BBC navigation

"AQSh josuslik xizmati va O‘zbekiston hamkorlik qilgan"

Сўнгги янгиланиш 7 феврал 2013 - 11:47 GMT

AQSh josuslari terrorda gumon qilingan o‘nlarcha mahbusni Toshkentda tergov qilishgani aytilmoqda

Amerika "Ochiq Jamiyat" instituti tayyorlagan 216 sahifali hisobot 2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyingi AQSh josuslik xizmatlari va 54 mamlakat orasida kechgan maxfiy hamkorlik borasidagi tafsilotlarni oshkor etadi.

Bular orasida Eron va sobiq ittifoq davlatlaridan faqat Litva hamda O‘zbekiston bor.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston bu hamkorlik davomida o‘z qamoqxonalari va havo qo‘nalg‘alaridan foydalanishga ruxsat bergan.

AQSh Markaziy Josuslik Xizmati mahbuslarga nisbatan qo‘llaydigan tergov usullarini inson huquqlari faollari qiynoqqa tenglashtirishadi.

Hisobotga ko‘ra, Markaziy Josuslik Xizmati shu bois ham qiynoq keng qo‘llanadigan mamlakatlarni tanlagan bo‘lishi mumkin.

Shu asno al-Qoida tarmog‘iga aloqadorlik yoki terror harakatlariga oid ayblarga yuz tutgan 130 nafardan ziyod insonni ayni mamlakatlarga olib borishgan.

Nyu-York Tayms nashri hali 8 yil oldin sobiq josuslik zobitlari so‘zlariga tayangan holda, terrorda ayblangan odamlarning tergov uchun O‘zbekistonga jo‘natilgani haqida yozgandi.

So‘nggi hisobotga binoan, Markaziy Josuslik Xizmati bu borada izoh berishdan bosh tortgan, ammo razvedka xodimi o‘nlarcha odam Toshkentga tergov uchun jo‘natilgani haqida bildirgan.

2009 yili esa Buyuk Britaniyadan boshpana so‘ragan sobiq o‘zbek josusi ham bu boradagi xabarlarni tasdiqlagandi.

Keyinchalik, BMT hisobotida ham Markaziy Josuslik Xizmati va Blackwater xususiy xavfsizlik shirkati orasida maxsus shartnoma imzolangani eslatiladi.

Mazkur shartnomaga muvofiq, Blackwater shirkati Guantanamodagi terrorda gumon qilingan odamlarni tergov qilish uchun Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekistondagi maxfiy hibsxonalarga olib borgan.

Ammo O‘zbekiston va qator boshqa mamlakatlarda tergov qilingan barcha insonlar taqdiri borasida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Ayni damda, Buyuk Britaniya, Olmoniya va Italiya kabi G‘arbiy Ovro‘po mamlakatlari ham AQSh josuslik xizmatlariga madad berishgan.

Har vaqt ochiqdan-ochiq askilamerika mavqeida bo‘lib kelgan Eron ham 2011 yil 11 sentyabr hujumlaridan keyin o‘z hududida al-Qoidaga aloqadorlikda ayblangan odamlarni ushlab, o‘z vaqtida AQSh ishg‘oli ostida bo‘lgan Afg‘oniistonga topshirgan.

----------------------------------------------------------------------------------------------

Aziz O‘quvchi!

BBC O‘zbek xizmati Sizning fikr va mulohazalaringizga ham o‘rin beradi.

Sahifamizdagi har bir xabar, audio-video materiallar, suratlar va barcha mavzularga doir fikrlaringizni maxsus formadan foydalanib bizga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, uzbek@bbc.co.uk elektron pochtamizga maktub yozing.

Biz va dunyo bo‘ylab o‘quvchilarimiz bilan o‘z hikoyalaringiz, suratlar hamda audio-video materiallaringizni baham ko‘ring.

BBC maktublarni tahrir qilish huquqiga ega.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.