qidiruv so‘rovida Abdumalik Abdullajonovni uyushgan jinoiy guruh tuzish, qonuniy hokimiyatni ag‘darishga urinish va terrorizm bandlarida ayblagan.

Xususan, Tojik hukumati 1998 yilda Xo‘jand shahrida uyushtirilgan polkovnik Mahmud Xudoyberdiyev rahbarligidagi davlat to‘ntarishiga urinish tepasida turganlikda ayblagan.

Tojik muxolifati muhojirlikdagi taniqli siyosatchining qo‘lga olinishini shu yil noyabriga mo‘ljallangan Tojikiston prezidentligiga saylov bilan bog‘lamoqdalar.

Dodojon Atovulloyev so‘zlariga ko‘ra, janob Abdullajonov Tojikistondagi "vazni og‘ir" siyosatchilardan biri.

U 2013 yil noyabr oyiga mo‘ljallangan Tojikistondagi prezidentlik saylovida qatnashish niyatini bildirgan, biroq mamlakatda uzoq vaqt yashamagani bois har qanday muqobil nomzodni dastaklashga rozi bo‘lgan.

Abdumalik Abdullajonov 1992-93 yillarda Tojikiston bosh vaziri lavozimini egallagan.

U 1994 yildagi prezidentlik saylovida joriy Prezident Imomali Rahmonga qarshi o‘z nomzodini ilgari surgan va ancha ovoz to‘plagan.

Shundan keyin Abdumalik Abdullajonov Tojikistonni tark etgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.