BBC navigation

Xitoy O‘zbekistonga temir yo‘l tortishga tayyor

Сўнгги янгиланиш 7 феврал 2013 - 15:23 GMT

Yangi temir orqali Xitoy o‘z molini Markaziy Osiyoga keltiradi va mintaqadan xomashyo mahsulotlari olib chiqadi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi nihoyat amalga oshajagini Qirg‘iziston rasmiylari e‘lon qilishdi.

Yaqinda Pekindan qaytgan Qirg‘iziston Bosh vaziri muovini Tayirbek Sarpashevga ko‘ra, 2 milliard AQSh dollariga tushadigan ushbu temir yo‘lni yotqizish borasida Xitoy mulozimlari ularni ishontirishgan.

Bu borada yozayotgan Qirg‘izistondagi xabar agentliklariga binoan, temir yo‘l qanchalik ish berishini o‘rganish ortidan taraflar amaliy ishga o‘tadilar.

Kelasi bir necha hafta ichida esa mazkur o‘quv-o‘rganuv xulosalari O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlariga taqdim etiladi.

Qirg‘iziston orqali Xitoy va O‘zbekistonni bog‘laydigan temir yo‘lni qurish rejasi ilk bora 1990-yillar o‘rtalarida o‘rtaga tashlangan.

Shinjon-Uyg‘uristonining tarixiy yirik shahri bo‘lmish Qoshg‘ardan boshlanadigan bu yo‘l Qirg‘iziston janubidagi yirik ko‘tara savdo bozori joylashgan Qorasuv shaharchasi yaqinidan o‘tib, O‘zbekistonning Andijon shahridagi temir yo‘lga ulanadi.

Ammo hali yangi temir yo‘l yo‘nalishi uzil-kesil hal bo‘lmagani, xususan, poyezdlar Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdan ham o‘tish yoki o‘tmasligi noma‘lum.

Bu temir yo‘l Xitoy mollarini Markaziy Osiyoga keltirish va mintaqadagi xomashyo mahsulotlarini Xitoyga olib o‘tish uchun muhim sanaladi.

Ham O‘zbekiston, ham Qirg‘iziston tarafi o‘zlarini Xitoydek ulkan iqtisod bilan bog‘laydigan ayni yo‘l qurilishi tashabbusini qo‘llashadi.

G‘arblik kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy so‘nggi yillari o‘z biqinida joylashgan Markaziy Osiyoga shiddat bilan kirib kelmoqda.

Pekin qisqa fursat ichida bir necha milliard dollarlik sarmoyalar kiritib, Qozog‘iston va Turkmanistonga eltadigan neft hamda gaz quvurlarini yotqizdi.

Tojikistonda unumdor yerlarni uzoq muddatga ijaraga olmoqda.

Qirg‘izistonda esa aksar Xitoy mollari sotiladigan "Dordoy" hamda "Qorasuv" bozorlari allaqachon butun mintaqa savdo qiladigan yirik nuqtalarga aylangan.

Ayni damda, Xitoyning kirib kelishiga xavotir va ehtiyotkorlik bilan qarash ham mavjud.

Ayrim iqtisodchilar esa ilgari Rossiyaning paxta bazasi bo‘lgan O‘zbekiston, kelajakda Xitoyning xomashyo bazasiga aylanib qolmasa yaxshi edi, degan xavotirlarni ham bildirishadi.

Qurilajak temir yo‘l esa Xitoyni temir yo‘l orqali Fors ko‘rfazi va kelajakda Afg‘oniston tinchisa, hatto janubiy Osiyo bozorlariga olib chiqadigan muhim yo‘lakka aylanadi.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.