BBC navigation

Ozarbayjon prezidenti Akram Aylislini xalq yozuvchisi unvonidan mahrum etdi

Сўнгги янгиланиш 7 феврал 2013 - 15:06 GMT

Akram Aylisli o‘zi va oilasiga bo‘layotgan bosimni Ozarbayjonda so‘nggi 100 yilda kuzatilmagan hodisa, deydi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Akram Aylislini "Ozarbayjon Xalq yozuvchisi" faxriy unvonidan mahrum etish haqidagi farmonni imzolagan.

Ozarbayjon prezidenti farmonida aytilishicha, bunday qarorga Ozarbayjondagi "ko‘p sonli davlat tizimlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning Akram Aylislini "Ozarbayjon Respublikasining "Xalq yozuvchisi" faxriy unvoniga dog‘ tushirgani" haqidagi murojaatlari sabab bo‘lgan.

Ozarbayjonda taniqli ijodkordan faxriy nom olib tashlanishiga uning "Tosh tushlar" deb nomlangan romani sabab bo‘lgan.

Prezident farmonida aytilishicha, Akram Aylisli o‘zining so‘nggi romanida "Ozarbayjon tarixi bilan bog‘liq haqiqatni buzib ko‘rsatib", xalqning yozuvchiga ko‘rsatgan ishonchini suiste‘mol qilgan.

76 yoshli yozuvchini Ozarbayjon rahbari "Prezident shaxsiy pensiyasi"dan ham mahrum qilgan.

"Tosh tushlar" romani yozuvchi tug‘ilib o‘sgan Aylis qishlog‘ining armani va ozari aholisiga bag‘ishlangan.

Romanda SSSR parchalanishi arafasida Aylisda ro‘y bergan hodisalar qalamga olingan.

Akram Aylisli kitoblari yoqildi.

Ozari prezidenti farmoniga ko‘ra, bu romanda Akram Aylisli "Ozarbayjon xalqining antigumanist obrazi"ni chizgan.

Asarda Aylis qishlog‘idagi armanilarning 1919 yilda ommaviy o‘ldirilishi va 1989 yildagi Boku va Sumgait shaharlaridagi armanilarga qarshi amaliyotlar qiyoslangan.

"Tosh tushlar" romani ozari tilidan rus tiliga tarjima qilingan va o‘tgan yili Rossiyadagi "Drujba narodov" jurnalida nashr etilgan.

Roman rus tilida dunyo yuzini ko‘rganidan keyin Akram Aylisli o‘zi va oilasi a‘zolariga nisbatan bosimlar kuchayganidan shikoyat qildi.

U Bokudagi uyi oldida norozilik aktsiyalari uyushtirilayotgani, kitoblari yoqilayotgani va ushbu harakatlar Ozarbayjon hukumatining gijgijlovi bilan bo‘layotganiga shubhalanmasligi haqida aytgan.

Akram Aylisli qator xorijiy mamlakatlar elchixonalari, Ovro‘po Ittifoqi, OXHT va Ovro‘po Kengashiga murojaat qilib, o‘z asari bilan tanishib chiqishni so‘ragan.

U o‘ziga bo‘layotgan bosimni Ozarbayjon jamiyatida so‘nggi 100 yil davomida kuzatilmagan hodisa, deya baholagan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.